Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi negizida va uning umumiy shtat birliklari doirasida Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi tashkil etiladi.
Milliy ofisning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
innovatsion mahsulotlar, shu jumladan, yangi qurilmalar, materiallar va texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ko‘paytirish va tarqatish hamda ularni tijoratlashtirish uchun uslubiy va dasturiy vositalarni ishlab chiqish;
tijoratlashtirish imkoniyatiga ega ishlanmalarni tanlash, baholash va joriy etishga tayyorlash, ularni targ‘ib qilish maqsadida mahalliy va xalqaro yarmarka hamda ko‘rgazmalarni tashkillashtirish;
ilmiy, loyiha-konstruktorlik va texnologik tashkilotlarni ishlab chiqarish korxonalari bilan ilmiy va innovatsion hamkorligini rivojlantirish;
intellektual mulk obektlari va nou-xaular bo‘yicha patent hamda marketing tadqiqotlarini olib borish, ulardan foydalanish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
xorijda ishlab chiqilgan texnologiyalar transferini amalga oshirishga va mahalliylashtirishga ko‘maklashish;
innovatsiya sohasining rivojlanish tendensiyalarini o‘rgangan holda ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferiga oid samarali mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
Quyidagilar 2021 yildan boshlab Yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi: stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturasida o‘qish uchun qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmanoma shakllantirish;ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash muassasalarida o‘qish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish;stajyor-tadqiqotchi, izlanuvchi va ilmiy darajali xodimlarga doir ma'lumotlar bankini shakllantirish va shaxsiy ish rejasining bajarilishini monitoring qilish;ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash muassasalarining samaradorligini o‘rganib borish. Vazirlik va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda oliy ta'lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimini joriy qiladilar.
Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi, Vazirlik hamda ustav fondida davlat ulushi 50 va undan yuqori foizdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalarning davlat boshqaruvi organlari hamda korxonalarda tashkilot rahbarining innovatsiyalarni joriy qilish masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimini joriy etish va Innovatsiyalarni joriy etish tuzilmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasiga ajratilgan 100 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni Jamg‘armaga quyidagi tartibda bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilanadi:
2020 yilda – 10 mln. AQSh dollari;
2021 yilda – 20 mln. AQSh dollari;
2022 yilda – 20 mln. AQSh dollari;
2023 yilda – 25 mln. AQSh dollari;
2024 yilda – 25 mln. AQSh dollari.