5.Dam olish va kompleks xizmat joylarida transport qo‘yiladigan maydonlar
Alohida harakat xizmati inshootlari va komplekslari samarali ishlashining zarur shartlaridan bittasi – ularda avtomobil qo‘yiladigan joylar bo‘lishi kerak. Yo‘l xizmati komplekslaridagi avtomobil qo‘yiladigan joylarning sig‘imi maqsadga qarab hisoblanadi, lekin beshtadan kam bo‘lmasligi kerak. III turga kiradigan yirik xizmat komplekslaridagi avtomobil qo‘yish joylarining sig‘imi ishlaydigan xodimlarning ehtiyojiga qarab belgilanadi. Shunday bo‘lganda kompleksdagi o‘rinlar soniga asoslanib hisoblanadigan joylar soni 1,5 marta ko‘paytiriladi.
Avtomobil qo‘yish joyining tuzilishi uning sig‘imi, o‘lchami, shu maqsad uchun ajratilgan yerning konfiguratsiyasi, qanday avtomobillar qo‘yilishi va ular qancha vaqt turishiga qarab belgilanadi. Reja tuzganda quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim.
Yo‘l uchun ajratilgan yerning tor qismida, aholi punktlaridagi tor ko‘chalarda, joy tor bo‘ladigan boshqa sharoitda, shuningdek, ovqatlanish va savdo korxonalari yaqinida transport vositalarining soni beshta oltitadan oshmasligi, transport bo‘ylama joylashishi kerak. Shunday joylashtirilganda bitta yengil avtomobil egallaydigan joy 16 m2, yuk avtomobili egallaydigan joy esa 26 m2 dan oshmaydi.
Ko‘p transport vositalari qisqa vaqtga to‘xtaydigan joylarda avtomobillarni 30-60° burchakda joylashtirish tavsiya qilinadi, shunda joyning eni tejaladi, transport vositalarining kirishi va chiqishi tezlashadi (2.3-rasm).
Motellar, kempinglar oldida, ko‘p transport vositalari ko‘p vaqtga qo‘yiladigan boshqa joylarda ularni harakat bo‘ladigan tomonga perpendikulyar joylashtirish kerak. Shunda bitta yengil avtomobil egallaydigan joy 13 m2, yuk avtomobili egallaydigan joy esa 28m2 bo‘ladi.
Avtomobil qo‘yish joyida avtomobil o‘tadigan polosa bo‘ladi, polosaning eni qo‘yiladigan avtomobillarning o‘lchami, burilish radiusi va qo‘yish burchagiga qarab belgilanadi.
Umuman, avtomobil qo‘yiladigan joy sahni hisoblanganda, buriladigan maydonni ham qo‘shganda, bitta yengil avtomobilga o‘rtacha 25 m2, bitta yuk avtomobiliga esa 40 m2 joy kerak deb olinadi.
Maqsadiga qarab yuk avtomobillari va yengil avtomobillar qo‘yiladigan joylar bo‘ladi. Katta xizmat komplekslarida ularni bir-biridan alohida joylashtirish kerak. Aralash qo‘yish joylari ham bo‘lishi mumkin. Masalan, savdo va ovqatlanish korxonalari oldidagi joylarga barcha turdagi transport vositalari qo‘yiladi. Bunday avtomobil qo‘yish joylarining o‘lchami, ulardagi yo‘l qoplamasining turi yarimpritsepli yuk avtomobillarining o‘lchami va og‘irligi olib hisoblanadi.
Avtomobil qo‘yish joylari yo‘lning qatnov qismidan kamida 2,7 m narida bo‘lishi kerak. Yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi uchun qo‘yish joyining chetida mashinaga chiqish, tushish maydoni (platforma) bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Avtomobillar bo‘ylama qo‘yilgan taqdirda platformaning eni 2 m bo‘lishi kifoya qiladi, qo‘yish joyiga orqaga yurib kirilganda esa uning kengligi 3,5-4 m bo‘lishi kerak.
Agar iloji bo‘lsa kirish, chiqish va maydon ichidagi harakat vaqtida polosaning kengligi qo‘yish joyiga oldinga to‘g‘ri yurib, burilmasdan borish imkonini berishi kerak.
Avtomobil qo‘yish joylarining hammasida albatta hojatxona va axlat yig‘ish joylari bo‘lishi kerak.
Transport vositalari qo‘yiladigan joylarda, xizmat komplekslarida YTH ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Shuning uchun hizmat komplekslari zonasida yo‘l harakatini tashkil qilish tadbirlariga alohida ahamiyat berish kerak. Bunday tadbirlar sirasiga xususan kompleks hududini rejalash, transport vositalari, yo‘lovchilar harakati sxemasini oqil holatga keltirish, bu sxemalarni alohida taxtalarda ko‘rsatib qo‘yish kiradi. Alohida e’tibor o‘tish joylari, kirish joylari va yo‘lovchilar o‘tadigan joylarning ko‘rinarli bo‘lishiga qaratilishi kerak.
Кўкаламзорлаш зонаси
2.6-rasm. Avtomobil qo‘yish joyi rejasini tuzishga misol
Gorizontal belgilardan tashqari komplekslar zonasida harakatni tashkil qilish, o‘tish tezlik polosalarini qurish, yo‘l belgilarini qo‘yish, g‘adirligi oshirilgan yo‘l qoplamalarini qurish, harakat tezligini cheklash, sfetoforlar qo‘yish va harakatni tartibga soladigan boshqa texnik vositalar ishlatilishini talab qiladi.
Yo‘lovchilar harakatini tartibga solish uchun gorizontal belgilar ishlatish, quvurlardan yasalgan maxsus to‘siqlar o‘rnatish tavsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |