28-savol. Qiyosiy- tarixiy metod. Obyektni bilish jarayonida tadqiqotchi unga muayyan metodologiya va tekshirish metodi asosida yondashadi. O‘rganilayotgan obyektni qay darajada obyektiv izohlash tadqiqotchining qanday metodologiya va tadqiqot metodiga tayanishiga bog‘liq. Shuning uchun har qanday fanda metodologiya va metod tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi.
Har qanday fan maxsus tadqiqot metodlarini ishlab chiqadi. Bu ilmiy tadqiqot metodlari falsafiy va mantiqiy metodlar bilan umumilmiy metodlar orqali muvofiqlashadi. Tilshunoslikda tavsifiy, qiyosiy-tarixiy, struktur singari metodlar qo‘llaniladi va ulardan qaysi birining ustuvor metodga aylanishiga ko‘ra tilshunoslik tarixi ham turli bosqichlarga bo‘linadi. Ulardan biri qiyosiy-tarixiy metod sanaladi. Olamni bilishda o‘rganilayotgan obyektni qiyoslash katta rol o‘ynaydi. Oldin o‘rganilgan obyektni yangi o‘rganilayotgan obyektga qiyoslash bilishning eng asosiy usullaridan biridir. Qiyoslash natijasida qiyoslanayotgan obyektlarning umumiy va o‘ziga xos jihatlari aniqlanadi. Bunday usul tilshunoslikda ham qardosh va qardosh bo‘lmagan tillarning umumiy va o‘ziga xos jihatlarini yoritishda keng qo‘llaniladi. Shuning uchun ham qiyoslash umumilmiy tafakkur jarayoni sifatida lingvistik tahlilning barcha metodlarida uchraydi.
Lekin lingvistik tadqiqot metodikasida bir tilning ichki tuzilishi bo“yicha qiyoslash va tillararo qiyoslash jiddiy farqlanadi. Bir tilning ichki tuzilishi bo“yicha qiyoslash shu tilning turli grammatik hodisalari va kategoriyalarini o‘z ichiga oladi. Masalan, sifat bilan ravish qiyoslanadi va ularning umumiy hamda o‘ziga xos jihatlari aniqlanadi.
Tillararo qiyoslashda turli tillar bir-biriga taqqoslanadi.
Tillararo qiyoslash, bir tomondan, qardosh tillarni, ikkinchi tomondan, noqardosh tillarni o‘rganish va o‘qitish tajribasi ta’sirida maydonga keldi.
Tillararo qiyoslash o‘ziga xos tadqiqot usullari sistemasiga ega. U ikki xil tilshunoslik metodini vujudga keltirdi. Birinchisi, qardosh tillarni qiyoslash, ikkinchisi esa noqardosh tillarni qiyoslash.
Birinchi tipdagi qiyoslashda qardosh tillardan bittasini boshqasiga qiyoslash yo‘li bilan ularning tarixiy taraqqiyoti, ular o‘rtasidagi farqlanish jarayoni ochib beriladi. Bunday qiyoslash qiyosiy-tarixiy metod asosida olib boriladi. Bu metod tillarning genetik umumiyligiga asoslanadi.
Ikkinchi tipdagi qiyoslash turli sistemadagi tillar asosida olib boriladi va uning natijasida tipologik kategoriyalar aniqlanadi. Bunday metod qiyosiy-chog‘ishtirma metod sanaladi.