Nishotiy hayoti va ijodi.Muhammadniyoz Nishotiy XVIII asr o‘zbek adabiyotining Xorazmdagi ko‘zga ko‘ringan, iste’dodli vakillaridan biridir. Uning eng yirik asari “Husnu Dil” dostonidir. U 1778 yilda Buxoroda yozilgan. Asarning yozilish tarixiga oid ba’zi fikrlar dostonning kirish va xotimasida berilgan. Unda e’tirof etilishicha, bir do‘stining maslahati bilan besh oyda yozilgan ekan.
Baytki taxminan erur etti yuz,
Etti mingu to‘qson iki bo‘ldi tuz.
Kisvati nasr ila bo‘lub ziynati,
Yona arab lafzi edi xil’ati.
Rum eli ham nasr ila onga nigor,
O‘z tilidin etkon ekon ixtiyor.
Dedi mungo nazm duri birla zeb,
Bergil, ulusdin olib avval shikeb.
Bo‘yla degoch fotiha qildim talab,
Tutgum o‘zimga neki erdi taab.
Qildim oni nazm qilurg‘a qiyom,
O‘tti mashaqqat bila besh oy tamom.
Yuqorida shoirning o‘zi ta’kidlaganidek, Husn va Dil sarguzashtining syujeti Sharq adabiyotida mashhur bo‘lib, fors-tojik, arab, turk tillarida bir qancha nasriy asarlar yozilgan.
XV asr fors-tojik adabiyotining yirik vakili Fattohiy Nishopuriy "Hikoyati Husnu Dil" asarini yozgan.
XVI asr oxirida Mushfiqiy shu syujet asosida "Gulzori Eram" asarini yaratdi. Bundan tashqari, Ali Ohiy, Shayx g‘oliblar ham shu mavzuda asarlar yaratishgan.Bularning har biri o‘zicha yangi, mazmun-g‘oya jihatidan ham, badiiylik jihatidan ham mustaqil asarlardir.
"Husnu Dil" mazmun va tuzilish jihatdan ancha murakkab. Shoirning o‘zi e’tirof etganidek, doston 15584 misradan, 62 bobdan iborat.Dastlabki boblar kirishni o‘z ichiga oladi. 6- bobda shoir o‘zining musofirchilikdagi g‘arib hayotini aks ettiradi. 7-bobda dostonning yozilish sabablari haqida so‘zlaydi.8-bobda so‘z qudrati borasida fikrlarini bildiradi. 9-bobda esa, "besh xazina" - "Xamsa" yaratgan ustoz shoirlar Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Jomiy va Navoiylarning so‘z mulkidagi ulug‘ xizmatlari e’tirof etiladi.
Shoirning dostonda keltirilgan ayrim fikrlaridan "Xamsa"navis ustozlarga ehtiromini his etamiz.Nishotiy ham "Xamsa" yaratishni niyat qilgan. Besh dostondan iborat "Xamsa" mualliflar soni ham beshta bo‘lishini orzulagan. "Husnu Dil" asarini dastlabki doston sifatida yaratgan.
10-bobda shoirning qalamga murojaati beriladi. 11- bobdan boshlab dostonning asosiy qismi boshlanadi. Har bir bobda avval qisqa nasriy mundarija berilib, keyin she’riy mazmun bayon etiladi. Doston syujetini, shoir g‘oyalarini mukammallashtirish maqsadida asar tarkibiga: 1. "Shahboz va Bulbul"; 2. "Gul va Daf"; 3. "Nay va Naxl"; 4. "Kosai Chin va Nargis"; "Binafsha va Chang" nomli beshta munozara va lirik chekinishlar ham kiritilgan.
Shoirning butun maqsad va g‘oyalari Husn va Dilning ishqiy sarguzashtlari dramasi zaminiga singdirilgan.
Shoir voqealar bayonida sof muhabbatni, yaxshi insoniy fazilatlarni kuylaydi. Sevishganlar dahshatli voqealarni boshdan kechiradilar. Maqsad yo‘lidagi to‘siqlarni sabr-bardosh va kurash bilan engib tinchlik, birdamlik, mehr-oqibat, muhabbat, baxt tantanasiga erishadilar. Bu doston uzoq yillar insoniy muhabbatni kuylovchi, markazlashgan davlatni quvvatlovchi asar deb baholanib kelindi. Bu fikr to‘g‘ri. Ammo, faqat shu bilan cheklansak, shoir nuqtai nazarini to‘liq anglamagan bo‘lamiz. Dostonning mohiyatiga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, uning mafkuraviy miqyosi kengroq ekanligini tushunamiz.
"Husnu Dil"da shoir ham majoziy, ham haqiqiy ishq tilsimlarini so‘zlashga erishadi. Asardan Xos va Avom barobar manfaat topadi. Tasavvuf ta’limotining bosh g‘oyasi –Olloh diydoriga etish.Asarda bu yo‘l badiiy obrazlar vositasida bayon etiladi.Bu esa o‘z navbatida murakkab nazariy ma’lumotlarni tushunishni osonlashtiradi.Buni Nishotiyning o‘zi ham e’tirof etadi.
Demak, shoir o‘zi ta’kidlaganidek, doston tasavvuf ta’limoti g‘oyalarini ham targ‘ib etuvchi asardir. Donishmandlarimiz tasavvuf o‘zidan o‘lib, o‘zi birla tirilish yo‘lidir, deyishgan. Bu inson o‘zligini anglashi, o‘zligini topishi uchun nafsoniy intilishlarni, vujudiy qafaslarni sindirib borishi kerak, demakdir. Inson ana shundagina g‘olib keladi. Kamolotga erishadi. Barkamollik esa kishini mo‘‘tabar martabaga ko‘taradi.
Barkamollik - nafsoniy havaslarni engish yo‘li. Bu esa engil ish emas. Uning uchun kishida ulkan jasorat, qanoat, iroda, sabr, intilish va intihosiz ishq mavjud bo‘lishi kerak. Shundagina mashaqqatli yo‘lni engib o‘tib, oliy maqsadga etish mumkin. Nishotiy ana shu kamolotga erishish bosqichlarini voqealar rivoji orqali ifodalashga harakat qilgan. Bosh obraz Fuodning Husn diydoriga etishguncha boshidan kechirgan mashaqqatli sarguzashtlari dostonning asosiy g‘oyasiga xizmat ettirilgan. Hatto, «Husnu Dil» timsollarining nomlanishi ham chuqur mazmunga ega. Ular majmuini yaxlit bir jism deb qarashimiz mumkin. Masalan, Fuod (arabcha-ko‘ngil)- ko‘ngilning "Qal’ai jism"da yashashi, Husnning "Qal’ai diydor"da yashashi. Ko‘ngilga tushgan ishq-muhabbatning husnga, diydorga erishguncha orada turgan to‘siqlar, iztiroblar – bularning hammasi ramziy ma’nolarni anglatishi o‘z-o‘zidan ayon ko‘rinib turibdi. Aql, Husn, Ishq, Dil, Nazar, Himmat, Sabr, Vafo, Xayol, g‘amza, Raqib, Nomus va boshqa obrazlar nomlanishida ham buni sezish mumkin. Dostondagi "Obi hayot" obrazi ham ramziy ma’no kasb etadi. Abadiy hayot baxsh etuvchi suv "Shahri diydor"da. Qachonki, zahmatlarni engib Diydorga erishgandagina abadiylikka muyassar bo‘lish mumkin:
Ya’ni qaro qayg‘ug‘a qilg‘on sabot,
Topg‘usidur istasa obi hayot...
Nishotiyning mahorati faqat doston syujetidagi ko‘pma’nolilikda, teranlikda emas, balki asarning badiiy barkamolligida ham ko‘zga tashlanadi. Ko‘plab she’riy san’atlardan mohirona foydalanadi. Xalqona, hikmatomuz iboralarni, maqollarni o‘rinli ishlatadi. Tabiatdan takrorlanmas, yangi o‘xshatishlar topadi. Tazod, husni ta’lil, tashbex, mubolag‘a san’atlarining nodir namunalarini yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |