Tahlil qilish uchun ma’lumotlar
2011 yil yakunlari bo‘yicha Respublikamizda 7163 nafar bemor kasb kasalliklari bilan dispanser nazoratida bo‘lib kelmoqda. Respublikadagi kasb kasalliklari umumiy sonining 25,7 foizi, ya’ni 1851 tasini ayollar tashkil etadi. Bemorlarni yoshi kesimida qaralganda, 35 yoshgacha bemorlar 3 foizni, 35-45 yoshgacha bemorlar 11,5 foizni, 45-60 yoshgacha bo‘lgan bemorlar 37,0 foizni, 60 va undan katta yoshdagi bemorlar 48,5 foizni tashkil etadi.
Respublikamizda kasb kasalliklari tarkibidagi quloq, burun va tomoq (LOR) organlarining kasalliklari (asosan ikkitomonlama koxlear nevrit, kasbiy lorengit) 21,4 foizni, kasbiy bronxitlar 19,8 foizni, tebranish (vibratsiya) kasalligi 14,4 foizni, pestitsidlardan zaharlanish 14,2 foizni tashkil etadi.
Kasb kasalligiga ega bo‘lgan bemorlarning umumiy soni oxirgi yetti yilda birmuncha kamaygan. Birinchi marta tashxislangan kasb kasalliklari dinamikada o‘rganilganda ularning soni kamayligi kuzatiladi. Kasb kasalliklari bilan kasallanish ko‘rsatkichi (10 ming ishlovchi aholiga nisbatan) 2007 yilda 0,49 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2011 yilda 0,29 ni tashkil etgan. Birlamchi kasb kasalliklarini nozologik birliklarda o‘rganilganda LOR a’zolarining kasalliklari sonining keskin kamayganligi, pestitsidlar bilan zaharlanishlarning birmuncha kamayganligi, pnevmokoniozlar guruhiga kiruvchi silikoz kasalligining esa aksincha keskin ko‘payganligini kuzatish mumkin.
Respublikamizda kasb kasalliklariga ega bo‘lgan bemorlarning 26 foizi har yili tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, nogironlik guruhi va kasbi bo‘yicha mehnatga layoqatsizligi darajasi (foizi) belgilanib kelinmoqda.
Bemorlarning 74 foiziga nogironlik guruhi va kasbi bo‘yicha mehnatga layoqatsizligi darajasi muddatsiz belgilangan.Kasb kasalliklariga ega bo‘lgan bemorlarning 15 foizi nogironlik guruhiga emas, ularda 10 foizdan 30 foizgacha kasbi bo‘yicha mehnatga layoqatsizligi darajasi aniqlangan, 58 foizi III guruh nogironlari va 30 foizidan 60 foizigacha kasbi bo‘yicha mehnatga layoqatsizligi darajasiga ega. Kasb kasalliklari tufayli mehnat qobiliyatini yo‘qotganlar 25 foizni tashkil etib, ularning 11 tasi I guruh nogironidir. Ushbu nogironlarning kasbi bo‘yicha mehnatga layoqatsizligi darajasi 60 foizdan 100 foizgacha belgilangan.
Kasb kasalliklarning asosiy profilaktik yo‘nalishlari, ularning oldini olish yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar
Xodimlarning sog‘lig‘ini saqlashda, jumladan kasb kasalliklarining profilaktikasida mehnat faoliyatining holati muhim o‘ringa egadir. Shuning uchun xam mehnat sharoitlarini yaxshilash va kasb kasalliklarini oldini olish masalalariga “O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya Nazorati” haqidagi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasida aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilishning asosiy qoidalari” kabi hujjatlarda alohida e’tibor berilgan.Respublikamizda xodimlarga tibbiy-sanitar xizmat ko‘rsatish, kasb kasalliklarining profilaktikasi ikki yo‘nalishda olib borilmoqda.
1.Mehnat sharoitlarini yaxshilash va muhofaza qilish.
2.Tibbiy profilaktik yordam ko‘rsatish.
Kasb kasalliklari profilaktikasida ishlab chiqarish jarayonlarining modernizatsiyasi, avtomatlashtirish, mexanizatsiyalashtirish, distansion boshqaruv va robot texnikasidan foydalanish, zaharli kimyoviy moddalardan foydalanishni cheklash, chang miqdorini, fizik omillar darajasini kamaytirishga yo‘naltirilgan texnologik chora tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Ishlab chiqarishda mahalliy va umumiy havo almashtiruvchi ventilyatsiyani qo‘llash, xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash, maishiy xonalar, ovqatlanish va dam olish uchun sharoitlar yaratish, mehnat rejimini to‘g‘ri tashkil etish kasbiy va umumiy kasalliklarning oldini olishning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Kasb kasalliklari profilaktikasining eng samarali yo‘nalishlaridan biri ishchi va xizmatchilarni profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tkazishdir.
Kasb kasalliklarining profilaktikasida quyidagilar muhim ahamiyatga ega:
barcha bemorlar kasb kasalligi aniqlanishi bilanoq, jumladan kasallikning boshlang‘ich klinik belgisi kam namoyon bo‘lgan holatlarda ham dispanser nazoratiga olinishi kerak;
kasb kasalligi bilan kasallangan bemorlar mehnat qilishlari yoki nafaqada bo‘lishlaridan qat’iy nazar, doimo davolash va dispanser nazoratida bo‘lishlari shart;
bemorlarni dispanser kuzatish prinsiplari kasb kasalliklarining shakli va kechish xususiyatlari bilan belgilanadi;
kasb kasalliklarining avj olishi va asoratlari qo‘shilishining oldini olish maqsadida kasb kasalliklarining yaqqol ifodalangan shakllari bilan kasallangan bemorlar har yili kasb kasalliklari klinikasida davolanishlari zarur;
kasb kasalliklari bilan kasallangan bemorlarni dispanser nazorat qilish tizimi bemorlar reabilitatsiyasining tarkibiy qismi hisoblangan, ularni mehnatga to‘g‘ri joylashtirish muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |