G’aznachilikda narxlar monitoringining vazifalari va maqsadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes sub’ektlarini jalb etishni kengaytirish to’g’risida” 2011 yil 7 fevraldagi PQ-1475-son qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi 2012 yil 6 sentyabrda yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida boshlang’ich narxini pasaytirish yuzasidan elektron auktsion savdolarni tashkil etish va o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida qabul qilingan 260-sonli qaroriga asosan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi va O’zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi tomonidan 2012 yil 7 sentyabrda ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan “Chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi.
Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadigan ro’yxat bo’yicha bitta kontrakt bo’yicha 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha teng bo’lgan summada tovarlar(ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlari faqat yuqorida nomi keltirilgan Nizomga muvofiq tashkil etiladigan va o’tkaziladigan savdolar orqali amalga oshiriladi.
Bitta kontrakt bo’yicha 300 AQSh dollarigacha bo’lgan summadagi davlat xaridlari ham buyurtmachining tashabbusi bilan qonunchilikka asosan amalga oshirilishi mumkin.
Savdolarni o’tkazishda qatnashish uchun buyurtmachilar va etkazib beruvchilar savdolarning qatnashchilari sifatida akkreditatsiyadan o’tishlari, maxsus axborot portalida savdolarni o’tkazish to’g’risidagi e’lonlarini joylashtirishlari, savdolarda qatnashishini ta’minlab beradigan avans to’lovlarini to’lashlari va, shu bilan birga, birja buyurtmachilarining buyurtmanomalari (lotlari)ni shakllantirib berishi lozim bo’ladi.
Byudjetdan mablag’ oluvchilar bo’lgan buyurtmachilarni akkreditatsiya qilish birja tomonidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G’aznachiligi va birja ma’lumotlar bazalarining o’zaro elektron aloqasi yo’li bilan avtomatik rejimda markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Byudjetdan mablag’ oluvchi hisoblangan akkreditatsiya qilingan buyurtmachilar savdolarda birinchi marta qatnashayotganda (mustaqil yoki agentlar orqali) birjaga (keyinchalik birjaga berish uchun buyurtmachi ro’yxatdan o’tkazilgan joy bo’yicha birjaning mintaqaviy bo’linmalariga) buyurtmachining rahbari va bosh buxgalterining notarial yoki yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlangan imzolari namunalari qo’yilgan kartochkalarni taqdim etadilar.
Buyurtmachilar va etkazib beruvchilarni akkreditatsiyadan o’tkazish bepul amalga oshiriladi va muddatsiz xususiyatga ega. Tashkiliy-huquqiy shakli, nomi, manzili, bank rekvizitlari o’zgarganda yoxud akkreditatsiyaning holatiga yoki amal qilishining davom etishiga ta’sir ko’rsatadigan boshqa o’zgarishlar bo’lgan hollarda buyurtmachilar va etkazib beruvchilar besh kun muddatda birjaga (keyinchalik birjaga berish uchun buyurtmachining ro’yxatdan o’tkazilgan joyi bo’yicha birjaning mintaqaviy bo’linmasiga) tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ushbu o’zgarishlar to’g’risida yozma axborot taqdim etishlari shart. Akkreditatsiya natijalari bo’yicha birja:
buyurtmachiga va etkazib beruvchiga berilgan foydalanuvchining yakka tartibdagi raqamiga muvofiq alohida shaxsiy hisobraqamlari ochadi. Buyurtmachilar va etkazib beruvchilarning avans to’lovlari Hisob-kitob-kliring palatasining talab qilib olingungacha ikkilamchi depozit hisobraqami doirasida ushbu shaxsiy hisobraqamlarida hisobga olinadi;
buyurtmachilar va etkazib beruvchilarga personal kabinet tashkil etadi, unga o’tkaziladigan savdolar to’g’risidagi ma’lumotlarni va boshqa zarur ma’lumotlarni yuboradi.
Buyurtmachi savdolarda qatnashish uchun mustaqil ravishda yoki agent orqali maxsus axborot portaliga e’lon joylashtiradi. Zarurat bo’lganda, buyurtmachi yoki uning agenti e’lonni (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish uchun savdolar o’tkazilishida) savdolar predmeti bo’yicha loyiha smeta hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan to’ldirishi ham mumkin.
Maxsus axborot portalida joylashtirilgan e’lon, Hisob-kitob-kliring palatasining ikkilamchi depozit hisobraqami doirasida buyurtmachining hisobraqamida uning avans to’lovi mavjud bo’lgan taqdirda, avtomatik tarzda buyurtmachining buyurtmanomasiga aylanadi.