Har qanday nazariya - bu tushunchalar tizimidir. Tushunchalar tizimida turli tuman aloqalar va bog'liqliklar mavjud bo‘lib, ular orasida barqaror invariantlar ajralib turadi. Tushunchalar orasidagi bu barqaror o'zaro aloqalarda fan qonunlari ifodalanadi, bular esa tushunchalarning o‘zi bilan bir qatorda bilimlarni ifodalashning mustaqil va eng muhim formasidir.
Gipoteza. Gipoteza - bu haqiqiyligi aniqlanmagan ilmiy taxmin yoki farazdir. Gipoteza - bu fanda o'rtaga qo‘yilgan savolga javob berishga intilib bildirilgan fikrlar tizimidir. Shu bilan birga bu fikrlar faktual emas, balki nazariy xarakterga egadir. Fanda ko‘pincha shunday savollar paydo boladiki ularga javoblar faktlar to‘g‘risidagi fikrlar shaklida olinishi mumkin va ular eksperimental ma’lumotlar deb ataladi. Gipotezani ilgari surish boshqa bir bilish vaziyati bilan bog'liq. Gipoteza shuning uchun zarurki, fikr bizning sezgi organlarimizning “ko'rish maydoni” tugagan joyga kirib borishning birdan-bir vositasidir. Gipoteza esa u yerda sodir bo'lishi mumkin bo‘lgan narsani tasavvur qilishning birdan-bir usulidir.
Gipoteza - bu farazdir. Faraz to‘g‘ri va yanglish bo'lishi mumkin. Gipoteza asoslash mexanizmi nuqtayi nazaridan ham farazdir: faraz induktiv tarzda (faktlardan) ham, deduktiv tarzda ham chiqarilmaydi. Gipoteza, shunday qilib, alohida gnoseologik fenomendir. Aslida, har qanday tadqiqot, birinchi navbatda, fan oldiga qo'yiladigan muammolarni hal etishdir. Bu muammolarni gipotezalarsiz hal etib bo'lmaydi, zero ular tegishli faktlarni sinash uchun muayyan nazariy tizim asosida taxminiy izohlashga urinadi. Shuning uchun aytish mumkinki, umuman fandagi tadqiqot jarayoni gipotezalarni ilgari surish, baholash, tanlash, ishlab chiqarish va asoslashdan iborat.
Bu umumiy tadqiqot jarayonida gipotezalar ishlab chiqish, baholash va saralash bosqichlarini o‘z ichiga oluvchi izlash bosqichi alohida muhim ahamiyat kasb etadi. U butun tadqiqotning eng muhim va ijodiy qismidir. Gipotezalarni asoslash, tekshirish va tasdiqlash bosqichi ko’pincha gipotezalardan mantiqiy xulosalar chiqarishdan hamda ularni mavjud empirik faktlar va ma’lumotlar bilan taqqoslashdan iborat bo'ladi. Tekshirish imkoniyati nazariyaning tajriba bilan taqqoslana olish imkoniyatidir, ya’ni gipoteza hodisalarning bevosita kuzatib bo'lmaydigan ayrim asoslari to‘g‘risidagi taxmindir va undan chiqarilgan natijalarni tajriba bilan taqqoslash yo‘li bilangina tekshirib ko'rilishi mumkin. Ayrim hollarda masalan, mavjud o'lchov vositalarining yetarlicha aniq bo'lmasligi yoki tekshiruv eksperimenti o'tkazish uchun zarar sharoit yo‘qligi sababli aktual tekshirish imkoniyati bo'lmasligi mumkin. Biroq loaqal tekshirishning prinsipial imkoniyati, albatta, bo‘lmog‘i kerak.
Gipoteza qilish qobiliyati inson tafakkurining ijodiy kuchidan dalolat beradi. Biroq har qanday faraz yoki oddiy gumon, ilmiy gipoteza bo'la olmaydi, chunki bema’ni, jiddiy asosi bo'lmagan fantastik taxminlar ham bo'lishi mumkin. Taxmin ilmiy gipoteza bo'lishi uchun bir qator shartlarni qondirishi: ilmiy dunyoqarash prinsiplariga asoslanishi; fan aniqlagan qonunlarni hisobga olishi, ya’ni e’tirof etilgan ilmiy nazariyalarga mos kelishi; muayyan sohada mavjud bo‘lgan faktlarga tayanishi, ularni izohlab berishi va yangi faktlarni bashorat qilish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak. Ilmiy gipoteza oldiga qo‘yilgan muhim talab uni amaliy, eksperimental va umumiy empirik tekshirib ko‘rish mumkin bo'lishligidir. Gipoteza yagona prinsipga asoslangan holda barcha aniqlangan faktlarni qo‘shimcha taxminlarsiz izohlashga layoqatli bo'lishi kerak. Bu talab dunyoning birligi to‘g‘risidagi dialektik prinsipga muvofiq keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |