Oxirgi zarurat. JKning 38-moddasida oxirgi zarurat tushunchasi keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra oxirgi zarurat holatida, ya’ni shaxsning yoki boshqa fuqarolarning shaxsiga yoxud huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi xAfvni qaytarish uchun qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan holda sodir etilgan qilmish, basharti, shu xafvni o‘sha holatda boshqa choralar bilan qaytarishning iloji bo‘lmasa hamda keltirilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.
Oxirgi zaruratning mohiyati jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan bir obyektga nisbatan kamroq zarar yetkazish yo‘li bilan jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan boshqa bir obyektga zarar yetkazilishi natijasida kelib chiqadigan og‘irroq oqibatni qaytarishda ifodalanadi. Bunda, birinchi navbatda shaxs ijtimoiy foydani ko‘zlab jinoyat obyektiga zarar yetkazadi.
Oxirgi zaruratga misol sifatida shaxsning jinoyatchi yoki aqli noraso shaxs tajovuzidan saqlanish maqsadida uchinchi shaxsga tegishli bo‘lgan transport vositasini olib qochish yoki yo‘lning qatnov qismiga to‘satdan mast holdagi piyodaning chiqib qolishi natijasida haydovchining rulni keskin boshqa tomonga burishi oqibatida boshqa shaxsning mulkiga zarar yetkazishini keltirish mumkin.
Oxirgi zaruratning eng muhim sharti bu ayni vaziyatda xAfvning oldini olish maqsadida uchinchi shaxs manfaatlariga zarar yetkazmaslikdan boshqa choraning mavjud emasligida ifodalanadi.
XULOSA
Xulosa tariqasida shuni aytish mumkinki, qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar har bir shaxsga o‘z huquq va manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishga imkon yaratadi. Shu sababdan ham qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar ijtimoiy foydali qilmish deb ham atasa bo`ladi. Bundan tashqari, yuqoridagi muhokamalarimiz davomida zaruriy mudofaa hamda oxirgi zaruratning belgilari o‘xshash ko‘rinsa-da, ular quyidagi jihatlarga ko‘ra o‘zaro farqlanishini ko`rishimiz mumkin:
– xafv (tajovuz) manbaiga ko‘ra – zaruriy mudofaada tajovuz ijtimoiy xavfli qilmish natijasida kelib chiqsa, oxirgi zaruratda esa xAfv ham ijtimoiy xavfli qilmish natijasida, ham tabiiy, texnogen tusdagi hodisalar, hayvonlar ta’sirida kelib chiqadi;
– zarar yetkazish manbaiga ko‘ra – zaruriy mudofaada zarar tajovuzchiga yetkazilsa, oxirgi zaruratda esa uchinchi shaxslar manfaatiga zarar yetkaziladi;
– zarar nisbati bilan – zaruriy mudofaada yetkazilgan zarar oldi olinganidan kam, teng yoki undan ko‘p bo‘lishi mumkin, oxirgi zaruratda esa yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo‘lishi shart;
– zarar yetkazish zaruratiga ko‘ra – zaruriy mudofaada boshqa shaxslarga yoki hokimiyat organlariga yordam so‘rab murojaat qilish yoxud tajovuzdan o‘zga yo‘sinda qutulish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, mudofaa huquqi ta’minlanadi, oxirgi zaruratda esa zarar yetkazish so‘nggi chora bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |