O‘tgan asrning 20-30–yillaridagi ma’rifatparvarlik g’oyalarining o‘zbek bolalar adabiyoti rivojiga ta’siri.
O‘zbek bolalar matbuoti inkishofi va ularning yosh avlodga
alohida ta’siri hodisasidir. 1919-yildan e’tiboran yosh kitobxonlarni bir maslakka
uyushtirish, tarbiyalashda matbuotning roli kata bo`lgan. Garchi 20-yillardagi
adabiy-badiiy jurnallarning faoliyati birmuncha qisqa bo‘lgan esa-da, ularning
bolalar adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi diqqatga sazovor. 20-yillar o‘zbek
bolalar adabiyoti matbuot sahifalarida tug‘ilganligi, ular ta’lim-tarbiyani
jonlantirishda samarali ta’sir ko‘rsata olganligini ta’kidlovchi e’tiroflar talaygina.
Haqiqatan, 1919-yil 23-mayda Samarqanddagi 1-totor bilim yurti o‘quvchilari tomonidan chiqarilgan “Bolalar yo‘ldoshi” jurnali o‘z faoliyatini shunday da’vat bilan boshlagan edi: “Majalla ikki bo‘lak berilib, avvalgi bo‘lagi o‘quvchilar qalami ila olib borilur, keyingi bo‘lagi o‘quvchilar to‘ldira olmaganda yozuvchilar to‘dasi (hay’at tahririyati) qo‘lindan o‘tkazilur va mumkin bo‘lgan qadar o‘quvchilarga o‘rin ko‘proq beriladir... Turkiston o‘lkasidagi yosh o‘qituvchilar, albatta, bu zo‘r tilak ila maydonga qo‘yilgan majallaga tovush bersunlar”. Nashrlar atrofiga uyushgan Sadriddin Ayniy, Rahim Mahmudiy, Abdulxabir Abdulla o‘g‘li, Abdurashid Abdujabbor o‘g‘li kabi yozuvchi va shoirlar bolalar hayotiga oid maqola, hikoya va she’rlar yozib turishgan.
Manbalarda shu yili yana bir jurnal chiqqanligi qayd etiladi: “1919 yil may oylarida, – deb ma’lumot beradi Q.Oripov, –“Yosh sharq” nomli jurnal bosmadan chiqadi. Bu jurnalga Finkelshteyn muharrirlik qiladi, jurnalning redkollegiyasida mahalliy yoshlardan Rahim Inomov, Botu va boshqalar bor edi. Biroq bu yoshlar jurnali birinchi sonidan so‘ng gazetaga aylantirildi”. Ziyo Said, Botu, Akmal Ikromov, A’zam Ayub, Usmonxon, Julqunboy, Mirmulla, Cho‘lpon, Elbeklar gazeta bilan hamkorlik qilib, uning 5-dan 10-sonigacha chiqarishga muvaffaq bo‘ladilar.
1921-yilning martida xalq maorifi komissarligi tomonidan “Bolalar dunyosi” nomli yana bir jurnal chop etilgan. Ushbu nashrning yetakchi maqsadlari bolalar va o‘smirlarning qiziqishlari hamda yangicha qarashlarini targ‘ib etish bo‘lgan. U “yosh o‘qituvchilar orasida ong-bilim tarqatuv yo‘lida chiqarilaturg‘on o‘zbekcha bolalar jurnali” edi.
Bundan tashqari, o‘sha yillarda Davlat nashriyoti tomonidan bolalar uchun “Sharq chechagi” nomli yana bir jurnal chop etilgan. Biroq unga doir ma’lumotlar Bois Qoriyev (Oltoy)ning dissertatsiyasidagina uchraydi. “Bolalar dunyosi” jurnalining, – qayd etilgan mazkur tadqiqotda, – 3-4-sonlari birga “Sharq chechagi” nomida chiqdi. Bu sonda Andersenning “Margaritka”, “Qush qo‘shig‘i” sarlavhali hikoyalarining tarjimasi berilgan. Yana, Yoqub Fayziyning “Kichkina yozuvchi” hikoyachasi, A.Qodiriyning “Julqunboy” imzosi bilan “Tayoq maktabi” sarlavhali asarlari e’lon qilindi”.
Bu dalillar nashr sahifalarida ko‘proq badiiy ijod namunalari berilgani, ular asosan, bolalarga mo‘ljallab yozilganini asoslaydi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “Julqunboy” imzosi bilan yozilgan “Tayoq maktabi”da eski maktab o‘quvchisi Muxtor timsoli, uning obrazi orqali ilm dargohlaridagi ichki tartiblar, o‘qitish usullarining qoniqarsizligi, domlalarning tayoqli munosabati real aks ettirilgani qayd etilgan.
Turkistonda bolalar jurnallarining uzviy nashri 1929-yildan boshlangan. “O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi tomonidan chiqarilgan oylik badiiy, tanqidiy-bibliografik “Yosh kuch” jurnali” shu ma’nodagi dastlabki nashrdir. Uning maqsadi va yo‘nalishi quyidagi murojaatnomada ayonlashadi: “Bolalar! Qo‘lingizda bo‘lgan jurnalimiz sizlarni to‘plashda, uyushtirishda, tarbiyalashda kata ko‘makchidir. Jurnalga mushtariy bo‘lishingiz yetmaydi. Unga yozuvchi bo‘lib, har xil she’r, hikoyacha, maqolalar berib turish uchun yozg‘uvchi yosh kuchlar jurnal tegrasiga to‘planishlari kerakdir.
Shuningdek, 1929-yilda “O‘zbekiston Markazqo‘mi qoshidagi firqa bolalar tashkiloti Markaziy byurosining fikr tarqatuvchisi” sifatida ish boshlagan “Lenin uchquni” ( 1991- yildan “Tong yulduzi”") gazetasini ham uzluksiz nashr sifatida e’tirof etish mumkin. Muhimi, shu kabi bolalarga ixtisoslashgan gazeta-jurnallar faoliyati, so‘ngra, 1925-27-yillardan boshlab “O‘zbek seksiyasi” nashriyotining (O‘zGIZ) chet el va qardosh xalqlar bolalar adabiyotidan tarjima asarlar nashr eta boshlagani, qolaversa, S.Ayniy, A.Qodiriy, G‘.G‘ulom, G‘ayratiylarning bolalar uchun yozgan asarlari o‘zbek bolalar adabiyotining takomili uchun mustahkam poydevor vazifasini o`taydi. Qolaversa, o`z davrida Shokir Sulaymon va G‘ayratiy kabi iste’dodli adiblar bolalar uchun ko‘plab hikoyalar va she’rlar yozgani diqqatga sazovor. Binobarin, o‘zbek bolalar adabiyotining shakllanishida o‘qish kitoblari, xrestomatiyalar, teatr asarlarining ham ahamiyati katta bo`lgan.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan asrning 20-yillarida maktab darsliklari va matbuot
sahifalarida e’lon qilingan bolalar adabiyoti namunalari hodisaning muayyan
tizimlashuvini boshlab bergani bilan e’tiborlidir. Binobarin, o‘zbek bolalar
adabiyoti – she’riyati, nasri va dramaturgiyasi o‘tgan asrning 20-yillarida shu
zaylda qaror topib ulgurdi. A.Qodiriyning “Uloqda”, “Jinlar bazmi” hikoyalari
yosh qahramonlar ruhiyati talqiniga ko‘ra bolalar adabiyoti hodisasining ehtiyoji bilan paydo bo‘lgani-da, shu haqiqatni oydinlashtiradi.
XX asrning arafasi va boshlarida o‘zbek bolalari uchun ixtisoslashgan maxsus badiiy adabiyot yaratish harakati shu tariqa yuzaga kelib, izchil tusga kira
boshlagach, Sirojiyning “Bolalar adabiyoti to‘g‘risida bir fikr” (“Maorif va
o‘qitg‘uvchi” jurnali, 1921-yil, 3-son, 30-31-b.), “Qizil o‘zbek matbuotida bolalar
adabiyoti” (“Zarafshon” gazetasi, 1924-yil 21-iyun, 157-son), Zarif Bashirning
“Bolalar adabiyoti kerak” (“Turkiston” gazetasi, 1923-yil, 27-aprel), G‘ozi Olim
Yunusovning “Bolalar adabiyoti haqida” (“Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali, 1925-
yil, 3-son), Shokir Sulaymonning “Bolalar adabiyoti nashr qilish kerak” (“Qizil
O‘zbekiston” gazetasi, 1926- yil, 30-sentabr, 224-son) maqolalarida yigirmanchi
yillar bolalar adabiyoti oldida turgan muhim vazifalar xususida fikr yuritilgan.
Nihoyat, bolalar adabiyotiga avvalo, shu olam vakillari uchun maxsus yaratilgan
asarlar sifatida qarash an’anaga aylandi. Bunda, jahon va rus bolalar adabiyotining
ilg‘or an’analari, boy tajribalarining ta’siri ham katta bo‘ldi. Nihoyat, bolalar olami va qiziqishlari, yosh xususiyatlari, didi va tiliga mos, tafakkuri va tasavvuriga xos tarzda yaratilgan badiiy ijod namunalari alohida yo‘nalishni tashkil etish darajasiga erishadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘zbek bolalar adabiyotining ilk qadamlari dastavval, o‘qish kitoblari bag‘rida tug‘ildi. Chunki boshlang‘ich sinflarning o‘qish darslari o‘z mohiyati, maqsad va vazifalariga ko‘ra ta’lim tizimida alohida o‘rin tutadi; uning zaminida o‘quvchilar savodxonligini ta’minlash bilan birga, ularni badiiy adabiyotning sehrli olamiga olib kirish ko‘zda tutiladi. Bu jihat ilk darsliklardanoq an’anaga aylanib kelayotir, desak xato bo‘lmaydi. Adabiyotshunos R.Barakayev o‘zbek adabiyotidagi bolalar uchun maxsus yaratilgan ilk alifbo Saidrasul Aziziyning “Ustodi avval” (1902) kitobi ekanini ta’kidlaydi. Shundan keyin esa Oktabrgacha (1917-yil, oktabr – O.S., B.J.,) islohotchi pedagog va adiblarning ellikka yaqin nomdagi alifbo va o‘qish kitoblari nashr qilinganini qayd etadi. Bunda Munavvarqori Abdurashidxonovning “Adibi avval”(1907), “Adib ussoniy” (1909), Serikboy Oqayevning “Xrestomatiya, ya’ni terma kitob” (1911), Qori Usmon ibn Abduxoliq Shoshiyning “Ta’limi avval”(1910), Mulla G‘ulomiddin Akbariy(Kabirzoda)ning “Ta’limi soniy”(1912), Abduvahob ibn Abdullo Ho‘qandiyning “Tahsili alifbo” (1912), Muhammadjon Rasuliyning “Bolalar bog‘chasi” (1915), Muhammadamin Faxriddinovning “Rahbari soniy” (1916) singari alifbo va o‘qish kitoblari, nihoyat, Abdulla Avloniy va Hamza Hakimzoda Niyoziy darsliklarini birma-bir sanab o`tadi. Ularning umumiy xususiyatlari haqida esa: “Yuqorida nomlari zikr etilgan alifbo va o‘qish kitoblari deyarli to‘lig‘icha badiiy matnlardan tashkil topgani sababli ularni istisnosiz, badiiy adabiyot namunalari sifatida ham tadqiq etish joiz”,– degan mulohazani ilgari suradi.
Hamchunin, bu tipdagi kitoblarning paydo bo‘lishini o‘zbek bolalar adabiyotidagi haqiqiy tug‘ilish, deb hisoblaydi olim (ta’kid bizniki – O.S.,R.B., B.J.).
Bunday e’tirofni yana bir manba tasdiqlaydi: “10-yillarning boshida (1910-
yillar – O.S., R.B., B.J.), – deb yozadi B. Qosimov, – bemalol aytish mumkinki,
yangi adabiyot shakllanib ulgurgan edi. Bu borada 1901-yilda chop etila boshlagan
Munavvarqorining “Adibi avval”, “Adibi soniy”, Saidrasul Aziziyning “Ustozi
avval” (1902), Aliasqar Kalininning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”,
Rustambek Yusufbekovning “Ta’limi avval”, “Ta’limi soniy” kabi darslik va
darslik-majmualari, xususan, ulardagi ixcham didaktik she’r va hikoyalar yangi
adabiyotning shakllanishida ilk tajriba vazifasini o‘tadi.”
Darhaqiqat, milliy uyg‘onish harakatining o‘zbek bolalar adabiyotini yuzaga
keltirishdagi roli ham aslida shunday darsliklar va badiiy ijod namunalarining
alohida o‘rni bilan belgilanadi. Zero, o‘zbek bolalar adabiyoti tarixini yoritishda
o‘tgan asr boshlarida yetishib chiqqan ko‘pgina ma’rifatparvar adiblar faoliyati
va ularning darsliklari muhim ahamiyat kasb etadi
Do'stlaringiz bilan baham: |