Shaxsi umumlashgan gap. Kesimi fe’l bilan ifodalanib, umumga qaratilgan bir bosh bo‘lakli gap Shaxsi umumlashgan gap deyiladi.
Bunday gaplarda hayotiy xulosalar, hayotiy tajribalar, umumiy qoidalar, umumlashgan mulohazalar ifoda qilinadi. Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ko‘pincha buyruq-istak maylining ikkinchi shaxs shakli bilan ifodalanadi.
Maqollar ko‘pincha Shaxsi umumlashgan gap shaklida bo‘ladi: Bilmagan ishga urinma, urinib tuzoqqa ilinma. (Maqol) Tulkining tavbasidan qo‘rq, mug‘ambirning - yig‘isidan. (Maqol) Kattani katta bil, kichikni – kichik! (Maqol) Tilingni botir qilma, o‘zingni botir qil (Maqol)
Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ba’zan buyruq-istak maylining birinchi Shaxs ko‘plik shakli orqali ham ifodalanishi mumkin. Masalan, Xushmuomalali bo‘laylik, bu go‘zal sifat baxt-saodatning tuganmas xazinasi ekanini unutmaylik. (“Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur”) Qarilikning yuzimizdan ko‘ra aqlimizda ajinlar hosil qilishdan ehtiyot bo‘laylik. (“Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur”)
Shaxsi umumlashgan gapning bosh bo‘lagi ot kesim shaklida ham qo‘llanishi mumkin. Masalan, Kattaga xizmatda bo‘l, kichikka izzatda bo‘l. (Maqol) Salobatli bo‘lma, sabotli bo‘l. (Maqol)
Egasi topilmaydigan gap
Kesimi orqali harakatni bajaruvchi Shaxs (ega)ni topish mumkin bo‘lmagan bir bosh bo‘lakli gap egasi topilmaydigan yoki Shaxssiz gap deyiladi.
Bunday gaplarda egani kiritib ham bo‘lmaydi, gapning kesimi orqali aniqlab ham bo‘lmaydi.
Egasi topilmaydigan gapning kesimi ko‘pincha tarkibli bo‘lib, quyidagicha ifodalanidi:
1. –(i)b affiksli ravishdosh hamda “bo‘ladi” //”bo‘lmaydi” so‘zi bilan: El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. (Maqol) Momaqaldiroqning gumburiga chidab bo‘lmaydi. (J.Abdullaxonov) – Nima endi, haq gapni ham gapirib bo‘lmaydimi? - ... so‘radi u. (F.Musajonov)
2. Shart maylidagi fe’l hamda “bo‘ladi” //”bo‘lmaydi” so‘zi bilan: – Shu tor yo‘ldan Afg‘onistonga o‘tsa bo‘ladi. (K.Yashin)
3. Harakat nom iva “zarur”, “mumkin”, “shart”, “lozim”, “darkor”, “kerak” so‘zlaridan biri bilan: Fazilat farzand kabidir. Uni avaylab saqlash va yanada barkamol etish lozim. (“Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur”) Qo‘lda bo‘lgan pul va molni kerakli joylarga sarf eta bilish, yaxshi idora qila olish uchun isrofdan saqlanish kerak. (“Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur”)
4. “Yaxshi”, “yomon” sifatlari hamda “bo‘ladi”// “bo‘lmaydi” so‘zi bilan: Shu shiypon bitmay qolib ketsa, el oldida yaxshi bo‘lmaydi. (P.Qodirov)
5. Majhul nisbati shaklidagi fe’l bilan: Unga pastdan ikki yuz ellik uchta tosh zinani bosib chiqiladi. (K.Yashin)
6. “To‘g‘ri” so‘zi va “kelmoq” fe’lining tuslangan shakli bilan: Mashina kabinasidan chiqishga to‘g‘ri keldi. (Ch.Aytmatov)
Do'stlaringiz bilan baham: |