Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi. YUnoncha sophia – donishmandlik, anthropos – inson va logos – ta’limot so’zlaridan kelib chiqqan «falsafiy antropologiya» atamasi etimologik jihatdan inson haqidagi falsafiy ta’limotni anglatadi. Falsafiy antropologiya insonning alohida borliq manbai sifatida kelib chiqishi, tadrijiy rivojlanishi va mavjudligining o’ziga xos xususiyatlariga doir falsafiy qarashlarni aks ettiradi.
YUqorida qayd etilganidek, inson haqidagi falsafiy ta’limotlar qadimda vujudga kelgan va butun falsafa tarixi orqali o’tadi. Konfutsiy, Suqrot, Geraklit, stoiklar, kiniklar, Avgustin, Foma, Forobiy, Ibn Sino, A.Navoiy, A.Jomiy, Dekart, Russo, Kant, Feyerbax, Nitsshe va boshqalar insonning falsafiy, nazariy obrazini yaratib, falsafiy antropologiya falsafiy bilimning mustaqil bo’limi sifatida vujudga kelishi uchun zamin hozirladi.
SHu ma’noda falsafiy antropologiyaning ilk ildizlariga XVIII asr fransuz materialistlarining asarlarida duch kelish mumkin. Ammo Kant, shuningdek, insonning mohiyati muammosini falsafaning «birdan-bir, universal va oliy» predmeti darajasiga ko’taruvchi antropologik tamoyillarni falsafaga kiritgan va asoslab bergan Feyerbax sa’y-harakatlari bilan falsafiy antropologiya mustaqil falsafiy fan sifatida shakllana boshladi.
Falsafiy antropologiya XX asrning 20-yillarida asosan M.SHeler, A.Gelen, X.Plesner asarlari ta’sirida uzil-kesil vujudga keldi. Xususan, M.SHelerning «Insonning kosmosdagi o’rni» asarida inson haqida fundamental fan yaratish lozimligi qayd etiladi va uni falsafiy bilish dasturi taklif qilinadi. Muallif fikriga ko’ra, insonni yaxlit falsafiy bilish inson borlig’ining turli jabhalariga nisbatan olingan muayyan ilmiy natijalar bilan birikishi lozim.
M.SHeler falsafiy antropologiya insonning yaxlit konsepsiyasini yaratib, uni muayyan ilmiy, falsafiy va diniy jihatdan anglab etishda birlashtiruvchi rol o’ynashi lozim, deb hisoblaydi. U «Falsafiy antropologiyaning vazifasi insonning barcha o’ziga xos monopoliyalari, ishlari va amallari: til, vijdon, asboblar, qurol... davlat, rahbarlik, mif, din, fan... inson borlig’ining asosiy strukturasidan qanday kelib chiqishini aniq ko’rsatib berishdan iboratdir»1, deb qayd etadi.
Maks SHeler o’zining bir qator asarlarida G’arbiy Evropa madaniyatining rivojlanish jarayoni inqirozga yuz tutganligini qayd etadi va bu holatdan chiqish yo’llarini topishga harakat qiladi.
Jamiyat inqirozi, ijtimoiy qarama-qarshiliklar va boshqa ziddiyatlarni M.SHeler inson, uning shaxsiyati inqirozining alomatlari deb hisoblaydi. U inson shu paytgacha (XX asrgacha) hali hech qachon bu darajada «muammoli» bo’lmaganligini ta’kidlaydi. Buning asosiy sababini SHeler insonni o’rganish antropologik tafakkurning bir-biri bilan uncha bog’liq bo’lmagan turli yo’nalishlari – teologik, falsafiy, tabiiy-ilmiy antropologiya doirasida amalga oshirilishida ko’radi. Masalan, teologik antropologiya insonni faqat iudeycha-xristiancha an’analar nuqtai nazaridan o’rganadi. Falsafiy antropologiya asosiy e’tiborni insonning o’zligini o’rganishga qaratadi, tabiiy-ilmiy antropologiya (tabiatshunoslikning barcha tarmoqlari va genetik psixologiya) esa faqat Er rivojlanishining eng so’nggi mahsuli sifatidagi, hayvonot dunyosidagi o’zidan oldingi shakllardan energiya va qobiliyatlar birikmasining murakkablik darajasi bilangina farq qiluvchi mavjudot sifatidagi inson haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Inson muammosini o’rganish jarayonida uni antropologiya fanining turli tarmoqlari bilan bog’lash, uning qaysidir xulosalarini mutlaqlashtirish M.SHelerga xos emas. U Evropa falsafasini I.Kant tomonidan qo’yilgan, butun falsafiy bilimni sintezlovchi xususiyatga ega bo’lgan «Inson nima?», degan savolni unutganlikda ayblaydi. Inson haqidagi sintezlovchi ta’limotning yo’qligi, M.SHeler fikriga ko’ra, inson borlig’ining beqarorligini belgilaydi. SHu tufayli ham u inson borlig’ining turli sohalarini konkret o’rganishni uni falsafiy nuqtai nazardan yaxlit anglab etish bilan birlashtirishga qodir bo’lgan insonshunoslik ilmiy tizimi – falsafiy antropologiyani yaratish zarur, deb hisoblagan.
M.SHeler fikriga ko’ra, falsafiy antropologiyaning vazifasi inson borlig’i strukturasidan insonning barcha ishlari va amallari, shu jumladan til, fan, mif, san’at, din, jamiyat, davlat, tarix, g’oyalar, vijdon va insonni tavsiflovchi boshqa omillar qanday kelib chiqishini ko’rsatib berishdan iborat. SHu nuqtai nazardan inson falsafasi barcha fanlar fani maqomini kasb etadi.
M.SHeler falsafiy antropologiyaning predmetiga ta’rif beradi. Uning fikricha, falsafiy antropologiya – bu inson mohiyati va uning strukturasi haqidagi fandir.
M.SHeler G’arbiy Evropa jamiyatini axloqiy, falsafiy va diniy qadriyatlar odamlar uchun ikkinchi darajali ahamiyat kasb etayotgani uchun tanqid qiladi va ularga bu qadriyatlarni birinchi o’ringa qo’yishni tavsiya etadi. Jamiyatni chulg’ab olgan inqirozdan chiqish yo’lini M.SHeler aynan shunda ko’radi.
SHunday qilib, inson ongli mavjudot sifatida M.SHeler falsafasida markaziy o’rinni egallaydi, inson borlig’ining asosiy tamoyillari sifatida qudratli, biroq kelajakni oldindan ko’rolmaydigan yashashga intilish, hamma narsani anglab eta oladigan, ammo hayotni belgilashga ojiz bo’lgan ong amal qiladi.
SHeler ta’limoti hayot falsafasi va ekzistensializmning rivojlanishiga ancha kuchli ta’sir ko’rsatdi. Uning negizida keyinchalik alohida falsafiy-antropologik ta’limotlar – biologik, psixologik, madaniy, diniy va boshqa nazariyalar vujudga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |