Buxoro amirligi arxivi haqida uzoq vaqt hyech narsa ma’lum emas edi. Faqatgina 1931 yilning dekabrida Buxoro arkidagi suvab tashlangan yerto’lada arab alifbosida, fors-tojik tilida yozilgan nomalar betartib xolda topildi. Dastlab bu materiallar Buxoro muzeyiga keltirilib, chek tarzida saralanadi va tartibga keltiriladi. 1937-1938 yillarda 77764 ta maktub O’zbekiston SSR Markaziy Davlat arxiviga o’tkaziladi va bu majmuaga Buxoro amiri Qushbegiisi fondi deb nom beriladi. Buxoro amiri Qushbegisi arxividagi hujjatlar XIX asr oxirlaridan to 1920 yilgacha bo’lgan davrga taalluqlidir. Ular orasida Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligi bilan ichki va tashqi siyosiy masalalarga doir diplomatik yozishmalar, mansabdor shaxslarning joylardagi ahvol haqidagi xabarlari, soliqlar, xalq sayillarini o’tkazish, jinoyat-qidiruv, dehqonlar qo’zg’olonlari, amirlikka olimlar, harbiylar, chet elliklarning kelishi, qo’shinlarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chirilishi, lavozimga tayinlash haqidagi yorliqlar va boshqa hujjatlarni uchratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |