18-modda. Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish
Daromadlar va xarajatlar to’langan vaqti va pul kelib tushgan sanadan qat’i nazar, qaysi davrga taalluqli bo’lsa, o’sha hisobot davrida buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq aks ettiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisoboti Milliy standarti (1-sonli BHMS) «Hisob siyosati va moliyaviy hisobot» (ro’yxat raqami 474, 14.08.1998 y.) va O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi Milliy standarti (2-sonli BHMS) «Asosiy xo’jalik faoliyatidan tushgan daromadlar» (ro’yxat raqami 483, 26.08.1998 y.).
O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining ijrosi bo’yicha daromadlar va xarajatlar byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aks ettiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O’zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining VIII bo’limi («Byudjet hisobi va hisoboti».
LexUZ sharhi
SHuningdek, qo’shimcha ma’lumot uchun qarang: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risida»gi nizom.
19-modda. Xususiy kapitalni hisobga olish
Xususiy kapital ustav fondidan (ustav kapitalidan), qo’shilgan, zaxira kapitalidan va taqsimlanmagan foydadan tarkib topadi.
Ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlarida belgilangan hissalarning (pulda ifodalangan holdagi) yig’indisini aks ettiradi. Ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalar shaklida kiritiladigan moddiy va nomoddiy aktivlar ta’sischilar (ishtirokchilar) o’rtasidagi kelishuvga ko’ra baholanadi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak.
Qo’shilgan kapital aksiyalarni nominal qiymatidan baland narxlarda dastlabki sotishdan olinadigan emissiya daromadini, shuningdek ekvivalenti chet el valyutasida ifodalangan ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish jarayonida yuzaga keladigan kurs farqini aks ettiradi.
Zaxira kapitali uzoq muddatli aktivlarni qayta baholashda hosil bo’ladigan inflyatsiya zaxiralarini, qonun hujjatlarida va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlarda sof foydadan ajratmalarni, shuningdek tekinga olingan mol-mulkning qiymatini aks ettiradi.
Taqsimlanmagan foyda foydaning jamg’arilayotganligini ifodalaydi va mulkdorlarning qaroriga binoan ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo’shilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining Milliy standarti (21-sonli BHMS) «Xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning moliya-xo’jalik faoliyati buxgalteriya hisobi hisobotlar rejasi va uni qo’llash bo’yicha yo’riqnoma»ning (ro’yxat raqami 1181, 23.10.2002 y.) 2-ilovasi to’rtinchi qismi, O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi Milliy standarti (14-sonli BHMS) «Xususiy kapital to’g’risida hisobot» (ro’yxat raqami 1335, 07.04.2004 y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |