Davriy yo’riqnoma. Ishchining malakasi va ish stajidan qat’iy nazar har 6 oydan ko’p bo’lmagan muddatda xavfsiz ishlash usullari bo’yicha davriy yo’riqnoma o’tkazib turiladi. Bunday asosiy maqsad-ishchining asosiy va doimiy bajarib turadigan ishida xavfsizlik qoidalari bo’yicha bilimlarini yangilab va to’ldirib turishdir.
Davriy yo’riqnoma yakka tartibda va guruh (bir xil kasbdagi ishchilar) bilan o’tkazilishi mumkin, bunda tsex yoki korxonada bo’lib o’tgan noxush hodisalarni talqin qilgan holda suhbat o’tkaziladi.
Turli sabablar bilan (ta’til, kasallik, mehnat safari va h.k) o’z muddatida ishchilarga o’tkazilmagan yo’riqnoma keyinchalik o’tkaziladi. Davriy yo’riqnoma o’tkazilganligi haqida jurnalga yozib rasmiylashtirilib qo’yiladi.
Navbatdan taashqari quyidagi hollarda o’tkaziladi:
-texnologik jarayon o’zgarganda, bir uskuna o’rniga boshqa uskuna o’rnatilganda va mehnat sharoiti o’zgartirilganda;
-sex bo’limi yoki brigadada baxtsiz hodisa yoki avariya ro’y berganda;
-ishlarni xavfsiz bajarish bo’yicha yangi qoida va yo’riqnomalarni ishchilar diqqatiga yetkazish zarurati to’g’ilgan hollarda;
-ishlab chiqarish intizomi qoida va yo’riqnomalarni talablari buzilishi aniqlangan hollarda.
Navbatdan tashqari yo’riqnomada dastlabki yo’riqnomaning shu yo’riqnoma o’tilishiga sabab bo’lgan qismigina ko’rib chiqiladi.
Bu yo’riqnoma ham dastlabki va davriy yo’riqnoma singari bevosita rahbar (usta) tomonidan o’tkaziladi va jurnalga yozib rasmiylashtiriladi va sababi ko’rsatiladi.
Ishchilarni bilimini tekshirish. Dastlabki yo’riqnomadan va malaka oshirishdan keyin (mustaqil ishlashga ruxsat berishdan yoki boshqa ishga o’tkazishdan avval) ishchilarning xavfsiz ishlash usullari bo’yicha bilimlarini tekshirish kerak bo’ladi. Buning uchun korxona ma’muriyati tomonidan maxsus komissiya tuziladi va unga rais qilib sex boshliqlaridan biri belgilanadi. Zarurat bo’lganda, aniq sharoitdan kelib chiqib komissiya tarkibiga mexaniklar, energetiklar va boshqa mutaxassislar kiritilishi mumkin.
Ishchiga dastlabki tekshiruvdan keyin ma’lum nusxada rasmiylashtirilgan shahodotnoma beriladi.
Bilimlarni tekshirish yo’riqnoma dasturi asosida sex boshliqlari tomonidan tuzilgan savollar yuzasidan o’tkazilib, dastlabki, davriy va navbatdan tashqari turlarga bo’linadi.
Davriy tekshiruvdan ishchilarning bilimlarini maxsus tartibda tekshirib turiladi. Bu tartib jadvali usta tomonidan tuziladi va sex boshlig’i tomonidan tasdiqlanadi.