3. Korxonalarda yillik ishlab chiqarish biznes-rejasi va korxonalar faoliyatini prognozlash.
Korxonaning yillik rejalari uning aniq kalendar yilidagi taraqqiyoti dasturi bo‘lib, shu yil uchun berilgan davlat buyurtmalari hamda korxonaning mahsulot ishlab chiqarish va sotish reja ko‘rsatkichlariga asosan tuziladi. Yillik rejada istiqbol rejaning shu kalendar yilga mo‘ljallangan ko‘rsatkichlari aniqlashtiriladi, avval ko‘zda tutilmagan va rejaning muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minlashga yordam beradigan qo‘shimcha tadbirlar belgilanadi.
Bozor munosabatlari sharoitida qishloq xo’jaligi korxonalarida moliyaviy rejalashtirish tizimi va undan foydalanish ham muhimdir. Sobiq ittifoq davrida rejalashtirish ma’muriy usulda qabul qilingan bo‘lib, asosan davlat fondi uchun mahsulot ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarishga yo‘naltirilgan edi va unda bozor munosabatlari sharoitida eng muhim bo‘lgan ko‘rsatkich – foyda asosiy maqsad qilib qo‘yilmas edi. Sobiq ittifoq davridagi ma’muriy rejalashtirish tizimida korxonalar zararga bo‘lsa ham davlat buyurtmalarini bajarishga majbur qilinar va ko‘radigan zararlari yuqori tashkilotlar tomonidan qoplanardi. Bunday sharoitlarda rejalashtirish tizimi ham asosan davlat buyurtmalarini bajarishga yo‘naltirilib, ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari hamda moliyaviy va investitsion faoliyatdan olinadigan daromadlar, pul oqimlari kabi muhim sohalar rejalarda o‘z aksini topmagan. Shu munosabat bilan hozirgi kunda korxonalar faoliyatini moliyaviy rejalashtirish tizimidan keng foydalanish korxonalarning daromadlari va xarajatlarini to‘g‘ri rejalashtirish va barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Moliyaviy rejalashtirish – muayyan muddat uchun moliyaviy resurslar harakatini va tegishli moliyaviy munosabatlar tizimini asoslashdan iborat jarayondir. Qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatini moliyaviy rejalashtirishning asosiy vazifasi har bir xo‘jalikning pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojini, daromadlar hamda xarajatlar hajmi va tarkibini rejalashtirishdan iborat.
Korxonalar moliyaviy faoliyatini boshqarish mexanizmining asosini moliyaviy rejalashtirish tashkil etadi. Moliyaviy rejalashtirish o‘zida korxonalar rivojlanishini zaruriy moliyaviy resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha me’yoriy reja ko‘rsatkichlarini va joriy moliya yili hamda istiqboldagi moliyaviy faoliyatining samarali rivojlantirish yo‘nalishlarini aks ettiradi. Moliyaviy rejalashtirishning barcha tizimi o‘zaro aloqada bo‘lib, ulardan aniq ketma-ketlikda foydalaniladi.
Moliyaviy faoliyatni joriy rejalashtirish tizimi ishlab chiqilgan strategiya va moliyaviy faoliyatning alohida jihatlari bo‘yicha moliyaviy siyosat negizida amalga oshiriladi. Bu rejalashtirish tizimining vazifasi joriy moliyaviy rejaning aniq shakllarini ishlab chiqishdan, korxona rivojlanishi oldida turgan barcha moliyalashtirish manbalarini aniqlashdan, daromadlar va xarajatlar tarkibini aniqlashtirishdan, korxonaning doimiy to‘lovga qobilligini ta’minlashdan, rejalashtirilgan davrda uning aktivlari va kapitallari tarkibini optimallashtirishdan iboratdir.
Basharotlash – bu, korxona, obyekt yoki hodisaning kelajakdagi ahvoli va ularni amalga oshirish variantlari va muddati to’g’risidagi ilmiy jihatdan asoslangan ko’rsatkichlardir. Bashoratlarni ishlab chiqish jarayoni bashorat qilish, ya’ni kelajakni hozirgi paytdan kelib chiqqan holda oldindan ko’ra bilish deb ataladi. Korxona hamda butun iqtisodiyot miqyosida bashorat qilishning obyektlari
sifatida iqtisodiy, ijtimoiy, fan-texnika va boshqa jarayon va hodisalarni ko’rsatish
mumkin. Korxonalar faoliyatida iqtisodiy bashoratlar alohida va yetakchi o’rin
egallaydi. Ularning asosiy vazifalari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
rivojlanish maqsadlarini belgilash, optimal yo’nalishlar va ularga erishish vositalarini izlab topish, resurslarni va qo’yilgan vazifalarni bajarish muddatlarini belgilash, korxona rivojlanishiga ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan cheklashlarni aniqlash.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o‘z aksini topadi: ishlab chiqarish va korxona iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish - o‘rta va uzoq muddatli bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish - qisqa muddatli bashoratlar asosida ishlab chiqiladi. Bu yo‘nalishlarning ikkalasi ham o‘zaro uzviy aloqada bo‘lib, ishlab chiqarish strategiyasini fan-texnika taraqqiyoti va hayotning real voqeligi bilan bog‘laydi.
Bashoratning maqsadi - bozorga ta’sir qiluvchi omillarni, shu bilan birga, xo‘jalikning umumiy ahvoli, tuzilmaviy siljishlar, investitsion faollik, fan-texnika taraqqiyotining iste’molchi va ishlab chiqaruvchilarga ta’sir ko‘rsatishi, an’anaviy mahsulotlardan tashqari korxonaning barqarorligi va raqobatbardoshligiga olib keluvchi yangi mahsulot ishlab chiqarish istiqbolida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarini belgilashdadir. Korxonalar uchun talabni prognozlashtirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va miqdorining o‘zgarishini avvaldan aniqlab beradi. Umuman olganda, prognoz rejalashtirishning ilmiy asosidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |