[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.04.00.00 Budjet tizimining umumiy qoidalari]
[
TSZ:
1.Moliya / Budjet. Budjetdan tashqari jamg‘armalar]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasining “2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
“2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-yilda ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari 1-ilovaga muvofiq;
2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari aylanma kassa mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdorlari 2-ilovaga muvofiq;
2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari prognozi 3-ilovaga muvofiq;
Foyda solig‘i to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga yo‘naltiriladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagi soliq turlari bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetida quyidagi miqdorlarda qoldirilsin:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘liq hajmda;
foyda solig‘i to‘liq hajmda (mazkur qarorga 4-ilovada ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan,
shuningdek, norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘i bundan mustasno);
qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismining 60 foizi (mazkur qarorga 4-ilovada ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno);
(2-bandning birinchi — to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-apreldagi PQ-208-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 07/22/208/0311-son)
Bunda soliq turlari bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismini hisoblashda yirik soliq to‘lovchilardan tushumlar (mazkur qarorga 4-ilovada ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) hududlar kesimida inobatga olinadi.
Moliya vazirligiga narxlar (tariflar) va qonunchilik hujjatlari o‘zgarishidan kelib chiqib, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar prognozini tasdiqlangan ko‘rsatkichlar doirasida hududlar kesimida qayta taqsimlash huquqi berilsin.
Belgilansinki, 2021-yil IV chorak yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetiga daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismini o‘tkazish 2022-yil yanvar oyida amalga oshiriladi va 2021-yilgi hisobotlarda aks ettiriladi.
3. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlanadi:
a) budjet tashkilotlari bo‘yicha:
budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — 99,2 foiz;
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasiga — 0,4 foiz;
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,4 foiz;
b) boshqa to‘lovchilar bo‘yicha:
budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — 98,4 foiz;
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasiga — 0,8 foiz;
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,8 foiz.
4. 2022-yil uchun quyidagi soliq stavkalari:
a) “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun:
foyda solig‘i 5-ilovaga muvofiq rentabellik darajasidan
kelib chiqqan holda;
oltin bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 10 foiz va palladiy, kumush, mis bo‘yicha 15 foiz miqdorida belgilansin. Bunda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bazasi ishlov berish (boyitish), qayta ishlash (affinaj) va tashish xarajatlarini chegirmagan holda aniqlanadi;
b) “O‘zbekneftgaz” AJ uchun neft, tabiiy gaz va gaz kondensati bo‘yicha 15 foiz miqdorida tasdiqlansin.
5. Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im 1 grammiga 1 000 so‘m miqdorida saqlab qolinsin.
6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, “O‘zdaverloyiha”
ilmiy-loyiha instituti, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelgacha yerlarga soliq solish uchun ularning normativ qiymatini aniqlasin va qishloq xo‘jaligi yerlariga ega yuridik shaxslar, shu jumladan dehqon xo‘jaliklariga yetkazsin.
7. Belgilansinki, jismoniy shaxslarga ular tomonidan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lovlar respublika budjeti daromadlari qismida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishga rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
8. 2022-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Budjet xarajatlarining samaradorligini baholash maqsadida 2021-yilda tajriba tariqasida Sog‘liqni saqlash
vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatining maqsadli indikatorlari joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
40 ta birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning 2022 — 2024-yillar uchun budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
maqsadli indikatorlarning bajarilishini baholash har chorak yakuni bo‘yicha vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi;
hisobot yili yakuni bo‘yicha Hisob palatasi maqsadli indikatorlarning bajarilishini auditdan o‘tkazadi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan maqsadli indikatorlarning bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilsin.
10. 2022-yil 1-yanvardan boshlab ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash bo‘yicha barcha loyihalar uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larni Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi va uning hududiy hisobraqamlari orqali moliyalashtirish tartibi belgilansin.
11. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan yerlarda joylashgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlari hamda avtomobil yo‘llarini saqlash va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari ajratilmaydi.
Suv xo‘jaligi vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda irrigatsiya va melioratsiya obyektlari hamda avtomobil yo‘llari joylashgan yer uchastkalarini xatlovdan o‘tkazsin hamda 2022-yil yakuniga qadar yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
12. Belgilansinki:
2022-yil 1-iyundan boshlab tajriba tariqasida, bosqichma-bosqich yil yakuniga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi barcha unitar korxonalarga faqat Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan xizmat ko‘rsatiladi;
Moliya vazirligi G‘aznachiligiga o‘tkazilgan unitar korxonalarning bo‘sh mablag‘lari tijorat banklari depozitlariga Moliya vazirligi G‘aznachiligiga buyurtmanoma taqdim etish orqali joylashtiriladi;
2022-yilgacha davlat unitar korxonalari bo‘sh mablag‘larining tijorat banklari depozitlariga joylashtirilgan milliy valyutadagi mablag‘lari depozitlar muddati tugagandan so‘ng, ularning muddati uzaytirilmasdan tegishli g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
13. 2022-yilda soliq yukining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilar belgilansin:
jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (tadbirkorlik faoliyatida foydalanadigan yer uchastkalaridan tashqari) summasi 2021-yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim;
2018-yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i summasi 2021-yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.
14. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lashdan ozod etilgan soliq to‘lovchilardan ushbu soliqlardan hisoblangan summaning bir foizini undirish tartibini joriy etish haqidagi taklifi ma’qullansin.
Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Soliq to‘lovchilarga quyidagi huquqlar berilsin:
2022-yil 1-fevralga qadar 2022-yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ko‘chmas mulk obyektlariga bir kvadrat metr minimal qiymat miqdorini hisobga
olmagan holda taqdim etish;
2022-yil 1-aprelga qadar kadastr organlarida ko‘chmas mulk obyektlari maydonlarini taqqoslashni amalga oshirish, 2022-yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma’lumotnomani penya hisoblash ko‘rinishidagi javobgarlik chorasi qo‘llanilmagan holda taqdim etish;
Oldingi tahrirga qarang.
2022-yil 1-oktabrga qadar ko‘chmas mulk qiymatini baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mustaqil baholashni o‘tkazish va 2022-yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma va baholash hisobotini soliq organlariga taqdim etish. Bunda ko‘chmas mulk obyektlarini mustaqil baholash o‘tkazish rejalashtirilganligi to‘g‘risida 2022-yil 1-aprelga qadar soliq organlarini xabardor qilish yoki oxirgi ikki yil davomida baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda o‘tkazilgan mol-mulkni baholash natijalarini soliq organlariga taqdim etishi shart;
(15-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-apreldagi PQ-208-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 07/22/208/0311-son)
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlarini 2022-yil 1-fevralga qadar taqdim etish.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi har bir ko‘chmas mulk obyekti qiymatini mustaqil baholash natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning doimiy asosda ma’lumotlar bazasiga kiritilishini ta’minlasin.
16. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari (import shartnomalari asosida amalga oshiriladigan xaridlardan tashqari) uchun to‘lovlar faqat elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan holda amalga oshiriladi.
17. 2022-yil 1-apreldan 2022-yil 31-dekabrga qadar tajriba tariqasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ misolida tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi joriy qilinadi.
Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi 2022-yil 15-martga qadar mazkur korxonalar misolida o‘zaro hisobga olish mexanizmini ishlab chiqsin.
Moliya vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar tajriba sifatida qo‘llanilgan tartibni boshqa korxonalarga tatbiq qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
18. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyulga qadar davlat soliq xizmati organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinmaganlik yoki undagi barcha operatsiyalarni to‘liq aks ettirmaganlik uchun nazarda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llanilmaydi.
19. 2022-yil 1-iyuldan boshlab ishlab chiqaruvchilar uchun etil spirti va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarishda soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan elektron hisobga olish va o‘lchash uskunalaridan foydalanish majburiyligi belgilansin.
20. Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari hamda avtomobillarga gaz quyish va gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga zamonaviy elektron hisobga olish va o‘lchash uskunalarini o‘rnatish, ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Davlat soliq qo‘mitasi:
etil spirtini va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan elektron hisobga olish va o‘lchash uskunalaridan foydalanish ustidan tizimli va qat’iy nazoratni ta’minlasin va belgilangan talab buzilgan taqdirda, bunday soliq to‘lovchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini ta’minlansin;
qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarni maxsus hisobga qo‘yish uchun foydalaniladigan xavfni tahlil qilish tizimida mezon sifatida etil spirtini, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan qonunchilikda belgilangan ruxsat etuvchi (litsenziya) talablarning buzilishini nazarda tutsin.
22. Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq ma’lumotlarini qayta ishlash markazi” davlat unitar korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasiga “Soliq ma’lumotlarini qayta ishlash markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan xizmatlar ko‘rsatish uchun asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra mablag‘larni 2023-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ajratishni nazarda tutsin.
23. Hisob palatasi va Moliya vazirligi tadbirkorlikni, iqtisodiyotning ayrim sohalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Davlat budjetidan vazirlik va idoralarning maqsadli jamg‘armalariga 2017 — 2021-yillarda ajratilgan mablag‘lardan
maqsadli foydalanilganligi, ularning samaradorligi va natijadorligini o‘rgansin hamda 2022-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
24. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 9-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
26. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2022-yil 1-yanvardan 10-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
27. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-dekabr,
PQ-73-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qaroriga
1-ILOVA
2022-yilda ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari