Quloqkovlagichlar turkumi
Bu turkum vakillariga “uxovyortka” (quloq kavlagich) degan nom mutlaqo noto‘g‘ri berilgan. Odamlar orasida har xil gaplar borki uxlagan odam qulog‘iga kirib, quloq pardalarini yirtib, quloqni kar qilar emish. Bu gaplar mutlaqo noto‘g‘ri. Quloq kovlagichlar (uxovyortkalar) katta yoshdagi bolaga ham hech qanaqa ziyon yetkaza olmaydi.
Bu turkumning tipik vakillaridan biri–oddiy quloqkovlagich bo‘lib, u asalarichilikka bir muncha ziyon yetkazadi. Quloqkovlagichlarni xazon tagida, po‘stloq ostida va boshqa pana joylarda topish mumkin. Quloqkovlagichlar kunduzlari shunday xilvat joylarda yashirinib oladi va tunda hayot kechiruvchi hasharotlar hisoblanadi. Quloqkovlagichlarning ikkita tashqi belgisi e’tiborni o‘ziga jalb qiladi: 1) Kalta qanotqalqonlari – bularning ostki qismida ikkinchi juft qanotlar buklanib yotadi. 2) Qorin serkalari qorin uchida o‘ziga xos qisqichlarga aylangandir. Quloqkovlagichlar, asosan, o‘simliklarning chiriyotgan va mayda hasharotlar qoldiqlari bilan oziqlansa, xom meva va rezavorlarni buzib, ularning barg va gullari ichiga kirib, ularning urug‘lari bilan oziqlanib, bog‘larga katta ziyon yetkazadi.
108-rasm. Quloqkovlagichlar.
Quloqkovlagichlar tanasi qo‘ng‘ir jigarrangdan to qora ranggacha bo‘ladi. Tanasi uzunchoq shaklda, boshida katta ko‘zlari yaqqol ko‘rinadi, og‘iz apparati kemiruvchi tipda, mo‘ylovlari uzun ipsimon tuzilgan.
Quloqkovlagichlar asalarixonalarni yerga qo‘yilganda tezda uyalarga kirib oladi. Asalarixonadagi isitish materialari ostiga, asalarixona qopqoqlarida va tirqishlarida, bo‘sh asalari romlarida hamda uyaning bo‘sh qismida yashab hayot kechiradi, asal va tush qoldiqlari hamda yosh nasllar bilan oziqlanadi.
Omborxonalardagi romlarning mum kataklarini buzib, asalarichilikka ancha ziyon yetkazadi. Yorug‘likdan qattiq seskanadi, shuning uchun asalarixona qopqog‘ini qo‘targan zaxoti, tezlik bilan isitish materiallari ostida yashirinib oladi.
Quloqkovlagichlarga qarshi kurashmoq uchun, asalari oilasida o‘tkaziladigan har bir qarovlar paytida, asalarixonada ko‘rgani bilan darhol qo‘l bilan o‘ldirib turish, isitish materiallarini uyadan tashqarida qoqib turib, qaytadan qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari asalarizor atrofidagi barcha begona o‘tlarni chopib tashlash, tosh va shag‘allardan tozalab turish, sanitariya-gigiena qoidalariga qa’tiy rioya qilish ham quloqkovlagichlarni yo‘q qilishda katta foyda keltiradi.
Quloqkovlagichlarga profilaktik qarshi kurashmoq uchun asalari oilasini har doim kuchli holatda parvarishlash, asalarixonalarni toza va quruq joylarda saqlash, asalarixona ostidagi qoziqlarni doim har xil yog‘lar bilan moylab turish lozim. Ximiyaviy usullardan biri bo‘lgan asalarixonalarda zaharlangan non va xamir qo‘yish ham ximiyaviy usulda ularni kamaytirish yo‘li hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |