Tuproqlar - kaolinit, kvars, dala shpati, slyuda, kalsiy va magnit karbonatlari hamda temir oksidi kabi minerallardan tashkil topgan sochiluvchan jins. Tuproqni suv bilan qorishtirganda plastik holatga o‘tadi. Quritganda esa o‘z shaklini saklaydi, ammo qayta suv ta’sirida plastik holatga o‘tadi. Bu xususiyat uni boshqa xom ashyolardan ajratib turadi.
Qum - donalarining kattaligi 0,15 dan 5 mm. gacha bo‘lgan sochiluvchan jins. Tarkibiga ko‘ra qumlar kremniy, dala shpati, ohaktosh va pemzali turlarga bo‘linadi.
Tog‘ va jar qumlari notekis qirrali shaklda bo‘ladi. Bunday qumlarda beton uchun zararli bo‘lgan tuproq, chang aralashmasi va organik moddalar ko‘p. Daryo va dengiz qumi yumaloq, sirti silliq bo‘lib, tarkibida zararli aralashmalar kam. Ko‘l qumida esa mayda tuproq zarrachalari ko‘p miqdorni tashkil qiladi. Barxan qumi mayda va sirti silliq shaklda bo‘ladi. Bunday qumdan beton konstruksiyalari ishlansa, sement xarajati 15–30 %gacha ortadi.
Qum tarkibida tuproq miqdori 10 %dan kam bo‘lsa, tuproqli qum, 10 %dan ko‘p bo‘lsa, qumli tuproq deb ataladi. Qumning o‘rtacha zichligi 1500 kg/m3. ga teng. Uni silkitib zichlanganda zichligi 1600–1700 kg/m3. ga etadi. Qum qanchalik mayda bo‘lsa, namligining ortishi bilan hajmi ham kattalashadi. Qumni qabul qilishda uning namligi 1 dan 3 %gacha bo‘lsa, hajmini 10 %ga kamaytirib olish lozim, agar namligi 3 dan 10 %gacha bo‘lsa, hajmi 15 % kamaytiriladi. Qish sharoitida ochiq erda saqlangan qumning hajmi har vaqt 15 % kamaytirib olinadi. Quruq qumning issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti 0,3–0,4 Vt/mtrad.
Qurilishda qum, asosan, beton va qorishmalar uchun mayda to‘ldirgich sifatida ishlatiladi. YAxshilab tuyilgan kremniy qumlari sementlar uchun faol gidravlik qo‘shilma sifatida ham ishlatiladi.
SHag‘al – har xil tog‘ jinslarining parchalanishidan hosil bo‘lgan sochiluvchan jins. Tashqi ko‘rinishi bo‘yicha shag‘alning sirti silliq, yumaloq shaklda bo‘lib, yirikligi 5–80 mm. ga teng. Zichligi 2700–2900 kg/sm3, hajmiy massasi 1600–1800 kg/sm3. ga teng. Kelib chiqishiga ko‘ra shag‘al tog‘, daryo va dengiz shag‘allariga bo‘linadi. Ular yumaloq, ignasimon, tuxum va yupqa patnissimon shakllarda uchraydi.
Tabiatda ko‘p uchraydigan xarsangtoshlar tog‘ jinslarining parchalanishidan kelib chiqqan, tabiiy sharoitda silliqlangan, yirikligi 150 mm. dan katta bo‘lgan jins. Maydalangan xarsangtoshdan chaqiq toshlar olinadi va betonlar uchun yirik to‘ldirgich sifatida ishlatiladi.
Sochiluvchan jinslarning er qatlamining yuqori bosimi ostida o‘zaro sementlanishidan hosil bo‘lgan qumtosh – tabiiy sementlar vositasida qumning zichlanishi va nihoyat sementlanishidan hosil bo‘lgan mustahkam jinsdir. U tarkibidagi bog‘lovchi moddaning turiga ko‘ra loyli, kremniyli, ohaktoshli, gipsli, bitumli qum-toshlarga bo‘linadi. Loy vositasida zichlangan loyli qumtoshlar suvga chidamsiz bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |