Pol Feyerabend. Amerikalik faylasuf va metodolog olim Pol Karl Feyerabend 1924 yilda tug’ilgan.
Feyerabendning serqatlam konsepsiyasida Vitgenshteyn ijodi so’nggi davrining ta’siri, taniqidiy rasionalizmga moyillik va hatto «ilmiy materializm» prinsiplariga duch kelish mumkin. Bu olim an’anaviy va yangi muammolarni tabiiy-ilmiy dunyoqarash va metodologiya nuqtai nazaridan tushunishga harakat qilganligidan dalolat beradi.
Feyerabend fan falsafasi 70-yillarning oxirida kelgan va «fan faylasuflari»ning asarlarida ifodalangan «antagonistik g’oyalar», oqibatlar va natijalar to’g’risida so’z yuritadi. Fan nima, u qay tarzda ish ko’radi, uning natijalari qanday, degan savollarni berib, mutafakkir ularga javoban fan faoliyatini boshqaruvchi alohida ilmiy metod, ya’ni qoidalar majmui mavjudligini qayd etadi.
Fan va kumulyativizmning mavjud gipotetik-deduktiv modeliga faylasuf nazariy realizm g’oyasini qarshi qo’yadi. Tabiatshunoslikni tavsiflash amaliyotini umumlashtirish asosida yuzaga kelgan kumulyativizm bilim o’sishining sodda talqini, ya’ni haqiqiy qoidalarning jamlangan yig’indisiga yangi fikrlar asta-sekin qo’shilishini nazarda tutadi. Unda xatolar faqat bilimning o’zgarishi, eski bilimdan voz kechilishi va qabul qilingan bilimning rad etilishiga yo’l qo’yilmaydigan subyektiv jarayon sifatida talqin qilinadi. Empirik kumulyativizm bilimning o’sishini uning empirik mazmuni boyishi bilan tenglashtiradi. Rasionalistik kumulyativizm bilim rivojlanishining shunday bir usulini nazarda tutadiki, unda har bir keyingi element mavjud mavxum prinsiplar va nazariy xulosalar tizimiga kiritiladi.
Feyerabend ilgari surgan nazariy realizm g’oyasi bilimning aktual o’sishi o’zaro mos tushmaydigan (yagona mantiqiy asos bilan deduktiv bog’lanmagan va har xil tushunchalar va metodlardan foydalanuvchi) nazariyalarning ko’payishi (proliferasiyasi) natijasida amalga oshirilishini qayd etadi. Tajriba doim nazariy yuklangan tajribadir, u yoki bu nazariyaning qabul qilinishi esa idrok etish tizimini belgilaydi.
Metodolog asoslab bergan proliferasiya (nazariyalarning ko’payishi) tamoyili qabul qilingan nuqtai nazarlar hatto yetarli darajada tasdiqlangan va keng e’tirof etilgan bo’lsa ham ularga mos tushmaydigan nazariyalarni yaratishga ruxsat beradi. Fan rivojlanishining turli bosqichlariga yoki ayni bir bosqichiga mansub bo’lgan muqobil nazariyalar va konsepsiyalarning o’zaro mos kelmasligi va ularni bir-biriga o’tkazish mumkin emasligi haqidagi tezisni ilgari surish yo’li bilan Feyerabend proliferasiya tamoiylining talablarini yanada kuchaytiradi.
Nazariy metodologik immoralizm pozisiyasi bilimning teng huquqli tiplari to’plami fan va shaxsning rivojlanishidan dalolat beruvchi borliqdir, degan g’oyaga tayanadi. Feyerabend fikriga ko’ra, muqobillar o’rtasidagi kurash davrlari eng samarali davrlardir. Muqobil konsepsiyalarning kurtaklari olimning turli falsafiy va metodologik nuqtai nazarlarida yashirindir.
Nazariyalar plyuralizmi g’oyasini Feyerabend an’analar plyuralizmigacha kengaytiradi. Shu munosabat bilan fan ilmiy elita mafkurasi sifatida o’z markaziy o’rnidan mahrum etilishi va mifologiya, din bilan tenglashtirilishi lozim. Bunday o’ta antissiyentistik yondashuv tanqidiy rasionalizmga qarshi qaratilgan va falsafa xususiyatini yangicha baholaydi.
Feyerabend fikriga ko’ra, olimlar faoliyatida haqiqat emas, balki individual qobiliyatlarning rivojlanishi, bilish va uning chin oqilonaligi emas, balki cheklanmagan, mutlaqo erkin xulq-atvor muhimdir. Uning ko’pgina g’oyalari akademik falsafa vakillarini lol qoldirgan. Feyerabend konsepsiyalari ba’zan anarxistik epistemologiya deb ataladi. Bu qisman shu bilan izohlanadiki, Feyerabend yagona universal metodning mavjudligini mutlaqo o’rinli rad etadi. Bundan tashqari, olimlar «hamma narsa mumkin» degan tamyilga amal qilishlariga uning ishonchi komil. Bir metodga qat’iy rioya etish va uning barcha talablarini bajarish, Feyerabend fikriga ko’ra, tadqiqot amaliyotiga ham, bilishning ijodiy tabiatiga ham mos kelmaydi.
Shu sababli fanning obro’si hayotning boshqa har qanday shakli obro’sidan ortiq emas.
Biroq plyuralistik metodologiyadan foydalanish nimani anglatadi? Feyerabend fikriga ko’ra, olim g’oyalarni tajriba bilan emas, balki boshqa g’oyalar bilan solishtirishi va bellashuvda mag’lub bo’lgan konsepsiyalardan voz kechmasdan ularni yaxshilashga harakat qilishi lozim. Shunday ish ko’rish yo’li bilan u Borliq kitobi yoki Polmandradada bayon etilgan inson va kosmos konsepsiyasini saqlab qoladi va ulardan evolyusiya nazariyasida va boshqa yangi konsepsiyalarda muvaffaqiyatga erishish uchun foydalanadi. Uning «Metodologik majburlashga qarshi. Bilishning anarxistik nazariyasi ocherki» (1970) relyativizmga qo’yilgan mashhur haykaldir.
Bu asar matnining asosiy mazmunini ifodalovchi tezislar quyidagilardan iboratr:
nazariy anarxizm uning qonun va tartibga tayanuvchi muqobillaridan insoniyroq va progressivroqdir;
«hamma narsa mumkin» tamyili taraqqiyotga to’sqinlik qilmaydigan birdan-bir tamoyildir;
yaxshi tasdiqlangan nazariyalarga zid gipotezalardan foydalanish, induksiyaga qarshi ish ko’rib fanni rivojlantirish mumkin;
muvofiqlik sharti oqilona emas, chunki u yaxshiroq emas, balki eskiroq nazariyani saqlab qoladi, bir andozalilik individning erkin rivojlanishini xavf ostida qoldiradi;
qancha eski va absurd bo’lmasin, bizning bilimimizni yaxshilashga qodir bo’lmagan g’oya mavjud emas;
va nihoyat, metodologning eng kuchli fikrlaridan biri: fan mavjud bo’lsa, aql universal bo’lishi mumkin emas va nooqilonalikni bartaraf etish mumkin emas. Fanning bu o’ziga xos xususiyati anarxistik epistemologiyani talab qiladi1.
Ilmiy izlanish asoslari muammosini Feyerabend o’ziga xos tarzda talqin qiladi. U yangi metodologik paradigmada narsaga teran nazar tashlash va olimni amalda nima cheklashini tushunish muhimdir.
Feyerabend fikriga ko’ra, agar olim «xohlagan ishingni qil» degan tamoyilga amal qilsa, uning dalillari dialektik xususiyat kasb etadi, ya’ni andozalarning qayd etilgan to’plamiga emas, balki o’zgaruvchi oqilonalikka tayanadi. Boshqa tomondan, agar olimdan ilmiy metod nima, deb so’ralsa, u aniq javob bera olmasa kerak. Olimlar o’z tadqiqotlari jarayonida aynan nima qilayotganlarini kamdan-kam holda biladilar.
Feyerabend metodologiyasida barcha gnoseologik amallar va oqilonalikning plyuralistik o’zgarishiga qarab mo’ljal olingani bejiz emas. U fan falsafasining mazkur bosqichiga xos bo’lgan epistemologik tadqiqotlarda bilish imkoniyatlarining ochiqligi va uning demokratiyalashuviga intilishni aks ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |