20. Men sizlarga buyurgan hamma narsalarga amal qilishni ularga o‘rgatinglar...”. YUqoridagi kabi chaqiriqlarni «Injil»dan yana ko‘plab topish mumkin. Ammo missionerlar o‘z faoliyatini tashkil etishda asosan qayd etilgan dalillarga tayanadilar.
SHu o‘rinda adolat yuzasidan bir fikrni alohida qayd etish lozim. Ba’zi hollarda muayyan din doirasida shakllangan u yoki bu ko‘rsatmalar, aqidalar konkret tarixiy shart-sharoit bilan bog‘liq bo‘ladi va o‘z davri uchun to‘g‘ri hisoblanadi. Vaqt, sharoit o‘zgarishi bilan o‘zining birlamchi ahamiyatini yo‘qotgan bunday ko‘rsatmalar o‘sha davrdagi tarixiy vaziyatni tushunish va baholashda qimmatdorlik kasb etadi. Missionerlar o‘z faoliyati uchun asos sifatida “Injil”dan keltiradigan yuqoridagi so‘zlar haqida ham shunday deyish mumkin. Zero, Iso Masih tomonidan qilingan bunday da’vatlar ko‘p xudolilik o‘rniga yakka xudolikni targ‘ib qilish bilan bog‘liq edi. Bugungi kunda jahon aholisining mutlaq ko‘pchiligi yakkaxudolikka asoslangan o‘z dinlariga e’tiqod qiladi. SHunday ekan, qayd etilgan ko‘rsatmalarni missionerlik bilan shug‘ullanish uchun g‘oyaviy asos qilib olish tarix haqiqatiga zid ekanini ta’kidlash zarur.
Missionerlar ko‘pincha Rim qo‘shinlari bilan birga sayohat qilib, bosib olingan hududlar xalqlari orasida missionerlik ishlarini olib borishgan. Evropa qit’asida xristianlikning tarqalishiga katta hissa qo‘shgan eng mashhur missionerlar qatoriga 400-yillarda Irlandiyada xristianlikni targ‘ib qilib, ushbu dinning orolda tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan, avliyo maqomida e’tirof etiladigan Patrikni, shuningdek, Bonifatse, San Xose va Jan de-Brebef kabi ruhoniylarni kiritish mumkin.
Missionerlar faoliyati natijasida xristianlik 400-500-yillarda Afrikada mustahkam o‘rnashib oldi va o‘z davri uchun ancha qudratli bo‘lgan masihiy qirolliklar paydo bo‘ldi. Ulardan eng mashhuri Habashiston imperiyasi edi. Ushbu qirollik katta hududlarni, hatto Arabiston yarim orolining janubini bosib olgan va arablarni masihiylikka o‘tkazish uchun, o‘sha paytlarda ham muqaddas hisoblangan Makka shahrini vayron qilmoqchi bo‘lgan.
Papa Buyuk Gregori VII asrda Avgustin boshchiligida Britaniyaga missionerlarni jo‘natadi. SHu tariqa missionerlik keng jug‘rofiy ko‘lam kasb etib bordi.
Missionerlik rivojlanib borgani sari tegishli g‘oyaviy-nazariy va tashkiliy asoslar ham yaratib borilgan. Xususan, 1662 yilda Papa Grigoriy XV katolik missionerlariga rahbarlik qilish uchun Diniy targ‘ibot kongregatsiyasini (1968 yildan Xalqlarni “Injil”ga e’tiqod qildirish kongregatsiyasi) ta’sis etgani fikrimizning isboti bo‘la oladi. Rim Papasi Piy XII 1957 yilda missionerlikka da’vat ruhi bilan sug‘orilgan “Fideyi Donum” (italyancha- “E’tiqod in’omi”), Ioann XXIII 1959 yilda “Prinseps postorum” (italyancha- “Yo‘lboshchilar uchun nizom”), Pavel VI 1967 yilda “Populorum progressio” (italyancha - “Xalqlarning rivojlanishi”) nomli nomalarni e’lon qilgani hamda II Vatikan soborida (1962-65) missionerlik masalalariga bag‘ishlab maxsus dekret ishlab chiqilgani ham bu yo‘ldagi ishlar tadrijiy tashkil etilganini ko‘rsatadi.
XX asrga kelib, o‘z holicha missionerlik bilan shug‘ullangan tashkilotlarni birlashtirish yo‘lida harakatlar boshlab yuborildi va ilk xalqaro protestant missionerlik tuzilmalari shakllantirildi. Birinchi butunjahon protestant missionerlari konferensiyasi 1910 yilda SHotlandiyaning Edinburg shahrida bo‘lib o‘tdi. Keyinroq esa «Xalqaro missiyalar kengashi» tuzildi. Bu kengash «Butunjahon cherkovlari kengashi»ga a’zo bo‘lib, protestant missionerligining faoliyatini yo‘naltirib turuvchi asosiy tashkilot hisoblanadi.
Missionerlik muassasalari yirik kapital va erlarni tasarruflariga olib, o‘z mamlakatlari siyosatini o‘tkazishda faol ishtirok etdilar. Ma’rifat tarqatish, tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini monopollashtirib olib, shu yo‘l bilan xristianlik targ‘ibotini kuchaytirdilar.
Hozirgi kunda missionerlar o‘z tashkiliy asoslarini yaratishda asosan nashriyotlar, xayriya va nodavlat notijorat tashkilotlari maqomidan foydalanishmoqda. Bundan tashqari ba’zi tashkilotlar tibbiy uyushmalar niqobi ostida faoliyat olib borishmoqda.
O‘rganish “Aksels” (“Accels”) xalqaro tashkiloti AQSH Kongressi tomonidan moliyalashtirilgan dasturga binoan MDH mamlakatlaridan AQSHga yuborilgan talaba va o‘quvchilarni dindor amerikaliklarning oilalariga joylashtirish va shu yo‘l bilan bir yil davomida ularni prozelitlarga aylantirishdek maqsadlarni ko‘zlab faoliyat olib borganini ko‘rsatadi. Mazkur misol missionerlik bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar e’tiqodiy o‘zgartishlar ob’ekti qilib tanlangan davlatlarga o‘z hukumatlari qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, kirib borishga harakat qilayotganliklarini ham ko‘rsatadi.
Missionerlik bugun sertarmoq soha hisoblanadi. Hozirda missionerlar kirib bormagan jabha, ular faoliyat yuritmayotgan mamlakat dunyoda topilishi qiyin.
Konkret mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanishga harakat qilish zamonaviy missionerlikning eng muhim xususiyati hisoblanadi.
SHuningdek, erkin targ‘ibot olib borish va faoliyat doirasini keskin kengaytirish maqsadida ko‘pgina missionerlik tashkilotlari, yuqorida aytilganidek, o‘z harakatlarini xalqaro nodavlat tashkilotlari maqomida amalga oshirishga intilayotganini ham qayd etish lozim. Bunday intilish ortida o‘ziga xos mantiq bor, albatta. Tajriba bunday maqom missionerlik faoliyati haqli e’tirozlarni keltirib chiqarganda ularning xalqaro huquq normalarini ro‘kach qilishiga va uning himoya mexanizmlaridan foydalanishga urinishlariga, o‘z harakatlarini xas-po‘shlashga va javobgarlikdan qochishga intilishlariga zamin yaratishini ko‘rsatadi.
YUqoridagi xususiyatlar bilan bir qatorda, zamonaviy missionerlikni belgilangan maqsadlarning mohiyatidan kelib chiqib, shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhga missionerlikni o‘ziga xos biznesga, shaxsiy boyish manbaiga aylantirgan tashkilotlarni kiritish mumkin. Bunday tashkilotlar asoschilari e’tiqod qiluvchilar sonini ko‘paytirishdan ularning mulki va boyligiga egalik qilish hisobiga o‘zlarining moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilash va kengaytirishdek maqsadlarni ko‘zlaydilar. Zamonaviy sektalarning mutlaq ko‘pchiligini shu guruhga kiritish mumkin.
Ikkinchi guruhga missionerlikdan siyosiy qurol sifatida foydalanayotgan tashkilot va uyushmalarni kiritish mumkin. Bunday guruhlar ortida muayyan hududlarga nisbatan o‘zining aniq geosiyosiy rejalariga ega bo‘lgan davlatlar va siyosiy kuchlar turishi bugungi kunda hech kimga sir emas.