Temuriylar davrida san’atning ravnaq topishi. Temuriylar davrida me’morchilikning rivojlanishi. Mirzo Ulug‘bek o‘zining mashhur bobosining xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom saqlardi. U Amir Temur tomonidan boshlangan qurilish ishlarini davom ettirish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi.
1420-yili Samarqandning Registon maydonida Ulug‘bekning buyrug‘iga binoan baland gumbazli va minorali bino - madrasa barpo etildi. Ulug‘bek madrasalari Buxoro va G‘ijduvonda ham bunyod etildi.
Ulug‘bekning mashhur Shohizinda («Tirik shoh») qabristonidagi qurilish ishlari ham keng shuhrat topdi. Bu yerda Samarqandning mashhur kishilari, sarkardalar va temuriylar sulolasi vakillari dafn etilgan. Mirzo Ulug‘bekning ustozi Qozizoda Rumiy maqbarasi ham ajoyib inshoot hisoblanadi.1436-yili Amir Temurning vatani Shahrisabzda me’morlar machit binosini barpo etdilar. Aylanasi 15 metrdan iborat ulkan moviy gumbazi sharofati bilan ushbu machit Ko‘kgumbaz nomini oldi. Xuddi shu Shahrisabzda Gumbazi Sayidon maqbarasining tamal toshi qo‘yildi.Samarqand atrofida Ulug‘bek ulug‘vor Bog‘imaydon bunyod ettirdi. Mazkur bog‘ gullarga va yirik yaproqli daraxtlar yashilligiga burkangan edi.
1429-yili Obirahmat arig‘i bo‘yidagi Naqshijahon degan joyda betakror Samarqand rasadxonasining qurilishi yakunlandi. U balandligi 30 metr bo‘lgan uch oshyonli aylana binodan iborat edi. Bino sirparchinli va marmar qoplamalar bilan ziynatlangan edi. Ushbu inshoot o‘rta asrlardagi zilzilalar oqibatida qulagan va hozirgacha saqlanib qolmagan.
SAMARQAND. SHOHIZINDA MAQBARALAR MAJMUASI. SAKKIZ QIRRALI MAQBARA
SAMARQAND. SHOHIZINDA MAQBARALAR MAJMUASI. SAKKIZ QIRRALI MAQBARA
SAMARQAND. SHOHIZINDA MAQBARALAR MAJMUASI. Mohir rassomlar binolarning devorlarini rang-barang rasmlar bilan bezaganlar. Ular boy o‘simlik dunyosi, daraxtlar, gullar va maysalarni o‘zida aks ettiradi.
Temuriylar zamonida yog‘och va marmar o‘ymakorligi, sopol idishlarni pardozlash va metallga badiiy ishlov berish mahorati yuqori darajaga yetadi. Yog‘och o‘ymakorligi ustunlar va eshik-darvozalarni bezashda keng qo‘llaniladi. Bronza idishlarda afsonaviy qush va hayvonlar tasviri aks ettiriladi. Ushbu tasvirlar sog‘lik, boylik va farovonlik tilaklari bitilgan yozuvlar bilan uyg‘unlashib ketardi.
Klavixo Samarqand saroyida oltin va kumush idishlarning haddan tashqari ko‘pligiga e’tibor qaratgan. Ular metallga mahkamlangan dur, zumrad va feruza toshlari bilan ziynatlangan. Zargarlik san’ati - turli taqinchoqlar yasash yuqori darajaga erishgan.
Usta-kulollar sirlangan idishlarni gul va barg tasvirlari bilan bezardilar. XV asrda kulollar Xitoyning ko‘k-oq chinnisiga taqlidan idishlar ishlab chiqara boshladilar. Xitoyda chinni tayyorlash siri o‘lim xavfi bilan qo‘rqitilib, o‘ta maxfiy saqlanardi. Uning siri chinni tayyorlashda odatiy bo‘lmagan tuproq - kaolinni qo‘llash bilan bog‘liq edi. Ana shu sirga javob faqat XVIII asrga kelib Germaniyada topildi.
Chodir va o‘tovlar tayyorlanadigan mato va gilamlarga ham naqsh va bezaklar solinardi. Qimmatbaho kiyimlar oltin ip bilan tikilgan. Ipak gazlamalar turli naqsh va gullar bilan qoplanardi.