Motiv va motivatsiya muammosi Sharq mutafakkirlari talqinida
Buyuk ajdodlarimiz shaxslararo munosabatlar masalasiga alohida ahamiyat berganlar va ularni keltirib chiqaruvchi hamda keyinchalik harakatlantiruvchi motivlar, motivatsiyalar to‘g‘risida ibratli fikrlarni bildirganlar. Xuddi shu sababdan yurtimiz kadim-kadim zamonlardanoq SHarqning ma’naviyat beshigi ekanligini ikki daryo (Jayhun va Sayhun) oraligidagi aqlni lol qoldiradigan obidalarimiz, davrlar to‘fonlari sinovidan o‘tgan qadriyatlarimiz buyuk allomalarimiz yaratgan qomusiy kashfiyotlar fikrimizni to‘liq isbotlaydi.
O‘zbekiston moziyda tabiat va jamiyatning murakkab qonunlari hamda qonuniyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan noyob, betakror qobiliyat, iste’dod, yuksak salohiyat egalari bo‘lgan ko‘plab ulug‘ Hazrati insonlarni kamol toptirgan, taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuchlarni etishtirgan.
Hozirgi davrda ham o‘zbek xalqining ana shunday toifadagi iqtidorli farzandlari oz emas, ular O‘zbekistonning buyuk kelajagini yaratishda. taraqqiy etgan demokratik huquqiy va fuqaroviy davlat barpo etishda o‘zlarini munosib, salmoqli hissalarini ko‘shadilar.
Bizningcha, tabiatning in’omi, mahsuli, ne’mati hisoblanmish insoniy iste’dod ayni vaqtda jamiyatning ham bebaho boyligidir. Faqat rivojlangan, yuksak taraqqiyot yo‘lini tutgan jamiyatgina iste’dodni asrab-avaylab, uning namoyon bo‘lishi uchun zarur moddiy, ma’naviy shart-sharoitlarni yaratadi, xolos.
O‘tmishda mamlakatimizning umuman Sharq madaniyatining, ma’naviyatining nisbatan tez yuksalishida va jahonshumul ahamiyat qozonishida iste’dodli insonlarning, jumladan olimlar, adabiyot, san’at, fan namoyandalarining ulkan hissasi borligi to‘g‘risida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Movarounnahr fani va madaniyatini jahonshumul darajaga olib chikqan ulug‘ vatandoshlarimiz Abu Nasr Forobiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Axmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayxon Beruniy, Ali Hakim Termiziy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Bobur kabilar betakror insoniy zakovat va iste’dod egalari bo‘lganlar.
Xulq, muomala, faoliyat motivlari va motivatsiyasi muammosini ular qilganda aksariyat hollarda o‘qituvchi va o‘quvchi (shogird) munosabatidan kelib chiqqan holda yondashadilar. Ularning talqiniga binoan, ichki turtkilarni aniqlovchi va harakatga keltiruvchi, muhim omiliy xususiyat etuvchi ulug‘ zot o‘qituvchi hisoblanadi. Modomiki shunday ekan, anglanilgan motivlarni va shaxsiy motivatsiyani vujudga keltiruvchi, ularni barqarorlashtiruvchi inson xuddi shu ustozdir. Anglanilmagan motivlar, motivatsiyalar tabiiy ravishda namoyon bo‘ladi va shaxsni u yoki bu faoliyatni oshirishga undaydi. SHuning uchun o‘qituvchining kasbiy mahorati nozikligi, mas’uliyatliligi, murakkabligi, sharafliligi bilan uning shaxsiy fazilatlari, xislatlari, sifatlari xususiyatlari yuzasidan qarashlar O‘rta Osiyo mutafakkirlarining tadqiqotlarida muhim joy egallagan. Quyida bir qator allomalarning ushbu muammoga bag‘ishlangan fikr va mulohazalariga sharh berishga harakat qilamiz.
Ilm - davr iqbolidir. Ilmning inson hayoti va faoliyatidagi ahamiyati to‘g‘risida Abu Rayhon Beruniy shunday deb yozadi: "Ilmlar ko‘pdir. Ular zamon iqboli bo‘lib, turli fikr va xotiralar ularga qo‘shilib borsa, ko‘payadi. Odamlarning ilmlarga rag‘bat qilishi ilmlarni va ilm ahllarini hurmatlashi o‘sha iqbolning belgisidir. Ayniqsa, hukmron kishilarning ilm ahlini hurmat kilishi turli ilmlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Chunki hukmronning shunday qilishi kishilarning, dunyoning zarur ishlari bilan ovora bo‘lib kolgan qalblarini turli ilmlar uchun bo‘shatib qo‘yadi. Demak, odamlarning qalbi buni sezishi uchun yaratilgandir".
Beruniy yirik qomusiy olim bo‘lib, zamonasida o‘ziga tenglashadigan olimni uchratmagan. Olim dunyoqarashining kengligi, ilmiy kiziqishlari fanning g‘alabasi uchun tinimsiz kurashi uning nomiga abadiylik muhrini bosgan.
Sharqning buyuk allomalaridan biri - bu Abu Nasr Forobiydir. Forobiy asarlarining aksariyati ta’lim, falsafa, bilimlarni o‘zlashtirishning fiziologik va psixologik asoslarini nazariy jihatdan o‘rganishga qaratilgandir. Uning fikricha, sezgi organlari, shuningdek, yurak, miya inson tug‘ilgan paytdan mavjud bo‘ladi. Boshqa hamma narsalar aqliy va axloqiy xususiyatlar, xarakter xislatlari, bilim insonning o‘z faoliyati mobaynida yuzaga keladi.
Forobiyning yana bir buyuk xizmati shundaki, u insonlarning baxtli va to‘g‘ri yashashini uqtiradi, bilimlarni egallashga undaydi. "Bu dunyoda, - deb yozadi Forobiy, — inson insonlik va aql talablariga mos yashashi hamda real jismoniy insoniy baxt-saodatga erishishi kerak. Ana shunda undan kelajak avloddarga yaxshi xotira qoladi va u kelgusi avlodlar xotirasida yaxshi odam, fozil etuk kishi timsoli sifatida abadiy yashaydi. Agarda kishi o‘zining jismoniy qobiliyatlarini, tabiatini mehnat, ta’lim-tarbiya, hunar egallash orqali takomillashtirmasa, undan kelgusi avlodlarga yomon, johil kishi degan xotira qoladi va u kishilar xotirasidan o‘chib, yo‘q bo‘lib ketadi, bu juda katta baxtsizlikdir".
Forobiyning ko‘p sonli risolalarida, jumladan, "Fanlarning ta’rifi va tasnifi hakida kitob", "Hajm va miqdor to‘g‘risida kitob", "Ideal shahar aholisi qarashlari to‘g‘risida kitob" va qator boshqa asarlarida olam to‘g‘risidagi umumiy manzara, tabiiy hodisalar aloqadorligi, jonsiz va jonli tabiat, jumladan inson hayoti, shaxslararo munosabati, muomala maromi hamda ularning motivatsiyasi hakida fikr yuritadi. Ammo shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish joizki, uning tabiiy-ilmiy qarashlari o‘sha davrda mavjud bo‘lgan falsafiy muammolar tana va ruh, materiya, harakat, fazo va vaqt, harakat manbai, sabab va oqibat, imkoniyat va voqelik hamda fiziologik, psixologik jarayonlar to‘g‘risidagi tasavvurlar bilan omixtalashib ketgandir. Shunisi dikqatga sazovorki, Forobiy mukammallik mezoni deb mashhurlik yoki nasl-nasabni emas, balki nazariy va amaliy fazilatlarni bilish bilan hamda bu fazilatlarni qulay an’anaviy metodlardan foydalanib keng jamoatchilikka o‘rgatish qobiliyati bilan belgilanadigan muayyan san’atdagi (kasb) e’tiborlikni tushunadi.
Muallifning ijtimoiy hayotda muallimning (ustozning) o‘rni, ahamiyati va uning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi ibratli fikrlari qiymati beqiyosdir. Uning mulohazasicha, ustozning vazifasi dono davlat rahbari vazifasiga o‘xshab ketadi. Xuddi shu sababli o‘qituvchi, ichki turtkilarni vujudga keltiruvchi hamma ko‘rgan va eshitganlarining barchasini yaxshilab esda saqlab qolishni uddalashi, aql-farosatga, chiroyli nutkqa ega bo‘lish va o‘quvchilarga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini to‘la hamda aniq ifodalay olishni bilmog‘i zarur. Ustoz faqatgina fan bilan shug‘ullanib qolmasdan, balki o‘z bilimlarini shogirdlariga berishi, bunda mashaqqatli mehnatdan charchash nimaligini bilmasligi lozim. Ustoz may (ichimlik) iste’mol qilishdan o‘zini tiyishi, haqiqatgo‘y bo‘lib yolg‘onni va yolg‘on aytganning yomon ko‘rishi, fahmli bo‘lishi va o‘z or-nomusini qadrlashi, o‘zining o‘quvchilariga nisbatan adolatli bo‘lishi, ko‘zlagan maqsadiga erishishida qat’iyatlilik ko‘rsata bilishi lozim. Bularning barchasi anglanilgan kasbiy motivatsiyasini vujudga keltiradi va uning regulyatori vazifasini o‘taydi. Har bir kishining shaxsiy uslubi, yakka shaxsliligi to‘g‘risida mulohaza yuritilganda Forobiy xuddi shu motivatsiya yuzasidan fikr bildirgan bo‘lsa ajab emas.
Motiv va motivatsiya yuzasidan mulohaza yuritishga muvaffaq bo‘lgan atoqli olim Abu Ali ibn Sinoning fikricha, ustoz (o‘qituvchi) eng avvalo matonatli, sof vijdonli, rostgo‘y va bolani tarbiyalash metodlarini ham axloq qoidalarini mukammal biladigan odam bo‘lmog‘i shart. O‘qituvchi o‘quvchining butun ichki va tashki olamini o‘rganib, uning aql qatlamlariga kira olgandagina unda fanga, olamga nisbatan qiziqish (motiv) uyg‘otadi, xolos.
Abu Ali ibn Sino iborasi bilan aytganda, o‘quvchiga qaratilgan har bir so‘zni o‘qituvchi imo-ishoralar bilan to‘ldirib bormog‘i lozim. Bizningcha, ushbu xatti-harakat tashqi motiv, ta’sir o‘tkazish mexanizmi vazifasini o‘taydi. Uning ta’lim metodlari va usullari texnologiyasini tushuntirishga yo‘naltirilgan fikrlari o‘sha davr o‘qitish tizimi uchun g‘oyat buyuk ahamiyat kasb etgan edi. Ma’lumki, o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarining mayli, motivi, intilishi, faolligi, qobiliyati, iste’dodi va layoqatini aniqlamasdan, ya’ni tashxis qilmasdan turib, unga oqilona kasb tanlashga yo‘naltira olmas va fanlarga nisbatan qiziqish uyg‘ota bilmas edi.
Abu Ali ibn Sinoning fikricha, o‘qituvchi - bu donolikdir. SHuning uchun ustoz barcha dunyoviy bilimlardan, ma’naviyat olamidan xabardor bo‘lmog‘i, o‘z shogirdlarida ularga nisbatan ehtiyoj, ichki turtki uyg‘otmog‘i kerak, bular jumlasiga hisob-kitob (matematika) va yaxshilik qilish (odamiylik) kiradi. Uning fikricha, hisob-kitob bo‘yicha nimadir qilinadi, nimadir olinadi; olingan narsa hamma vaqt ko‘zga ko‘rinavermaydi (abstrakt holat), chunki u yaxshi nom, xursandlik, oddiylik bo‘lishi mumkin. Muallifning taxmin qilishicha, qaerda almashinish mavjud ekan, darhaqikat o‘sha joyda hisob-kitob ham mavjuddir. Oddiy xalq tilida hisob-kitob deganda o‘rtoqlar o‘rtasidagi o‘zaro fikr va narsa almashinishi tushuniladi. Bizningcha, matematikaning amaliy ahamiyatini ochish va unga ishora qilish fanga nisbatan bilish motivini vujudga keltirishni aks ettiradi. Uning ta’limoticha, maqtash, rag‘batlantirish mazkur almashinishning predmetiga kirmaydi. Lekin aql-farosatli odam o‘ziga yoqqan har qanday narsani foydali deb biladi. Yaxshilik esa mukofot o‘rnini bosolmaganidek, biron bir xulq-atvor ham bo‘la olmaydi, balki bu yaxshilik qandaydir beg‘arazlikdan kelib chiqadi.
Demak, o‘qituvchining barcha harakatlari faqat yaxshilikdir, unga taqlid kilish, undan o‘rganish, mezon sifatida foydalanish muayyan motiv funksiyasini ado etadi. Hatto mazkur tashqi va ichki mujassamlashuv motiv hamda motivatsiyaning negizini vujudga keltiradi. Abu Ali ibn Sinoning odamiylik, mehribonlik singari insoniy fazilatlarga yuksak baho berganligi xulq-atvor motivatsiyasining zarurat sifatida tan olganligini bildiradi.
Boshqa qomusiy olimlar singari Umar Hayyom ham faoliyat, xulq, muomala motivatsiyasini shaxs xususiyatlari, fazilatlarini shogirdlarda, farzandlarda shakllantirish orqali tushuntirishga harakat qiladi. Ibrat, namuna, timsol, taqlid, ta’sirlanish, ishtiyoq, intilish turli xususiyatli motivlarni keltirib chiqarish manbai ekanligi to‘g‘risidagi yondashuv unga ham bevosita taalluqlidir. Umar Hayyomning ta’kidlashicha, o‘quvchilar bilimlarni faqat o‘qituvchining bergan ma’lumotlari va kitobdan o‘qish orqaligina emas, balki hayotiy hodisalarni bevosita kuzatish jarayonida, ko‘nikma va malakalarni esa amaliyotda, aynan bir xil harakat hamda amallarni bir necha marotaba takrorlash, turli uslublarni qo‘llash natijasida egallab oladilar. Ularning faolligi, intilishi faoliyat, bilish motivi vazifasini bajaradi. Uning ta’kidlashicha, ta’limning amaliyot bilan uzviy aloqasi bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish imkonini yaratadi hamda ichki yoki tashqi turtki funksiyasini ijro etadi.
Umar Xayyom o‘quvchilarga ruhiy ta’sir o‘tkazishning, ko‘rsatma berish orqali ijodiy izlanish faoliyatini jonlantirishning tarafdori edi. Muomala sehri, maromi, xulq, faoliyat motivatsiyasi ularning samaradorligini belgilaydi, o‘qituvchining odobi va nazokati, uning o‘quvchilar (shogirdlar) bilan hamkorligi ta’lim va tarbiya mahsuldorligini oshirish sharti degan ilmiy faraz Umar Hayyom qarashlarining mag‘zini tashkil etadi. Shogirdda muomalaga, o‘quv faoliyatiga, xulq-atvorga nisbatan ichki turtkining (motivning) paydo bo‘lishi tabiiylikni belgilasa, ustoz tomonidan uni uyg‘otish esa sub’ektiv ta’sir, shaxslararo aloqa turtkisi hisoblanadi.
O‘z zamonasining buyuk mutafakkiri Nasriddin Tusiy o‘zining "O‘quvchilar tarbiyasi haqida" nomli traktatida o‘qituvchining yuksak insoniy xislatlari va o‘zgalarga ta’sir o‘tkazish qobiliyatlari yuzasidan mukammal fikr bildirgan. U ilgari surgan ajoyib, ibratona g‘oyalari ichidan o‘qituvchi shaxsiga qo‘yiladigan talablar alohida ahamiyat kasb etadi. Uning ta’kidlashicha, o‘qituvchi munozara (bahs) olib borishni, inkor qilib bo‘lmaydigan darajada isbot qila olishni, o‘z fikrining to‘g‘riligiga ishonishi, nutqi esa mutlaqo toza (sof), jumlalari mantiqan o‘zaro bog‘langan bo‘lishi lozim. O‘qituvchi sof vijdonli, rostgo‘y, shoshmasdan, ishonch bilan qat’iy ravishda gapiradigan, ba’zan esa sharoitga qarab osoyishta so‘zlaydigan bo‘lishi joiz. Nasriddin Tusiyning uqtirishicha, o‘qituvchi nutqi hech qachon va hech qaerda zaharxanda, qo‘pol (dag‘al) yoki affektiv bo‘lishi mumkin emas. CHunki fanlarga, kasb-korga oid motivlarning tug‘ilishi bevosita o‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasidagi iliq munosabatga, o‘zaro nisbiy, muvaqqat huquqiy tenglikka bog‘liqdir. Hayot va faoliyatning turli sohalariga nisbatan motivning uyg‘onishi, bir darajadan yanada yuksakroq bosqichga o‘sib o‘tishi bilan tavsiflanadi, anglanilgan motivatsiya esa izlaniluvchi kutilma aniqligini ta’minlaydi.
Ta’lim jarayonida o‘qituvchi o‘zini o‘zi tuta olmasligi shaxslararo munosabatning zaiflashuviga olib keladi, ibrat (ideal) mezon funksiyasi esa o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Muallifning ta’kidlashicha, o‘qituvchi o‘z nutqida hayotiy dalillar, xalq maqollari, ota – bobolarimiz, kadimgi ajdodlarimiz fikrlaridan (ta’limotidan) yaqqol misollar keltirish mumkin. Bu esa har qanday holatda foydalidir. Xulq, muomala, faoliyat motivlari (motivatsiyasi) to‘g‘risida, boshqa iboralar bilan ifodalangan g‘oyalari, talqinlari hozirgi davrda ham o‘z dolzarbligini saklab kelmoqda, demakki, uning qiymati, o‘z ahamiyatini yo‘kotmagan.
Motivatsiya muammosi, shaxslararo munosabatlar maromi, o‘qituvchining kasbiy fazilatlari to‘g‘risidagi ilmiy-amaliy xususiyatli mulohazalar "Qobusnoma" (Kaykovus) "Hotamnoma", "Qutadg‘u bilig" (Yusuf Xos Xojib) kabi buyuk asarlarda ham bayon qilingan. Chunki bu asarlarning barchasi odobnomaning xuddi o‘zginasi bo‘lganligi sababli murabbiyning o‘ziga xos xislatlarini shakllanish bosqichlari ifodalab berilgan. Xulq, muomala, faoliyat, shaxslararo munosabat motivlari (motivatsiyasi) yuzasidan yuqoridagi asarlarda muayyan materiallar joy egallagan.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘z asarlarida o‘qituvchilik qobiliyati va uning obro‘si, odobi to‘g‘risida mulohazalar bildiriladi. Alisher Navoiy hech qanday faoliyatni ijodiy yondashuvsiz tasavvur qila olmaydi. SHuning uchun uning pedagogik-psixologik qarashlarida odob, axlok, tiyraklik, aql-zakovatlilik, qizikish, qobiliyat, irodaviy kuch, xarakter xislatlari, poklik, samimiylik asosiy va markaziy o‘rin egallaydi. Xuddi shu boisdan u ijodkorlar, o‘qituvchilar iste’dodli bo‘lish kerakligini ta’kidlaydi.
O‘qituvchining har jihatdan ibrat va namuna bo‘lishligi ta’lim-tarbiya garovi ekanligiga ishora qiladi hazrati Alisher Navoiy. Bilimlarni egallash mashaqqatli ekanligi, buning uchun o‘quvchida fanlarga nisbatan qiziqish (motiv)ni mavjud bo‘lishi zarurligi to‘g‘risida fikr yuritiladi. Ularning mulohazalaricha, qulay muhit, o‘zaro bir-birini tushunish, izlanuvchanlik har qanday muvaffaqiyat kafolati ekanligi alohida ta’kidlanadi.
O‘rta asrlarda yuksak fan va madaniyat cho‘qqilarini egallash bo‘yicha qilingan ilmiy izlanishlar keyingi ijtimoiy – tarixiy taraqqiyot bosqichida ham ajdodlarimiz tomonidan davom ettirilgan va bu borada ma’lum yutuqlarga erishilgan. Bu o‘rinda Ahmad Donish, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O‘tar, Hamza, Avloniy kabi ilg‘or ma’rifatparvar bir davrning o‘zida ham targ‘ibotchi, ham muallim bo‘lganliklari tufayli uning (o‘qituvchining) xarakter xislatlari, ma’naviyati, his-tuyg‘usi, xulq-atvori, xatti - harakati oldiga qator jiddiy ijtimoiy, umumbashariy talablar qo‘yadilar. O‘qituvchining axloqi va odobi har bir jihatdan boshqalar uchun ibratli bo‘lish zarur ekanligini bir necha marotaba ta’kidlab o‘tadilar va ularga erishish yo‘llarini ko‘rsatib beradilar. Ularning har bir asari savodxon, o‘qimishli komil inson bo‘lib kamol topish g‘oyalari bilan sug‘orilgandir. Insonda ichki turtki, ma’naviy intilish, kuch va g‘ayrat mavjud bo‘lmas ekan, yuksak kamolotga erishish mumkin emasligi alohida uqtiriladi.
Atoqli fan va madaniyat arbobi, buyuk ma’rifatparvar o‘qituvchi Abdulla Avloniy ta’lim tizimi, o‘qitishni takomillashtirish, o‘qituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish, bo‘lg‘usi kadrlarni kasbiy mahoratini ko‘tarish masalalariga mutlaqo yangicha (XX asr fan va texnikasi yutuqlaridan kelib chiqqan holda) yondashgan olimdir. O‘qituvchining shaxsiy fazilatlari, axloqi, odobi, bilimdonligi, tiyrakligi, topqirligi, farosatliligi, aql-zakovatliligi ta’lim va tarbiya uchun asosiy negiz ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Ayniqsa, uning fikricha, ijodiy izlanish, o‘qish va o‘qitishning yangi shakllari, uslublari hamda vositalarini qidirish o‘qituvchining eng muhim sifatlaridan biridir. Hurmat va o‘zaro hurmat ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish yo‘lidir.
A.Avloniy o‘quv fanlariga nisbatan o‘quvchilarning munosabati ularning kiziqishlarida namoyon bo‘lishi, faollikni uyg‘otish orqali mustahkam bilimlarni egallash mumkinligi to‘g‘risida mulohaza yuritadi. Hamkorlik faoliyatiga erishish esa ham ichki, ham tashki turtkilarni (motivlarni) vujudga keltirish orqali amalga oshirish mumkinligini ta’kidlaydi. Har bir narsaning shaxsiy xususiyat kasb etishi mustaqillikni keltirib chiqaradi, binobarin, uning negizida motivatsiya etishi olim tomonidan uqtiriladi.
Iqtidorli pedagog, fan va madaniyat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziyning pedagogik - psixologik qarashlarida o‘qituvchi bo‘lish uchun (kasb tanlash motivlari), dastavval o‘z kasbining chin dildan sevishi, o‘z o‘quvchilarini hurmat qilish zarurligi ta’kidlanadi. Uning mulohazasicha, har joyda yosh bolalarning sho‘xligi oddiy bir ishdir, lekin talabalar muallim hazratlari, tarafidan tanbehlar aytilib, pokiza va asosli odatlargina tarbiya etilib, muhabbat va dikqatni jalb etuvchi ishlari va usullarini o‘rgatib izohlar etganda edi... yildan-yilga talabalar minglab emas, balki millionlab ko‘payar, yuzimiz yorug‘, tilimiz uzun... bo‘lar edi.
Hamzaning mulohazalaridan ko‘rinib turibdiki, o‘quv motivlari va motivatsiyasi yo‘qligi tufayli yuksak ko‘rsatkichlarga erisha olinmagan. Shaxslararo munosabatda o‘zaro mutanosiblik hamkorlik, ya’ni ta’lim jarayonining muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Shaxsni shakllantirishda ikkiyoqlama ichki harakat (motiv) mavjud bo‘lmas ekan, hech kachon yuksak bosqichlarni egallash mumkin emas. Bilimlarni o‘zlashtirishga qiziqish (motiv) aksariyat hollarda ana shu munosabatlar negiziga quriladi. Muomala, xulq, faoliyat motivlari mustaqil izlanish, o‘qituvchining mahorati, yosh xususiyatlarini inobatga olish tufayli shakllanadi hamda hayot-faoliyatning uzluksiz harakatlantiruvchisiga, ya’ni uning regulyatoriga aylanadi. Hamza Hakimzodaning barcha asarlari mohiyati bizning har bir jumlamizni tasdiqlashga qodirdir.
O‘qish motivlari va motivatsiyasi to‘g‘risida jadidlarning barchasi hozirgi zamon pedagogik texnologiyasi mohiyatiga mos tushadigan mulohazalar yuritganlar. Ularning har qaysisi atroflicha o‘rganilishi lozim ekanligini hisobga olib, tahlil qilish undan ham murakkabligiga ikror bo‘lgan holda fikrimizning yakunlashni lozim topdik.
Shunday qilib, O‘rta Osiyo mutafakkirlari va o‘zbek ma’rifatparvarlari o‘qituvchi kuchli xotiraga, iroda va tafakkurga, aql-farosatga, chiroyli nutq faoliyatiga ega bo‘lishi, ko‘zlagan ulug‘vor maqsadni, qolaversa milliy g‘oyani amalga oshirish yo‘lida jonbozlik, qat’iyatlilik ko‘rsata olishi, o‘qituvchilarning ruhiy dunyosiga to‘g‘ri yo‘l topa olishligi, ularga ta’sir o‘tkazish imkoniyati, vijdonli, samimiy, odobli, nazokatli, talabchan, ishchan mas’ul shaxs sifatida faoliyat ko‘rsatishi zarur ekanligini ta’kidlab o‘tadilar. Hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, ilk ta’limiy muhit, o‘zaro tushunuv, o‘zaro ta’sir o‘tkazish, taqlid, identifikatsiya, refleksiya bosqichlariga asoslangan holda saboq oluvchilarining intilishi anglanilgan motivlarni keltirib chiqaradi va motivatsiyani maqsadga muvofiq shakllantiradi.
Tub ma’nodagi ilmiy psixologik qarashlar O‘zbekistonga 30-yillarda kirib keldi. Bu narsa O‘zbekiston xalq maorif komissarligi qoshida psixologiya laboratoriyasining ochilishi va "qizil professorlar" kursida tahsil olish o‘qituvchilarning yurtimizga kelishi jonlanishni vujudga keltirdi. Ushbu muammo tarixiy jabha bo‘lganligi tufayli unga batafsil to‘xtalishga hech qanday hojat yo‘k. Biz bu bilan ilmiy psixologiya paydo bo‘lishi tarixini shunchaki ta’kidlab o‘tmoqchimiz, xolos.
Dastlabki psixologik tadqiqotlar T.N.Baranova, A.M.Galixovskaya, S.Raxmatullina, Y.T.Toxriy tomonidan 30-yillarda amalga oshirila boshlangan. Lekin bu izlanishlar motivlarga aloqador bo‘lmaganligi uchun ularga to‘xtalishni ortiqcha deb hisoblaymiz.
P.I.Ivanov psixologiya faniga yirik hissa qo‘shgan olimlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Ularning qiziqish va layoqat, kasb tanlash motivlari, ta’limning psixologik asoslari, ta’limda individual munosabatni ro‘yobga chiqarish, ta’lim jarayonini faollashtirish masalalariga bag‘ishlangan asarlarida o‘quv motivlari, ularning darajalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlil qilingan. Ayniqsa, uning qiziqish, layoqat, havas, motiv, motivatsiya talqiniga oid mulohazalari, g‘oyalari o‘z davrida muhim ahamiyat kasb etgan.
I.M.Krasnoboev axloqiy tushunchalarni, axloqiy (ma’naviy) ideallarni shakllantirish masalalarini tadqik qilish jarayonida motivlar va motivatsiya qanday rol o‘ynashi to‘g‘risida yangi psixologik ma’lumotlar tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Uning fikricha, ideallarni shakllantirish xulq motivlarisiz amalga oshishi mumkin emas, chunki har bir harakat regulyator funksiyasiga o‘sib o‘tishi mumkin.
M.G.Davletshin mazkur muammoga salmoqli hissa qo‘shgan olim bo‘lib hisoblanadi. Ularning texnik qiziqishlar, texnik qobiliyatlarga oid yirik tadqiqotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi 30 yil mobaynida M.G.Davletshin va uning shogirdlari o‘qituvchilik kasbini tanlash motivlari, umuman olganda esa kasb tanlash psixologiyasining nazariy va amaliy muammolari bilan shug‘ullanib keladilar hamda bu borada xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda M.G.Davletshin kasb-hunar kollejlari masalalari bilan shug‘ullanib, kasb maorifi, kasb tanlashga qo‘llash, kasbiy moslashish, kasbiy tarbiya mohiyatini ochib berishga harakat qilmoqda. Bu masalani yoritishning etnopsixologik xususiyatlari to‘g‘risida izchil izlanishlarni davom ettirmokda. Uni hozirgi zamon pedagogik texnologiyasiga bog‘lashga intilmoqda.
O‘quv motivlari va motivatsiyasiga oid izlanishlar M.V.Vohidov, A.Asqarxo‘jaev, A.Askarov, O.Azimov, P.P.Zimin, V.E.Chudnovskiy, S.Rahimov, I.I.Jibaeva, S.A.Eliseev, M.Sh.Rasuleva, N.N.Nigmatov, Rahmanova, V.P.Ivanova, Q.Turg‘unov, M.Dadajonov, M.Ro‘zaliev, J.Sotiboldiev, A.Z.Gafarov va boshqalar bevosita yo‘l bilan amalga oshirilgan.
V.A.Tokarevaning aksariyat ilmiy tadqiqotlarida burchga sadoqat hissini shakllantirish, aqliy tarakqiyotni tashxis qilish, ta’limni individuallashtirish, talabalarda axloqiy qobiliyatlarni tarkib toptirish singari yondashuvlarida motiv va motivatsiya masalasiga chuqur kirib borgan. Ularning bu sohadagi muvaffaqiyatlari e’lon qilingan qo‘llanma va monografiyalarida o‘z ifodasini topgan.
B.R.Qodirovning keyingi yillardagi ishlari hamda doktorlik dissertatsiyasi layoqat, intilish, qobiliyat, iste’dod hamda ularni turli yoshdagi insonlarda tekshirishga bag‘ishlangan. Ularning komil ishonch bilan ta’kidlashlariga qaraganda, motiv va motivatsiyasini hisobga olmasdan turib, ko‘zlagan maqsadga erishib bo‘lmaydi. E’lon qilingan ishlari mohiyatidan mazkur masalaga nisbatan ilmiy munosabati va yondashuvini aniqlash imkoniyati mavjud.
G‘.B.Shoumarovning aksariyat izlanishlarida hayot va faoliyatda motivatsiyaning roli yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘quvchilarga individual yondashish, ularni oilaviy turmushga tayyorlash, insonni inson tomonidan idrok qilishni motiv va motivatsiyasiz tasavvur qilish mumkin emas. Ularning shogirdlari tadqiqotlarida ham xuddi shu g‘oya asosiy tayanch tushunchasi sifatida namoyon bo‘ladi.
R.Z.Gaynutdinov tadqiqotlarida o‘qituvchi shaxsining etnopsixologik xususiyatlari, kasb tanlashning psixologik asoslari, kasbiy tayyorgarlik bosqichlari, kasbiy mahoratni oshirish mexanizmlari, tashxis muammolariga yondashishda motiv (motivatsiya) roli yuksak va asosiy ekanligi (birlamchiligi) ta’kidlab o‘tiladi. Ularning izlanishlarida motivatsiya-ierarxiyasi, uning muvaffaqiyatini ta’minlash masalasi ustuvor ekanligi tashlanadi.
V.M.Karimova o‘z asarlarida motiv va motivatsiya muammosiga ijtimoiy psixologik nuqtai nazardan yondashish o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, bu borada ayollar va yoshlar muammosini ochib berish, milliy g‘oya va milliy mafkuraga yondashish nazariyalarida o‘z ifodasini topgan. Muloqot masalasiga bevosita va bilvosita yondashish jarayoniga munosabatida muallifning shaxsiy qarashlari yaqqol namoyon bo‘ladi.
O’quv fanlariga o‘quvchilarning munosabatlari, mehnatga ijobiy munosabatni shakllantirish, ta’limni faollashtirish, o‘quvchilarning individual-tipologik xususiyatlarini hisobga olish masalalari shular jumlasidandir. A.Jabborovning doktorlik dissertatsiyasida motivatsiyaning etnopsixologik asoslari ochib berilgan.
Kasb tanlashning psixologik masalalari F. Temurov texnik kasblariga yo‘naltirish Q.Turg‘unov, B. Boymuratov, A. Jabborov, kasb-hunar kolleji masalalari bo‘yicha F. Ismagilova, kasb tanlashning umumiy masalalari, E. N. Sattarov, o‘qituvchilik kasbini tanlash motivlari N. Majidov, kitobxonlik qizikishlari M.Muratxonova, o‘quv motivlari F.Haydarov, I.B.Shuvanov, E.Quljonov va boshqalarning ilmiy izlanishlarini ta’kidlab o‘tish mumkin.
Bu borada E.G‘.G‘ozievning "Kasb tanlashning psixologik asoslari", "SHaxs va kasb tanlash", "Kasb psixologiyasi" singari asarlari muxim ahamiyatga ega. Motivatsiyaga bag‘ishlangan bir talay asarlari muammoning metodologik, nazariy jabhalarini tekshirishga keng imkon beradi. G‘ozievning "O‘quv faoliyatini boshqarish", "Oliy maktab psixologisi", Hamkorlik psixologiyasi" asarlari bu sohadagi muhim ulushi bo‘lib hisoblanadi.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston motiv va motivatsiya muammosi bilan bevosita va bilvosita shug‘ullanganlar hamda psixologiya faniga munosib hissa qo‘sha olganlar. Ularning yondashuvlari turlicha bo‘lishiga qaramay:
1) motiv va motivatsiyaning nazariy masalalari;
2) o‘quv fanlariga nisbatan motiv va motivatsiyaning namoyon bo‘lishi;
3) kasb tanlash motivlari;
4) motivning etnopsixologik xususiyatlari kabi umumiy birlikka ega ekanligini ro‘yi-rost ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq.
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar:
1. Rus psixologiyasida motiv va motivatsiyaning o‘rganilishi.
2. Xorijiy psixologiyada motiv va motivatsiyalarning o‘rganilishi.
3. Sharq mutafakkirlari motivlar to‘g‘risida.
Do'stlaringiz bilan baham: |