Bog'liq 21-MAVZU. XALQARO MOLIYA INSTITUTLARI, ULARNING MAQSADI VA FUNKSIYALARI
Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan hamkorlik Xalqaro moliya korporatsiyasi o’z faoliyatini Jahon bankining mamlakatdagi strategiyasiga muvofiq tarzda amalga oshirib kelmoqda va e’tiborini asosan xususiy sektordagi loyihalarga qaratmoqda.
XMK 1996 yildan boshlab O’zbekistonga xususiy ishlab chiqarish va moliya sektorini qo’llab-quvvatlash maqsadida 23 investitsion va bir qator konsultativ loyihalarga jami qiymati 130 mln. AQSh dollariga teng bo’lgan kreditlar ajratdi. Ushbu loyihalar bo’yicha qarzni qaytarilishi 80,7 mln. dollarga teng.
Hozirgi paytda investitsion portfeli 38,5 mln. dollarga teng loyihalar amalga oshirilish bosqichida turibdi.
XMKning investitsion faoliyati «O’zbek lizing» lizing kompaniyasi va «Hamkorbank» tijorat bankining aktsiyalariga mablag’lar sarflash, «Asaka bank» va «Hamkorbank» tijorat banklari orqali kichik biznesni moliyalashtirishga kreditlar ajratishdan tarkib topgan.
Mamlakatga ko’maklashish strategiyasi (MKS) qabul qilingandan buyon XMK investitsiyalarining qariyb 70 foizi savdoni moliyalashtirish sektorida amalga oshirildi. Ular orasida O’zbekiston Respublikasi bank tizimi va kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratgan kreditlari eng muhimdir.
Investitsion loyihalardan tashqari, XMK 2009 yildan buyon mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida bir qancha konsultativ loyihalarni amalga oshirib, investitsiyalardan oqilona foydalanish bo’yicha texnik ko’mak berib kelmoqda. 2012-2015 yillarga mo’ljallangan strategiyaga muvofiq moliya va soliq infratuzilmasini, qishloq xo’jaligi, sog’liqni saqlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, sayyohlik va davlat boshqaruvi sohalarini rivojlantirishga yo’naltirilgan konsultativ loyihalar amalga oshirildi.
XMK 2009 yilda Shveytsariya hukumati bilan birgalikda Markaziy Osiyo (Qirg’izston, Tojikiston va O’zbekiston) va Ozarbayjonda moliyaviy inftratuzilmani mustahkamlashga qaratilgan loyihani (ACAFI) amalga oshira boshladi. Loyiha davomida kredit axboroti almashinuvining samarali tizimini yaratish, professional ta’limni joriy qilish va tavakkalchilikni boshqarish sohasida moliya institutlari xodimlarini sertifikatlash ko’zda tutilgan.
Loyihada asosan kredit axboroti almashinuvi tizimining me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish ko’zda tutilgan edi, natijada kredit axborotlari almashinuvi bo’yicha jahon tajribalariga muvofiq O’zbekiston Respublikasining «Kredit axboroti almashinuvi» to’g’risidagi Qonuni va boshqa me’yoriy-huquqiy xujjatlari qabul qilindi.
Qonun qabul qilinishi bilan 2012 yil mart oyida O’zbekiston Banklar Assotsiatsiyasi 30 tijorat banki bilan birgalikda ustav kapitali 673 ming dollarga teng bo’lgan Kredit byurosini ta’sis etdi.
ACAFI loyihasi 2012 yildan buyon ta’minotli bitimlar operatsiyalarini isloh qilish vazifalari doirasida O’zbekiston Respublikasining «Garov reestri to’g’risida»gi Qonunini ishlab chiqish va moliya institutlarining ta’minotli bitimlar operatsiyalari instrumentlaridan foydalanish salohiyatini kuchaytirishda yordam berdi. Bu ish O’zbekiston Respublikasi Hukumatining Jahon bankining guruhiga O’zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash va mamlakatning Biznesni yuritish (Doing Business) hisobotidagi reytingini oshirish talabiga binoan olib borilmoqda. O’zbekiston Respublikasining «Garov reestri to’g’risida»gi Qonuni 2014 yil 1 iyuldan kuchga kiritildi.
Loyiha ta’lim sohasidagi mahalliy hamkorlar yordami va Tavakkalchiliklarni boshqarish xalqaro professionallar assotsiatsiyasi (GARP) bilan tuzilgan bitimga asosan Tavakkalchiliklarni boshqarish dasturini o’z ichiga olgan. Tavakkalchiliklarni sertifikatsiyalash dasturi bank tizimi xodimlarining tavakkalchiliklarni boshqarish borasidagi bilim va ko’nikmalarini takomillashtirishga yo’naltirilgan.
XMK fermerlar uchun xususiy moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish agro-moliyalashtirish loyihasi doirasida korporativ boshqaruvni yaxshilash va rivojlantirish bo’yicha «Hamkorbank»ka konsalting xizmatlari ko’rsatdi. E’tiborli jihati shundaki, bankning agro-kreditlash portfeli 2013 yil sentyabr oyidan 2014 yilning dekabr oyiga qadar 400 ming dollardan 15 mln. dollarga o’sdi.
2009 yili XMK sog’liqni saqlash sohasidagi davlat-xususiy hamkorligi loyihasi doirasida konsalting xizmat ko’rsatishni ma’qulladi. Xususan, XMK O’zbekistonda tibbiy diagnostika markazlarini loyihalash, qurish, moliyalash, jihozlash va boshqarish uchun investorlarni jalb qilishga yordam berdi.
1 Frederic Mishkin The Economics of Money, Banking and Financial Markets (Global edition 11th Edition) 518-522 p.
2 www.cbu.uz (Ўзбекистон Республикаси Марказий банкининг расмий сайти)
3 www.cbu.uz (Ўзбекистон Республикаси Марказий банкининг расмий сайти)