Tayanch tushunchalar.
“Princip” lotincha so‘z bo‘lib asos qoida, talab singari ma’nolarni ifodalaydi. “O‘qitish tamoyili” deganda dars samaradorligini ta’minlash, ta’lim jarayonini tashkil etish, uyushtirishga qo‘yilgan asosiy talablar qoidalar tushuniladi.
Ona tili o‘qitishda ta’lim, tarbiya va rivojlantirishning uyg‘unligi tamoyili.
Ta’lim, tarbiya va rivojlanish-bir butun jarayon. Ulani bir-biridan ajratgan holda alohida-alohida yoki darsning muayyan bir bosqichida birin-ketinlik bilan amalaga oshirib bo‘lmaydi. Ular til hodisalarini o‘rganishar ekan, ayni vaqtda shu jarayonda ularga tarbiya beriladi, shaxsi rivojlantiriladi. Ma’rifiy matnlar ta’lim tarbiya va rivojlantirishni ta’minlovchi muhim vositadir.
Ona tili o‘qitishda ilmiylik va tushunarlilik tamoyili.
Maktab ona tili darsliklarida ilmiylikni tushunarlilikni ta’minlash uchun quyidagilarni hisobga olish lozim:
-fanda ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan, ilmiy jihatdan asoslangan maktab atamalarini ishlatish; har bir tushuncha va atamaning ma’nosini atroflicha ochish; ularni bolalarning puxta o‘zlashtirishlarini ta’minlash uchun etarli miqdorda asosli materiallar bilan tahlil qilish;
-o‘rganilayotgan o‘quv materialining oldin o‘rganilgan mavzular bilan bog‘liqligiga amal qilish, bolalarni keyingi mavzularni o‘zlashtirishga tayyorlash, til asoslari, tushunchalarni o‘zaro chog‘ishtirib o‘rganish;
-ona tili ta’limida grammatizmga yo‘l qo‘ymaslik, o‘quv materialini bolalarga mustaqil va ijodiy fikrlashga o‘rgatish;
-o‘quv topshiriqlarini o‘quvchilarning ruhiy (psixologik) xususiyatlari va imkoniyatlariga mo‘ljallab tanlash.
Ona tili o‘qitishda onglilik, faollik va mustaqillik tamoyillari.
Ona tili materiallarining ongli o‘zlashtirilishini ta’minlash o‘qituvchi oldiga qator talablar qo‘yadi. Bu talablar:
a) o‘quv materialining bolalar yosh xususiyati va bilim saviyasiga mos tushishi, ularning o‘quv imkoniyatlariga to‘g‘ri kelishi;
b) o‘rganiladigan materialni o‘rganilgan matreriallar bilan uzviy bog‘lash;
s) grammatika tushunchalar yuzasidan bolalar fikrlash faoliyatini yuzaga keltirish; zaruriyat tug‘ilganda ana shu tushunchalarni qisqa va tushunarli izohlash;
d) misollarning aniq va hayotiy bo‘lishi, o‘quvchilar topgan misollardan unumli foydalanish;
e) mashqlarning qiziqarliligi va xilma-xilligiga erishish;
f) darsni ma’lum bir sistemada olib borish.
Do'stlaringiz bilan baham: |