13-mavzu. O’ZBEKISTON VA JAHON HAMJAMIYATI
Reja:
1. O’zbekistonning geosiyosiy o’rni va iqtisodiyoti. O’zbekiston Respublikasining diplomatik aloqalarida demokratik tamoyillar.
2. O’zbekistonning jahon hamjamiyatidagi erishgan yutuqlari.
3.O’zbekistonning faol tashqi siyosati.
XX asrning oxirida inqiloblar yuz yilligi jahon sahnasida sotsialistik tuzumning emirilishi bilan yakun topdi. Sobiq «qizil imperiya» hududida xalqaro munosabatlar va xalqaro huquqning to’laqonli sub'ektlari - yangi mustaqil davlatlar paydo bo’ldi. Shular qatori, uzoq davlatchilik tarixiga ega O’zbekiston Respublikasi ham o’z milliy taraqqiyot yo’lini tanlab oldi. Qadimgi madaniyat o’choqlaridan biri bo’lgan yurtimiz yana jahon hamjamiyati va uning ajralmas qismiga aylandi.
Milliy davlatchiligimizning bir qator sohalari sobiq sho’rolar tuzumi davrida inqirozga yuz tutgan edi. O’ta markazlashgan totalitar tuzum sharoitida ittifoqdosh respublikalar amalda o’z mustaqilligini yo’qotgan edilar. O’zbekiston Respublikasining tashqi aloqalari ham markaz orqali, uning ko’rsatmasi va nazorati ostida amalga oshirilar edi. Istiqlol qo’lga kiritilgach, yosh davlatimiz oldida tashqi iqtisodiy va siyosiy aloqalarni yo’lga qo’yish va shu maqsadda yangi davlat tuzilmalarini tashkil etish masalasi ko’ndalang turardi. Chunki, busiz xalqaro hamjamiyatga kirib borish mumkin emas. Zero, O’zbekiston faol tashqi siyosat yuritish bilan xalqaro huquqning teng huquqli a'zosi sifatida o’z davlatchiligini qurishi, mustaqillikni mustahkamlashi, dunyoda o’zining munosib o’rnini egallashi lozim edi. «O’zbekiston yo’li - jahon hamjamiyatiga qo’shilish yo’li» shiori ilgari surildi.
Mustahkam xavfsizlik, izchil iqtisodiy taraqqiyot uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasini ko’tarish, konstitutsion tuzum asoslarini mustahkamlash, millatlar ahilligi, xalqlar do’stligi, fuqarolar erkinliklari va haq- huquqlarini muhofaza qilish tashqi siyosatning asosiy maqsadlaridir. Ana shu maqsadlarni ro’yobga chiqarish, jahon hamjamiyati bilan tabiiy aloqalarni yo’lga qo’yish istagida tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatning milliy mexanizmlari tashkil qilindi.
1990 yilda tashkil etilgan respublika Tashqi ishlar vazirligi faoliyati tubdan isloh qilindi. 1992 yili Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, 1991 yili Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tashkil topdi. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida diplomatiya, xalqaro huquq va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida malakali kadrlar tayyorlashning davlat tizimi yaratildi. Tashqi aloqalar sohasi uchun milliy kadrlar tayyorlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universteti tashkil qilindi. Tashqi iqtisodiy va siyosiy faoliyatni tartibga soluvchi «Chet el investitsiyalari to’g’risida» Qonun (1998), «O’zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyati to’g’risida» Qonun (2000), «O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy printsiplari to’g’risida» Qonun (1996), «O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to’g’risida» Qonun (1995), shuningdek, Konsullik Ustavi, O’zbekiston Respublikasi Harbiy doktrinasi kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
Mana shunday nazariy va amaliy qadamlar natijasi o’laroq, bugungi kunda davlatimiz mustaqilligini 170 ga yaqin mamlakatlar tan oldi. Ularning 120 nafari bilan diplomatik munosabatlar o’rnatilgan. O’zbekistonda 43 davlat va 20 ta yirik xalqaro tashkilot missiyalari akkreditatsiya qilingan. O’z navbatida, O’zbekiston 40 dan ortiq yirik tashkilotlar hamda 500 dan ortiq xalqaro huquq sub'ektlari bilan hamkorlik qilmoqda. O’zbekiston fuqarolari tomonidan xorijiy davlatlarda 180 ta korxona va vakolatxonalar faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston 34 ta davlat bilan «Investitsiyalarni himoyalash va raG’batlantirish to’g’risida» shartnoma imzolagan.
O’zbekiston ko’p tomonlama aloqalar bilan ikki tomonlama munosabatlarni ham rivojlantirib bormoqda. Yevropa davlatlari va AQSh mamlakatimiz tashqi siyosatida alohida o’rin tutadi.
1996 yili Florentsiyada O’zbekiston Respublikasi va Evropa Ittifoqi to’g’risida Sheriklik va hamkorlik to’g’risida Bitimning imzolanishi mamlakatimizning YeI davlatlari bilan munosabatlaridagi burilish nuqtasi bo’ldi.
AQSh bilan 2002 yil 12 mart kuni imzolangan Strategik sherikchilik va hamkorlik asoslari to’g’risidagi Deklaratsiya esa O’zbekiston-AQSh munosabatlarini yangi bosqichga ko’tardi.
Shunday qilib, hozirgi kunda O’zbekiston jahon hamjamiyatida munosib o’rin egalladi va Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatida e'tirof etilmoqda. Bunday obro’-e'tibor tarixiy davlatchiligimiz, ma'naviyatimiz va oldimizga qo’ygan maqsadlarimizga hamohangdir. O’zbekiston o’zining tinchliksevar, barqarorlikka asoslangan tashqi siyosatini davom ettiradi. Buning uchun etarli siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy imkoniyatlari mavjud. Bundan tashqari O’zbekiston jahon hamjamiyat tashkilotlaridan SHHT ga ham a’zo hisoblanadi. Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) —mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. Xitoyning Shanxay shaxrida 6 mamlakat — Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston davlat rahbarlari uchrashuvida tuzilgan (15-iyun 2001-yil). SHHTning vujudga kelish tarixi „Shanxay beshligi“ deb atalgan uyushma faoliyati bilan bogʻliqdir. Dastlab Qozogʻiston,Xitoy, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston davlatlari raqbarlari („Shanxay beshligi“) uchrashuvi boʻlib oʻtgan. Unda chegaradosh mamlakatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash (1996) va qoʻshma chegarada qurolli kuchlar va qurolyarogʻlarni qisqartirish (1997) toʻgʻrisida 2 ta bitim imzolangan edi. 1998 yildan „beshlik“ mamlakatlarining oʻzaro hamkorligi sobiq Sovet Ittifoqi — Xitoy chegarasi boʻylab harbiysiyosiy vaziyatni barqarorlashtirish masalalaridan mintaqaviy xavfsizlik va koʻp tomonlama iqtisodiy hamkorlikni taʼminlash choralariga oʻtishga qaratildi. SHHTning Dushanbe (2000) sammitida Oʻzbekiston Respublikasi birinchi marta kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Ana shu sammitda „beshlik“ negizida koʻp tarmoqli tashkilot tuzish toʻgʻrisida taklif ilgari surildi. SHHT taʼsischilaridan biri sifatida ishtirok etish haqidagi qarorni Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlaridan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda qabul qildi.
2016 yilning 23-24 iyun kunlari Ko'ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo'ldi.Majlis O'zbekiston Respublikasi raisligida o'tdi.SHHT sammiti tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlarining o’zaro uchrashuvi bilan boshlandi.O'zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida bo’lib o'tgan uchrashuvda Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Prezidenti Si Szinpin, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini yanada kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.O'zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uchinchi marotaba raislik qilmoqda. Shuningdek, O’zbekiston ShHTga 2003-2004 hamda 2009-2010 yillarda raislik qilgan.Davlat rahbarlari ShHTning 15 yillik faoliyati natijalarini ko'rib chiqdilar. Tashkilot nufuzli va ahamiyatli tuzilma sifatida xalqaro maydonda mustahkam o'rin egallagani alohida ta'kidlandi.
Majlisda xalqaro terrorizm, ekstremizm va uning boshqa ko'rinishlari bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun birdek xavf solayotgani alohida ta'kidlandi. Ushbu tahdidlarga faqat hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirish orqali qarshi kurashish mumkinligi qayd etildi.Iqtisodiyotning pasayishiga qarshi samarali kurashish borasida tajriba almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarida uzoq muddatli o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va infratuzilmani rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo'g'uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Eron Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif, sammit mehmoni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi. Shuningdek, majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo'mitasi direktori Evgeniy Sisoyev qatnashdi.Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o'rinbosari Jefri Feltman, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengashning ijrochi direktori Gun Szyanvey ham ishtirok etdi. Sammit chog’ida Hindiston Respublikasi va Pokiston Respublikasining ShHTga a'zo davlat maqomini olish yo'lidagi majburiyatlari to'g'risidagi memorandumlar imzolandi.Davlat rahbarlari Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Kambodja Qirolligi va Nepalga ShHTning muloqot bo'yicha sheriklari maqomini berish to'g'risidagi memorandum imzolanishini ma'qulladilar.Muzokaralar yakunida ShHT o'n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi, ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo'yicha 2016-2020 yillarga mo'ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to'g'risidagi qaror, ShHTga a'zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar imzolandi.Majlisda O'zbekiston Respublikasining ShHTga raislik davridagi faoliyatiga yuksak baho berildi.ShHTga raislik Qozog'iston Respublikasiga o'tdi.
NavbatdagiSammit 2017-yil 9-iyun kuni Ostona shahrining Mustaqillik saroyida davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Qozog'iston Respublikasi (sobiq) Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida o'tgan uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.
ShHTning 2025-yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo'yicha 2016-2020-yillarga mo'ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to'g'risidagi qaror, ShHTga a'zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar ijrosiga e'tibor qaratildi.
ShHT nisbatan qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. ShHT tuzilganidan keyin ko'plab davlatlar unga a'zo bo'lish istagini bildirdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida davlat rahbarlari Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga ShHTning muloqot bo'yicha sheriklari maqomini berish to'g'risida kelishib olgan edi.
Mazkur sammit yig'ilishida, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G'ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo'g'uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif ishtirok etdi.
Tashkilotning 2016-yilgi Toshkent sammitida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a'zo davlat maqomini olish yo'lidagi majburiyatlari to'g'risidagi memorandumlar imzolangan edi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida sammit ishtirokchilari e'tiborini Afg'onistondagi vaziyatni yaxshilash zarurligiga qaratib, u yerda sodir etilayotgan davomli teraktlar dunyoning barcha mamlakatlari uchun xavf solayotganini alohida ta'kidladi. Ushbu tahdidlarga hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirgan holda qarshi kurashish zarurligini qayd etdi.
Yoshlarni turli yot g'oyalardan asrash, ularning zamonaviy ta'lim-tarbiya olishi, komil inson bo'lib voyaga yetishida davlatlararo hamkorlikning ahamiyati katta.
Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkiloti ko'magida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo'ladi, dedi davlatimiz rahbari.
O'zbekiston ShHTga a'zo davlatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, "Bir makon, bir yo'l" loyihasi doirasida transport-kommunikatsiya sohasini jadal rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'lining qurilishi mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ShHT davlatlari temir yo'l sohasi rahbarlarining uchrashuvlarini tashkil qilish zarurligini ta'kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017- yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi hamda qator fikrlarni ilgari surdi.
Ta’kidlash joizki, davlat rahbari 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarini bayon etgan edi.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslar:
• “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etildi (2018 yil 27 mart);
• Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi. BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 22 iyun);
• Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solindi (2018 yil 27 noyabr);
• BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” haqidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 12 dekabr);
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etadi. Ushbu chiqishning tarixiy ahamiyati shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgani va unga O‘zbekiston a’zo bo‘lib kirgandan buyon ilk bor tashkilot minbarida O‘bekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zlaydi.
Bosh Assambleyaning markaziy tadbirlari jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan BMT tarixida ilk bor videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari sessiyaning yalpi qismida so‘zga chiqib, xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini taqdim etadi hamda O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Muhokamalarning asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib o‘tish masalalariga to‘xtalib o‘tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |