Mazmun va shakl - olamdagi turli narsa, hodisa va jarayonlarning dialektikasini o‘rganishda, ular o‘rtasidagi aloqa va munosabatlarni bilishda muhim o‘rin tutadigan kategoriyalar. Mazmun muayyan narsa, hodisa, jarayonlarning o‘ziga xos sifati, xususiyatlari, muhim belgilari, elementlarning yig‘indisini anglatsa, Shakl mazmunning mavjudlik usuli, narsa va hodisalarning ichki hamda tashqi tuzilishini ifoda etadi. Masalan, narsa va jismning mazmuni moddiyligida va harakatda ekanligidadir. Xuddi shunday, atomning mazmuni uning tarkibidagi 30dan ortiq manfiy, musbat va nol zaryadli elementar zarralar, ularning rezonanslari, elektron maydon kabilarning shunchaki mexanik birligidangina iborat emas. Ayni paytda, ularning harakati muayyan maydonlar orqali bir – biriga ta’sir va aks ta’sir ko‘rsatishini ham bildiradi. Atomning shakl uning tarkibiga kiruvchi elementar zarralarning joylanish tartibi, zarralar va maydon orasidagi munosabat asosida yuzaga keluvchi aloqalar, bog‘lanishning xususiyati bilan belgilanadi. Shuningdek, har qanday badiiy asarning mazmuni unda aks ettirilgan voqea orqali g‘oya va obrazlar tizimini bildirsa, shakli shu asarning tuzilishi, tili, hamda hikoya, roman va shu kabilar tarzida ifodalanadi.
Faylasuflardan ayrimlari shakl va mazmunning mavjudligini inkor etsalar, boshqalari shakl va mazmunning o‘zaro birligini anglamaganlar. Jumladan, Aristotel marmardan haykal yo‘nayotgan haykaltaroshni kuzatar ekan, shakl mazmundan bo‘lak va mustaqil mavjud bo‘ladi, unga mazmun tashqaridan kiritiladi, shu tufayli marmar jonlanadi, degan xulosaga keldi. I.Kant esa mazmun va shaklni faqat inson aqli, tafakkurining mahsuli, natijasi deb tushundi. Gegel mazmun va shakl dialektikasini tan olgan bo‘lsa ham, lekin mazmun ham, shakl ham mutlaq g‘oya rivojlanishining bosqichlari, turli ko‘rinishlardagi ifodasidir, degan fikr yuritgan. Hozirgi zamon falsafasi vakillaridan biri, fizik olim E. Sherdingerning fikricha, voqelikda narsalardan mustaqil shakllargina mavjud, jumladan, «elementar» zarralarning moddiylikka aloqasi yo‘q, ular har qachongiday, sof shakl olamda shakldan bo‘lak hech nima bo‘lishi mumkin emas.
Mohiyat va hodisa – olamdagi narsa, hodisa jarayonlarning ichki, muhim jihatlari hamda yuzaki, tashqi tomonlarini ifodalaydigan falsafiy kategoriyalar. Mohiyat, narsa, buyum, jarayonlarning ichki, muhim, asosiy, zaruriy, barqaror aloqalari, tomonlari munosabatlarning yig‘indisini anglatadi. Hodisa esa mohiyatning tashqi ifodasi, namoyon bo‘lishi, narsa va jarayonlarning yuzaki, nisbatan o‘zgaruvchan tomonlarini bildiradi. Zero, olamda yakka hujayrali tirik organizmlardan tortib, insongacha bo‘lgan qanchadan-qancha shakllari (hodisalar) borki, ularning bir qarashda payqash mumkin bo‘lmagan ichki umumiy tomoni, barchasiga xos modda almashinuvi (mohiyati) mavjud. Ma’lum mohiyatga ega bo‘lmagan jism, jarayon bo‘lmaganidek, muayyan hodisada ifodalanmagan mohiyat ham bo‘lishi mumkin emas. Binobarin, mohiyat va hodisa olamdagi narsa, jarayonlarga xos tashqi va ichki tomonlarning birligidan iborat. Falsafada mohiyat va hodisa masalasiga turlicha, idealistik, materialistik va metafizik qarashlar mavjud. Jumladan, olam, uning hodisalari turli g‘oyalar yoki sezgilar yig‘indisidan iborat deb talqin etuvchilar nazdida mohiyat va hodisa obyektiv xarakterga ega emas, deyiladi. Boshqalar esa, butun voqelik ruhiy boshlang‘ichga asoslanadi, hodisalar mohiyati absolyut ideyadan kelib chiqadi (Gegel), mohiyat alohida ideal zamindir, u hodisalardan ayrim holda mavjud bo‘ladi, deb qaraydilar. Agnostitsizm mohiyat bilan hodisani ajratib tashlaydi, mohiyatga bilib bo‘lmas «narsa o‘zida» tartibida qaraydi. Ikkinchi tomondan ayrim faylsuflar narsalar mohiyatiga ruhiy mazmun beradilar va bu mazmunni moddiy jismlarga nisbatan birlamchi, deb hisoblaydilar (Aflotunning umumiy mohiyatlar g‘oyaviy olami, Gegelning tabiat mohiyatning ifodasi sifatidagi mutlaq g‘oyasi). Faylasuflarning ba’zi vakillari predmetlarda mohiyat bilan hodisani ajratib ko‘rsatishni sof subyektiv jarayon, deb hisoblaydilar (Dyui, Lyuis), mohiyatning obyektivligini inkor etadilar, hodisani esa sezgilar bilan bir qilib qo‘yadilar (Max fenomalizmi). Subyektiv idealizmning vakillaridan J.Berkli, D.Yum va I.Kant singarilar reallik sezgilar kompleksidan iborat ekan, demak, mohiyat va hodisa ham inson aqliy faoliyatining natijasi, deb qaraydilar. I.Kant nazarida mohiyat va hodisa o‘zaro bir-biriga aloqasi bo‘lmagan, ikki mustaqil substansiya bo‘lib, inson bilish jarayonida «narsa o‘zida» ni hech qachon bilishi mumkin emas. Kant hodisalarni bilishning hissiy va ratsional momentlari o‘rtasidagi birlik, bog‘lanishning hosilasidir, deb e’tirof etadi. Bunday qarashlarni, hozirgi zamon falsafasidagi nepozitivizm, pragmatizm oqimlari ham targ‘ib qilmoqda. Bu oqimlarning namoyandalari Uaytxed, Karnap, rassel kabilar Kant qarashlarini davom ettirmoqdalar. Tabiat va tarixiy taraqqiyot shuni ko‘rsatadiki, mohiyat va hodisa olamning mavjudlik holatlari sifatida bir narsaning o‘zaro uzviy bog‘liq ikki tomonidir. Bir-biridan mustasno va aloqasiz hodisalar ham, mohiyatlar ham bo‘lmaydi. Hodisalar mazmunga ko‘ra mazmunan keng bo‘lib, har bir narsa va jarayonga xos individuallikni ifodalaydi. Mohiyat esa chuqur aloqalarni, hodisalarning o‘zaro munosabati va bog‘liqligidan kelib chiquvchi umumiylikni anglatadi. Mohiyat va hodisa tushunchalari hamisha o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Olamda hech qanday mohiyat yo‘qki, u zohirda namoyon bo‘lmasin va bilib olinmasin. Shuningdek, hech qanday hodisa yo‘qki, u mohiyat haqida biror – bir to‘la axborotni o‘z ichiga olmasin. Lekin mohiyat bilan hodisaning birligi ularning bir-biriga to‘la va mutlaq mos kelishini bildirmaydi. Mohiyat, hodisa zamirida yashiringan bo‘ladi, u naqadar chuqur bo‘lsa, uni nazariyada bilish shu qadar og‘ir kechadi.
Sabab va oqibat - olamdagi narsa va hodisalarning bir-biri bilan aloqadorligi, ta’siri va aks ta’sirini, voqelikka xos ana shunday munosabatlar jarayonidagi sabab va oqibat bog‘lanishini ifodalaydigan kategoriyalardir.
Sabab olamning harakati va biron-bir vaqt doirasida bo‘lgan o‘zgarishdan so‘ng ikkinchi boshqa bir natijaning zaruran kelib chiqishini ta’minlovchi asosiy hodisani anglatadi. Oqibat esa hodisalar zanjirida sababning ta’siridan vujudga keladigan yangi hodisadir, sababning natijasidir. Sabab va oqibat bog‘lanishi obyektiv xarakterga ega bo‘lib, u narsa, hodisalar orasidagi aloqalarda amal qiladi. Masalan, ming yillar davomida yer kurrasidagi iqlimiy sharoitning o‘zgarib borishi o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘zagarishiga sabab bo‘ldi,yoki qadim zamonlardan boshlab mehnat qurollarining takomillashtiriluvi mehnat unumdorligining oshishiga ham, ishlab chiqarishning rivojiga ham, pirovardida esa insoniyat taraqqiyotiga ham sabab bo‘ldi.
Narsa va hodisalararo sababiy aloqalarning yana bir muhim xususiyati shundaki, ular umumiy xarakterga ega. Tabiat va ijtimoiy hayotda sababsiz birorta hodisa yoki voqea sodir bo‘lishi mumkin emas. yerning quyoshga nisbatan hozirgi holatda joylanishi hamda yer sharining sirt tuzilishi va uning ham quyosh, ham o‘z o‘qi atrofida aylanishi sayyoramizda iqlim sharoitini o‘zgarib turishiga sababdir. Binobarin, sababiyat yoki sababiy bog‘lanishlar voqelikdagi barcha narsa va hodisalarda umumiy, qonuniy, istisnosiz amal qiluvchi munosabatlardir. Sababiy bog‘lanishlarni «bahona» va «shart-sharoit» singari tushunchalar bilan almashtirish mumkin emas. Masalan, sabab doim voqea, hodisalarga xos hamda ular o‘rtasidagi bevosita, ichki munosabatlarni bildiradi. Bahona esa sababga nisbatan tashqi turtki, xolos. Sababni voqelikka aylanishi, biron-bir oqibatni kelib chiqishi uchun ikkinchi darajali ta’sir ko‘rsatuvchi bo‘ladi. Masalan, birinchi jahon urushi boshlanib ketishiga gersog Ferdinandning o‘ldirilishi bahona bo‘lgan. Urushning kelib chiqishiga haqiqiy sabab aslida muayyan davlatlar o‘rtasidagi raqobatning keskinlashganligi hamda bo‘lingan dunyoni qaytadan bo‘lib olishga qaratilgan siyosatning yuritilishi edi. Har bir sabab muayyan oqibatni keltirib chiqarishi uchun, albatta, ma’lum shart – sharoit zarur bo‘ladi. Lekin, shart – sharoit oqibatning sababini anglatmaydi. Shart – sharoit muayyan oqibat tug‘ilishiga ta’sir ko‘rsatuvchi holat bo‘lib, sababni oqibatga aylanishida o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Sababsiz yolg‘iz shart – sharoitning o‘zi oqibatni keltirib chiqarmaydi.
Olamdagi moslik, o‘simlik va organizmlarning muhit, shart – sharoitga moslashganligi ba’zi organizmlarni muhitga ko‘ra hatto o‘z rangi, tashqi qiyofasini o‘zgartira olishi, ayrim gullarning faqat erta tongda ochilishi, ba’zi kasalliklar fasllar, quyosh faolligini oshishi hollari bilan bog‘liq ravishda kuchayishi kabi hodisalar sabab va qonunlar ifodasidir. Xususan, Ch. Darvin o‘zining evolyutsion ta’limotini, turlarning kelib chiqishi va tabiiy tanlanish jarayonini xuddi shu maqsadga muvofiqlik hodisasi ilmiy o‘rganish asosida yaratgan edi.
Kategoriyalar fikrlashning universal shakllari bo‘lib, ularda obyektiv voqelikda mavjud bo‘lgan umumiy aloqalar, xossalar va munosabatlar aks etadi. Kategoriyalarda kishilik jamiyati ko‘plab avlodlarining tajribasi va faoliyati mujassamlashadi. Bilish natijalari o‘z aksini topuvchi tushunchalar va kategoriyalar bo‘lmasa, bugungi kunda bilishning o‘zi ham bo‘lmas edi. Kategoriyalar quyidagi obyektivlik, muayyanlik, amaliyot bilan bog‘liqlik, tarixiylik, o‘zgaruvchanlik va sh.k. xususiyatlar bilan tavsiflanadi.
Mavzuga oid nazorat savolari
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyusiyasini izohlahg.
Rivojlanish konsepsiyalarini tahlil qiling.
Qonun tushunchasi va uning turlari haqida ma’lumot bering
Falsafaning asosiy qonunlarini izohlang.
Kategoriya tushunchasi va ularning turlari haqida ma’lumot bering
Fan va falsafa kategoriyalarining tasnifi haqida nimalarni bilasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |