Er va xotinning bolalar tarbiyasi va oila turmushi masalalarini hal qilishi.
Oila kodeksining 21-moddasida “Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmush masalalarini er va xotin birgalikda hal qiladilar,”- deb belgilangan.
Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning ayrim masalalarini hal qilishda rozilik bo‘lmasa, er-xotindan har biri yoki ularning ikkalasi birgalikda vujudga kelgan nizoni hal qilish uchun tegishli davlat organiga murojaat etish huquqiga egadirlar.
Er-xotin o‘rtasida bolalar tarbiyasiga oid nizolar, bolalarga familiya yoki ism berish masalasidagi kelishmovchilik vasiylik va homiylik organi tomonidan hal qilinadi.
Respublika sudlari ota-onalar o'rtasidagi bolalarga doir nizolarni
to ‘g‘ri hal qilishga amaldagi oila qonunlari bilan bir qatorda, O'zbekiston
Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 6-sentyabrdagi 19-sonli
“Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo'lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori dasturiy ko'rgazmasiga asoslanishi lozim.
Er va xotinning mashg‘ulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlari.
“Er va xotinning har biri mashg‘ulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir”.
Er-xotindan har biri qiziqishi, xislati, ijodiy qobiliyati, jismoniy rivojlanishiga qarab, o‘ziga mos keladigan faoliyat turini tanlaydi.
Er yoki xotin tanlagan kasb uni qanoatlantirib, oila ta’minoti uchun mablag‘ topishga xizmat qilishi lozim.
Er-xotindan birining tekinxo‘rlik bilan kun kechirishi, oilaning moddiy ta’minotida o‘z mehnati bilan ishtirok etmasligi ham nikohdan ajralish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Er-xotinning erkin kasb tanlash huquqi qonun bilan mustahkamlangan. Bu er-xotin o‘z kasbi masalalarini (o‘quv yurtida va kurslarda o‘qishi, to‘garaklarda ishtirok etishi va boshqalar) mustaqil ravishda hal qilishni anglatadi. Bu masalalar voyaga yetmagan bolalar manfaatlarini hisobga olib hal qilinadi.
2.Er-xotinning mulkiy munosabatlari
Oilaning bir butunligini tashkil qiluvchi er-xotinlar ham o‘zlarining xususiy, umumiy, umumiy birgalikdagi ulushli hamda shaxsiy foydalanishdagi buyumlariga ega bo‘ladilar.
Oila kodeksining 23-moddasiga binoan, “Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan ustav kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham, er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Er-xotindan har birining sovg‘a sifatida nikoh tuzishdan keyin olgan mulklari, jumladan, to‘y munosabati bilan yoki to‘ydan keyin olgan sovg‘alari, agar ular umumiy foydalanish buyumlaridan iborat bo‘lsa, er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki tarkibiga kiradi.
Nikohni tegishli tartibda qayd ettirmasdan turib er-xotin bo‘lib yashash ularning mulkini er-xotinning birgalikdagi umumiy mulk deb topish uchun asos bo‘lmaydi. Nikohni qayd etmagan holda birga yashagan shaxslarning mulkiy munosabatlari fuqarolik qonunlari normalari bilan tartibga solinadi.
Agar er-xotinning har biriga tegishli bo‘lgan mulkiga nikohlari davomida shu mulkning qiymatidan ancha oshiq mablag‘ sarflanganligi (qayta ta’mirlash, qo‘shimcha qurilish qilish, qayta o‘zgartirish va h. k.) aniqlansa, bu mulk er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki deb topilishi mumkin
Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan o‘rtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qo‘yilgan omonatlar o‘sha bolalarga tegishli hisoblanib, er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish paytida e’tiborga olinmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |