Fors ko‘rfazi arab mamlakatlari adabiyotini so‘nggi yarim asr mobaynida an’anaviy qoliplardan chiqib, jahon adabiy jarayoniga qo‘shilayotgan milliy adabiyot sifatida o‘rganish alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi, chunki bu masala Arabiston yarim oroli mamlakatlari adabiyotlarining jadal rivoji muammosi bilan bog’liq. Agar Misr, Livan, Suriya, ba’zi arab Mag‘rib mamlakatlarida adabiy yangilanish XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlansa, Arabiston yarim oroli mamlakatlarida joylashgan arab mamlakatalarida bu jarayon bir asr kech, ya’ni XX asrning ikkinchi yarmidan boshlanib, juda qisqa muddatda o‘rta asrlarda shakllangan mumtoz adabiyot an’anlaridan yangi tipdagi zamonaviy adabiyotga o‘tildi.
Natijada XXI asrga borib kech rivojlangan arab adabiyotlari rivojlangan arab adabiyotlarining taraqqiyot yo‘liga o‘xshash yo‘lni bosib o‘tishdi, ammo ular o‘z xususiyatlari bilan ajralib turishdi. Bu kabi vaziyat kech rivojlangan zamonaviy adabiyotlar misolida “jadal rivojlanish nazariyasi” paydo bo‘lishiga olib keldi [20,196].
Quvayt, Bahrayn, Qatar va boshqa Fors ko‘rfazida joylashgan mamlakatlarning yangi tipdagi zamonaviy adabiyotga jadal o‘tishi, aksincha “sakrab o‘tishi” ko‘rinishida murakkab, ziddiyatli tus oldi.
Buning sabablarini ushbu Fors ko‘rfazi arab mamlakatlarining o‘ziga xos, hatto benazir, yagona ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot yo‘lidan o‘tganidan bilsak bo‘ladi. XX asrning birinchi o‘n yilliklarida o‘rta asrlarga xos qoloq hayot tarzida yashagan bu mamlakatlar XX asrning ikkinchi yarmida juda keskin iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazdi. Adabiy yangilanish birinchi bo‘lib ro‘y bergan Misr, Suriya, Livan kabi mamlakatlarda bunday burilishlar kuzatilmagan edi. Shuning bilan birga Fors ko‘rfazida joylashgan mamlakatlarning o‘zida ham adabiyotlarning jadallashgan rivoji bir yo‘sinda ketmadi. Quvayt, Bahreyn, Yaman, Saudiya Arabistonda zamonaviy adabiyotning shakllanishi XX asr 40-50 yillaridan boshlangan bo‘lib, tez sur’atda butun arab olamida tanilgan adiblar etishib chiqib, Misr, Suriya adabiyoti darajasiga etib oldi. Ammo Qatar, Ummon, Birlashgan Arab Emiratlarida adabiyotning yangilanish jarayoni yanada kechroq, ya’ni XX asr 60-70-yillaridan boshlandi va nashr faolligi, badiiy saviya masalalarida boshqa arab mamlakatlariga tez sur’atda etib olish harakati borligi kuzatildi. Agar Arabiston yarim oroli mamlakatlari adabiyotlarining rivojlanish xususiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular G’arb adabiyotidan emas, balki avvalo Misr, Suriya, Livan adabiyotlaridan, umumiy til birligi o‘sha adabiyotlar bilan tanishish g‘oyalari va badiiyatiga yondashish va o‘zlashtirish jarayonini tezlatib o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi. Yana bir o‘ziga xos jihati shundaki Arabiston adiblari o‘rta asr adabiy jarayonlarini yangi tipdagi zamonaviy adabiyot janrlariga moslashtirish jarayonidan o‘tmadilar yoki yangi bayonchilik uslubini yaratish borasida faoliyat olib bormadilar. Ularning oldida Misr yoki Suriya adabiyotining bu boradagi 100 yillik yangi arab adabiyotini yaratish tajribasi bor edi. Adabiy didlarni shakllanishida Misr, Livan, Suriya va boshqa arab olami qismlaridan ko‘p miqdorda keladigan nashr mahsulotlari, jumladan badiiy-tanqidiy asarlar katta rol o‘ynadi.
Dastlab XX asr 40-50-yillaridan ancha og’ir ijtimoiy-iqtisodiy muhitda yashagan Quvayt, Bahrayn adiblari ko‘proq Misr, Suriya, Livan ma’rifatparvarlarining g’oyalariga yondoshdilar, chunki ular o‘z vazifasining omilini bilishi, ongini va ahloqiy qarashlarini yuksaklashtirishda ko‘rar edilar.
Neftni ishlab chiqarish natijasida “neft pullarining” yog‘ilishi Arabiston yarim oroli mamlakatlari hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Aholining moddiy ahvoli keskin oshdi, mamlakatga yopirilib kelgan eng ilg’or texnika vositalari orqali butun dunyo tamadduni bilan tanishish imkoniyatlari kengaydi. Tezkorlikda turli adabiyotlar bilan tanishuv va ta’sirlanish natijasida mazkur mamlakatlar adabiyotida ma’rifatparvarlik adabiyotidan to modernistik adabiyotgacha bir nechta yo‘nalishlarning qorishuvi (uyg‘unlashuvi) kuzatildi. Agar Misr, Suriya, Lubnon adabiyotida bir yo‘nalishning shakllanishi va rivojlanishiga bir necha o‘n yilliklar talab qilingan bo‘lsa, Quvayt, Bahrayn, Yaman adabiyotlarida bir yo‘nalish maromiga etib oxirigacha shakllanmasdan ikkinchi yo‘nalish bilan almashib ketish vaziyatlari ro‘y berdi. Biroq, Qatar, Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari adabiyotida ma’rifatparvarlik adabiyoti umuman rivoj topmadi.
Umuman olganda Arabiston yarim oroli mamlakatlarida ma’rifiy adabiyotga xos janrlar-safarnoma, tarixiy roman, qomusiy va falsafiy asarlar deyarli yaratilmadi. Ularning o‘rnini ijtimoiy-maishiy hikoya va ijtimoiy – maishiy roman egalladi. Bu asarlarda ba’zida nasihatgo‘ylik, ko‘proq romantik (“Al Ittijah al Vijdaniya”) kayfiyat sezilar edi. Romantik kayfiyat paydo bo‘lishiga mazkur mamlakatlarda keskin burilishlar, tubdan o‘zgarishlar, qurilish natijasida sokinlik, moddiy hayotning yo‘qolib ketgan an’analarini qo‘msash hissiyotlari sabab bo‘ldi.
Ammo ma’rifatparvarlik yoki romantik ruhga mos uslublardan mazkur adabiyotlar avvalida realistik uslub shakllanib bordi, chunki ijtimoiy-maishiy asarlarning mohiyati ko‘proq hayotni, hodisalarni, shaxsiyatlarni haqqoniy tasvirlashni taqozo qilar edi. Bu davrga kelib Misr, Suriya, Lubnon ilg‘or adabiyotlarida realizm yo‘nalishining turli ko‘rinishlari allaqachon hukm surar edi. Ayni XX asr 50-60-yillarida Misr, Suriya, Livan, Iroq, Arab mag‘ribi Tunis, Jazoir arab mamlakatlarini mustamlakachilikdan ozod bo‘lib mustaqil hayot kechirishi shu davlatning ziyolilari, ayniqsa adiblari o‘rtasida munosabatlarning faollashishiga olib keldi. Bu munosabatlar rivojiga nashriyotlarning, radio-televidenielarning umumarab xabarlar maydoniga aylangani yanada yordam berdi.
Al Halij mamlakatlari adiblari uchun Toha Xusayn, Mahmud Teymur, Taufiq al Hakim, Najib Mahfuz, Yusuf Idris, Xanna Mina, Jubron Xalil Jubron, Tohir Vattor, Zunun Ayyub va boshqa mashhur arab adiblari “ustozlar” sifatida qabul qilindi, ularga ijodiy ergashildi, asarlari diqqat bilan o‘rganildi. Al Halij adabiyotida paydo bo‘lgan zamonaviy badiiy nasriy janrlar – ocherk, hikoya, roman, qissa, ayni realistik ruh bilan sug’orildi.
Quvaytlik, Bahraynlik adiblardan ko‘plari Misr, Livan, Suriyaga borib tahsil olishgan, u erdagi adabiy muhitda yashaganlar. Ammo “Al Halij” adiblari misrlik, suriyalik, livanlik ustozlariga taqlid qilgan desak xato qilgan bo‘lamiz, chunki ularning asarlari o‘z milliy xususiyatiga ega edi. Bu milliylik Al Halij mamlakatlarining madaniyati, hayot tarzi, ijtimoiy va siyosiy muhiti, asarlaridada ishlatiladigan lahjalarning o‘ziga xosligi bilan ta’minlangan. Ammo ushbu mamlakatlar adabiyotida 70-yillargacha asosan hikoyanavislik rivoj topgan bo‘lishiga qaramay ko‘zga ko‘rinar biron yirik asarlar hali yaratilmagan edi.
70-yillarda adabiy maydonga kirib kelgan Sulaymon ash Shotiy, Abdu al Aziz as Sariiy, Sulaymon al Xulaviy, Laylo al Usmon, Surayyo al Baqsamiy, Ismoil Fahd, Valid ar Rajab, Munna ash Shofe’iy, Omina Shoib, Bizza al Botiniy kabi Quvaytlik, bahraynlik Xalaf Ahmad Xalaf, Muhammad al Majid, Muhammad Abdul Malik, qatarlik Kulsum Jabr, Kulsum al G’anim kabi yozuvchilar o‘zlarining ilk hikoyalar to‘plamlarini nashr etdilar. Ularning asarlari arab olamida tezda tanilib hatto rus, ingliz, frantsuz va boshqa g’arb tillariga tarjima qilindi.
Albatta, Al Halij adabiyotida realistik uslubni ishlatish oson kechmadi. Adiblarning realistik adabiyot namunalari bilan tanishuvi jadal sur’atda bo‘lsa ham, bu mamlakatlarda realizm yo‘nalishini takomillashuviga bir nechta ichki ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy – madaniy omillar to‘sqinlik qilar edi. Birinchidan, din, siyosat, ayol va erkak munosabatlarini tasvir etuvchi masalalarni davlat va diniy nazorat tomondan cheklatib yoki man qilib qo‘yish omilidir. Ikkinchidan, mualliflarning o‘zida ijtimoiy ong hali an’anaviylikdan holi bo‘lmasdan, muhit, jamoa, muayyan doiralar chegarasidan o‘tib fikrlash qobiliyati hali etarli emas edi. Faqat 70-yillar o‘rtasiga borib etuk realizm asarlari paydo bo‘la boshlaganda Al Halij adabiyotida g‘arb adabiyoti ta’sirida kirib kelgan modernistik tamoyillar ham paydo bo‘ldi. Natijada hikoyalarda realizm, absurd adabiyotining unsurlari namoyon bo‘ladi.
XX asr 80-yillarda “Al Halij” adabiyotlari ancha takomillashdi, unda tashqi muhit tasviri bilan insonning ichki dunyosini ko‘rsata oladigan, psixologik tahlilga tayangan asarlar yaratildi. Shunday qilib, XX asr 60-80-yillarda al Halij arab mamlakatlarida rivojlangan zamonaviy nasr o‘zida realizm, romantizm (“Al Ittijah al Vijdaniy”) va modernizm xususiyatlarini mujassamlashganini ko‘ramiz. Ma’rifiy adabiyotda nasihatgo‘ylikka (didaktik) moyillik borligini kuzatamiz.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Al Halij arab mamlakatlaridan biri bo‘lgan Quvayt adabiyotining XX asr ikkinchi yarmidagi hikoyanavisligi xususida so‘z yuritamiz. Quvayt-Fors ko‘rfazida joylashgan arab mamlakatlaridan biri bo‘lib, arablar al Halij deb atagan. Quvayt mintaqasidan muhim savdo yo‘llari o‘tgan bo‘lib, dunyoning turli qismlarini bog’lab turuvchi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan.
Quvayt XX asrda feodalizm olamidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zamonaviy olamga qadam qo‘ydi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda hayratlanarli o‘zgarishlarni boshidan kechirdi va bir necha o‘n yillar ichida aholi jon boshiga taqsimlanadigan daromad bo‘yicha dunyoning eng badavlat mamlakatlaridan biriga aylandi. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sanoat yuksalishi va qurilish talato‘plarini keltirib chiqardi. Bu esa madaniy ko‘tarilish bilan birga ro‘y berdi. Avvalgi munosabatlar va an’analar o‘z qiyofasini o‘zgartira boshladi.
Asrlar davomida mehnatsevar Quvaytliklar munosib hayot kechirish uchun uchun kurashganlar. Ularni saxiy dengiz baliq va kamyob marvaridlar bilan boqar edi. Quvayt rivoyatlarida dovyurak Quvaytlik dengizchilar o‘lja talabida uzoqlarga yo‘l olganliklari, g‘avvoslar chig‘anoqda quyulgan qimmatbaho marvarid tomchisini izlab dengiz tubiga yanada chuqurroq tushganlari haqida tarannum etilgan.
Cheksiz dengiz kengliklari Quvaytliklarni qo‘rqita olmas edi. Ko‘pchilik uchun dengiz ona uy tusini oldi, xuddi badaviylarga sahro o‘z ona uylari bo‘lgani kabi. Dengiz Quvaytliklarni nafaqat boqar, balki ular uchun nazmiy ilhom manbai bo‘lib hizmat qilar edi. Xalq dostonlari, qo‘shiqlari va hikoyatlarda ko‘pincha dengiz stixiyasi, to‘lqinlar, dengiz ustidagi bulutlar, dengizdagi yolg‘iz kema yoki qayiq obrazi tasvirlanadi. Qirg‘oqdagi keng toshloq maydonlarda ichimlik uchun yaroqli chuchuk suv kam bo‘lgan joylarda sahrodan esadigan qum bo‘ronlari orasida quvaytliklar asov tabiat bilan kurashda jasurlik va sobitlik saboqlarini olishar, qiyin tabiiy sharoitlarda qanday engib chiqishni o‘rganishar edi.
Dengiz tomon tobora «bostirib borayotgan» sahro hamda suvsizlik dastidan dehqonchilik bilan shug’ullanishga deyarli imkon yo‘q edi, biroq aynan mana shu qumlar ostida Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi Quvayt erlarida ham Allohning inoyati, tarix, jug’rofiya va geologiyaning o‘ziga xos siri bo‘lgan neft yashiringandi. Hozirgi kunda butun insoniyatga ushbu boylik nihoyatda zarur.
XX asrning 40-yillari oxiridan boshlab Quvaytda zamonaviy adabiyot shakllana boshladi. Uning oldida yangi voqelikni va undagi insonning o‘rnini tasvirlash vazifasi turar edi. Tezlik bilan ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga hikoya janri juda mos kelar edi. Chunki bu janr hozirjavob janr bo‘lib, jarayon va voqealarga tez munosabat bildira olar edi. Dastlabki bosqichida an’ana ta’sirida bo‘lgan yangi Quvayt hikoyasi o‘z rivojida eski shakllarga yangi mazmun singdirilgan ko‘rinishdan to eng zamonaviy shakl texnikasi ishlatilgan hikoyalargacha etish evolyutsiyasidan o‘tdi. Quvayt hikoyasi evolyutsiyasining bir necha bosqichlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 40-50-yillardagi hikoyalar o‘zining bo‘sh syujeti bilan ajralib turardi. Ularda nasihat ohangi va yuzaki bayonchilik uslubi ustuvorlik qiladi. Ular asosan oilaviy munosabatlardagi ahloqiy me’yorlarga taalluqli edilar.
Quvayt novellasi 50-yillarning oxiriga kelib, bir muncha shakllandi, zamonaviy shaklga kira bordi va hayotni tahliliy tasvirlay boshladi. Jahon adabiyoti va Livan, Suriya, Tunis, Iroq kabi madaniy jihatdan rivojlangan arab mamlakatlari adabiyoti tajribasi bilan yaqindan tanishish shunday imkoniyatni yaratdi. Bulardan Misr adabiyoti ta’siri alohida o‘rin tutadi. Chunki misrlik yozuvchilar XX asrning boshlaridayoq hikoya janrida ijod qilish mahoratiga erishgan edilar.
Ommaviy axborat vositalari-radio, televidenie, gazeta va jurnallar, keyinchalik internetning shiddatli rivojlanishi, publitsistika va jurnalistikaning gullab-yashnashi, Quvayt adabiyotining o‘sishiga sharoit yaratdi. Butun arab olamida keng tarqalgan, yuz minglab tirajda nashr qilinadigan “Al Arab”, “Al Quvayt” jurnallari umuminsoniy tamaddun yutuqlari, jahon madaniyati va adabiyoti bilan tanishtirish uchun ko‘p ishlar qildi. Bu va boshqa mahsus jurnallar sahifalarida jahonga mashhur klassik yozuvchilar bilan birga endi ijodini boshlagan, hali taniqli bo‘lmagan yosh yozuvchilarning ham asarlari bosilar edi. Bu bir tomondan. Ikkinchidan tomondan zamonaviy Quvayt hikoyasining shakllanishida, shubhasiz, xalq og‘zaki ijodi alohida o‘rin tutadi. Bu ajoyib rivoyatlar, hikoyatlar, afsonalar quvaytliklarning ma’naviy olamini boyitar edi. Ularning qahramonlarini his-tuyg‘ulari olami, hayolot parvozi, kahramonlarning lirik kechinmalari mahalliy an’analar va urf-odatlar, milliy ruhni aks ettirishga intilgan yozuvchilarning didini shakllanishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Neft eksporti evaziga iqtisodda ro‘y bergan keskin yuksalish va o‘zgarishlar avvalgi ijtimoiy aloqalar va an’analarni buzib bordi, ularga yangi qiyofa berdi. Quvayt yozuvchilari o‘z asarlarida shiddatli o‘zgarib borayotgan voqelikni anglashga, ruhiy sinishiga olib keluvchi ro‘y berayotgan hodisalarni o‘rganish, tushunish va tahlil qilishga urinadilar. Ular yangi shaxsning, ayniqsa ayol shaxsining shakllanishiga e’tiborni qaratdilar.
Jamiyatda ajralib qolgan arab ayolining taqdiri Arab sharqi yozuvchilarining doimo diqqat markazida bo‘lgan. Quvayt yozuvchilari dastlab bir muncha qisinibqimtinib, keyinchalik ancha dadillik bilan o‘z asarlarida ayollarning oila va jamiyatdagi o‘rni, unga cheklangan bo‘lsa ham, muayyan huquqlar berish haqida yoza boshladilar.
Ayollar mavzusi 1950-1970-yillarda juda rivojlangan edi. Bu holat hozir ham davom etib kelmoqda. Ko‘hna syujetning yana taraqqiy etishi, muhabbatning ayovsiz urf-odatlar bilan to‘qnashuvi yangi sharoitlarda ro‘y beradi. Albatta ko‘p hollarda bayon ohangida melodrama shakli ko‘zga tashlanadi. Lekin yozuvchi, o‘quvchilar oldida an’analar asosida shakllangan oila va jamiyatda bilim olgan ayol munosib o‘rnini qanday topishi mumkin, degan savol o‘tadi. Xadaya Sulton as Salim (“Ayollar hayotidan ikki voqea”), Ali Jadid (“Qonli ufq”), Surayyo al Baqasami (“Oftob kelinchagi”) Laylo Usmon (“Mojaroga aralashgan ayol”)larning hikoyalar mavzusi shundan iborat.
Bu bosqichda maishiy hikoyada pand-nasihat ohangi ijtimoiy tahlil bilan, shuningdek, shaxsning o‘zgargan sharoitdagi ruhiy holatiga alohida e’tibor bilan almashadi. Islohotlar o‘tkazish va mamlakatni yangilash jarayoniga faol qo‘shilgan, jamiyatning o‘rta tabaqasiga mansub shaxs birinchi o‘ringa chiqadi. Ofis boshqaruvlari, turli kompaniya va muassasalar, boshqaruv apparatlarining chinovliklar qatlami bilan bog’liq yangi mavzular vujudga keldi. Masalan amaldorlarning tiyiqsizligi to‘g’risida Xalafning “Janob boshliq” (“Hazrat al Mudir”) hikoyasi yaratildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |