3.1-maruza. Islom va yozuv. Arab yozuvi va musulmon kitobatchiligi an’analari, qo’lyozma matnlar va ularning umumiy belgilari, xat turlari
REJA:
1.Islom va yozuv
2. Mus’haf jamlanishi tarixi.
3. Mus’haf jamlanishi jarayonida matnshunoslik tamoyillarining shakllanishi
4.Qo‘lyozma kitobning nodirlik xususiyatlari. Husnixat. Nasta’liq va nasx.Kolofon. Unvon. Poygir.
Ma’lumki, VIII asrdan boshlab arab yozma adabiyoti shakllanadi.1Matn tuzish masalalarining eng asosiysi bevosita Qur’oni karim matni bilan bog‘lanadi. Qur’onni jamlash uning turli sahifalardan iborat bo‘laklarini to‘plash, so‘ngra suralarni tartib bilan joylashtirib, bitta mushaf (muqova) ostida yig‘ish matn tuzish ishlarining aniq belgilangan prinsiplari asosida bajarilgan. Qur’onni bu tarzda jamlash Muhammad alayhissalom hayotligida amalga oshirilmadi. U paytda Qur’on to‘laligicha sahobalarning qalblaridan joy olgan edi. Payg‘ambar alayhissalom vafotidan keyin aksariyat arablar dindan qaytadilar. Musaylimatul kazzob payg‘ambarlik da’vo qilib chiqadi. Bularga qarshi kurashda Abu Bakr Siddiq YAmomada jang olib boradi. Jangda juda ko‘p Qur’on hofizlari shahid bo‘ladi. Bu voqeadan so‘ng Umar ibn Xattob Qur’onni yod bilgan qorilarning o‘limi tufayli Qur’on oyatlari unutilishidan qo‘rqadi. Abu Bakr Siddiq Umar ibn Xattobdan Qur’onni jam qilishga buyurishini so‘raydi. Qur’on matni unutilish, qo‘shilish yoki buzilishidan xavflanib, qayta ko‘chirildi. Bu ish Zayd ibn Sobitga topshiriladi. U xurmo po‘stloqlariga, toshlarga yozilgan oyatlarlarni yig‘ib, oyatlarni yod olgan odamlardan eshitib, Qur’onni jamlay boshlaydi. Qur’on sahifalari dastlab Abu Bakr Siddiqda, uning vafotidan so‘ng Umar ibn Xattobda, so‘ngra Umar ibn Xattobning qizi Hafsada saqlandi.
So‘ngra Usmon ibn Affon xalifaligi davriga kelib qiroatda ixtilof paydo bo‘lishi sababli sahobalar orasida xavfsirash kuchaydi. SHuning oqibatida Usmon ibn Affon Umar ibn Xattobning qizi Hafsadan Mushafni ko‘chirib olish uchun berib turishini so‘raydi. Umar ibn Xattob Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Said ibn Os, Abdurahmon ibn Horis va Ibn Hishomga Mushafdan nusxalar olishni buyurdi. Ular Mushaf nusxalarini ko‘paytira boshladilar. Usmon ibn Affon ko‘chirilgan nusxalarni dunyoning to‘rt tarafiga jo‘natdi va Qur’onning ushbu nusxalaridan boshqa barcha nusxalarini yoqib yuborishni buyurdi. Zayd ibn Sobit Qur’onni jamlagan birinchi kotib hisoblanadi.2
Mushaf matnini tayyorlashda eng yaxshi yozadigan, arab tilini yaxshi biladigan hamda Qur’on quraysh tilida nozil bo‘lganligi sababli qurayshlik ilm kishilari tanlangan. Abdusattor SHayxning “Abdulloh ibn Mas’ud” kitobida Qur’on matnini jamlashdagi usmoniy usulning asosiylari quyidagilar deb ko‘rsatiladi:
Qur’on matni uchun Hafsa onamizda saqlangan Qur’on juz’lariga suyanish asos bo‘ldi. Bu juz’lar Payg‘ambar alayhissalom buyruqlari bilan yozilgan asliyatga to‘la muvofiq edi.
Har bir oyatning manbasi aniqlandi. Ixtilofli hollarda quraysh lug‘atiga murojaat etildi.
Qur’onni jamlash hay’ati Payg‘ambar alayhissalomdan sobit bo‘lgan muborak so‘z yo jumlani yozishda uni bitta jihat bilan chegaralab, qusurli qilib qo‘yadigan har qanday alomatdan saqlandi.
Bosh Mushafni kitobat qilish ishi tugagach, endi barcha mushaflar bosh Mushafdagi tartibda ko‘chirilishi uqtirildi. Zayd ibn Sobit bosh Mushafni bir necha marta sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi. Keyin musulmonlar xalifasining o‘zi ham bu Mushafni e’tibor bilan ko‘chirib chiqdi va hech narsa unutib qoldirilmaganini ta’kidladi.3
Bundan ko‘rinadiki, Qur’on matnini tiklashda matn tarixi tanqidi masalasi asosiy bo‘lib, manbaning tashqi va ichki jihatlari tekshiruv ob’ekti hisoblangan. Ilmiy-nazariy va amaliy metodlar bilan manba matniga mantiqan yondashilgan. Qur’on matnini tiklash ishlari filologik tekshiruvlar ham edi. Usmoniy Mushaf keng tarqalgach, so‘zlardagi xilma-xillikka barham berildi, sahobalardan hech kim Qur’on qiroatida lafziy ixtilofga bormadi.
A. Habibullaev ilk islom davri madaniyatida matnni tiklash ishlari uch xil shaklda bajarilganligini qayd etadi. Olimning tekshiruvlari bo‘yicha, bular: mavjud matnlarni aynan ko‘chirish, asarning mazmunini o‘z talqinida bayon etish va folklor matnshunoslikdir.4 YAna qo‘shimcha qilish mumkinki, islom dunyosida matniy ishlarning rivoji bevosita Qur’onning mushaf holiga keltirilishi bilan bog‘lanar ekan, matn mazmuni, shaklining mukammal va tugal bo‘lishi asosiy edi. CHunki Qur’on boshqa qayta tuzilmadi. Bu islom madaniyatidagi matn bilan bog‘liq ishlarning eng kattasi, mas’uliyatlisi va e’tiborlisi bo‘ldi.
Matnshunoslik tarixiy taraqqiyotini kuzatish uchun Qur’on matni ma’nosini echish, sharhlash, tafsir etish yoki hadislar matnini yig‘ish kabi jarayonlar tahlili muhim manba bo‘la oladi.
Matnshunoslikning shakllanib borishi yana qomusiy olimlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, YUsuf Xos Xojib, Mahmud Koshg‘ariylarning manbalarni yig‘ish, saqlash va, asosiysi, matn yaratishdagi ilmiy-nazariy xulosalari hamda olib borgan amaliy ishlari bilan bog‘lanadi. Xususan, Forobiyning falsafa, arifmetika, handasa, musiqa, tabiat, kimyo, tibbiyot kabi fanlar sohasidagi kashfiyotlari bilan birga tilshunoslik, she’riyat, notiqlik san’ati, xattotlikka oid asarlari keng tarqalgan. U “Xattotlik haqida kitob”(“Kitob fi san’at at-kitobat”) asarida aynan yozuv turlari va xattotlik mahorati masalalariga ahamiyat qaratgan.
XI asrning mashhur mutafakkir shoirlaridan YUsuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bitigchi, ya’ni kotib to‘g‘risida mulohaza qilib, uning jamiyatdagi mavqeidan shunday bahs yuritadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |