21.3. PROMOTORLAR, YOYUVCHILAR VA
KATALITIK ZAHARLAR
Katalizatorlarga boshqa moddalar aralashtirilganda quyidagi uch holning biri bo’lishi mumkin: a) katalizatorda o’zgarish bo’lmaydi; b) katalizatorning ta‘siri kuchayadi; v) katalizatorning ta‘siri pasayadi.
Katalizator ta‘sirini kuchaytiradigan moddalar promotorlar deyiladi. Masalan, nikelga 1% seriy qo’shilsa, uning aktivligi taxminan 20 marta ortadi. Ammiak sintezida katalizator sifatida ishlatiladigan temirga ishqoriy metall va alyuminiy oksidlari qo’shilsa, temirning katalizatorlik ta‘siri ortadi.
Promotor ta‘sirining sababini tushuntiradigan bir qancha nazariyalar bor. Masalan, S.Z. Roginskiy nazariyasiga muvofiq, promotorlar katalizatorlar sirtida kimyoviy ko’p inslilik hosil qilib, katalizatorning aktiv nuqtalari sonini oshiradi. Roginskiy hamma katalizatorlar sirtida ham promotor borligini ko’rsatdi, har qanday toza katalizator sirtiga juda oz miqdorda gazlar yutilgan bo’lib, ular promotorlik vazifasini bajaradi. Agar shunday katalizatorlar yaxshilab degazatsiya qilinsa, ular katalizatorlik qobilyatini yo’qotadi.
Promotorlarni o’rganish sanoat uchun juda katta ahamiyatga ega. Katalitik yoyuvchilar yoki tregerlar deb ataladigan moddalar ta‘sirini o’rganish ham katta ahamiyatga ega. Katta sirtga ega bo’lgan g’ovak moddalarga (silikagel, asbest, faol ko’mir, alyuminiy oksid, ba‘zi metallar, ba‘zi metallarning oksidlari va boshqalarga) katalizator berilib, tregerning hamma joyiga katalizator tekis taqsimlanadi, ya‘ni yoyiladi. Masalan, platinalangan asbestda asbest katalitik yoyuvchi vazifasini o’taydi. Yoyuvchi ishlatilganida katalizator yaxshi maydalanganligi tufayli uning faol sirti ortib, katalitik ta‘siri kuchayadi, shu bilan birga, qimmatbaho katalizator tejaladi.
Katalizatorga ba‘zi moddalardan ozgina qo’shilganda uning faolligini pasaytiradigan moddalarga katalitik zaharlar deyiladi. Katalizatorni zaharlash uchun kerak bo’ladigan zahar moddaning miqdori katalizatorning barcha sirtini bir qavat molekulalar bilan qoplab olish uchun kerak bo’ladigan miqdorga qaraganda ancha kam bo’ladi. Bu hol katalizatorning hamma sirtini reaksiya tezligini oshirishda ishtirok etmasligini hamda uning ba‘zi qismlarigina faol ekanligini tasdiqlaydi. Katalizatorning bu nuqtalari uning faol markazlari deyiladi.
Zaharlarning katalizatorga ta‘siri shundan iboratki, ular katalizatorning faol markazlariga adsorbilanadi yoki u bilan kimyoviy birikadi. Har qaysi zahar o’ziga xos katalizatorni zaharlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |