Qishloq jamoasi. Kushon podsholigi davrida shaharlar atrofi va vohaning aksariyat joylarida ko‘plab qishloqlarga asos solingan. Sh.Pidaevning ta’kidlashicha, bu qishloqlarning umumiy maydoni 0,5 gektardan 5 gektargacha bo‘lgan. Viloyat hududida Kushon davlati hukmronligi davriga mansub 130 dan ortiq yodgorliklarning 80 ga yaqinini qishloqlar tashkil etadi. Bu ma’lumotlarga tayanib, shuni ta’kidlash mumkinki, kushonlar jamiyatida asosiy guruhlardan biri erkin jamoa vakillaridan tarkib topgan qishloq jamoasi hisoblangan. Shu boisdan ba’zi bir arxeolog tarixchilarning (M. Masson, V. Masson, G. Koshelenko) Kushon podsholigini qulchilik yoki quldorlik davlatlari deb atashimutlaqo asossizdir.
54
Bu davr qishloqlarining ichki tuzilishi Mirzaqultepa (Termiz tumani), Sho‘rtepa (Angor tumani) va Oqqo‘rg‘on (Sherobod tumani) yodgorliklari
orqali ma’lum. Mirzaqultepa, Sho‘rtepa kabi qishloqlar loyiha asosid qurilgan bo‘lib, shahar singari aniq qurilish xususiyatiga ega.
Qishloq va shaharlar o‘rtasida juda yaqin aloqa mavjud bo‘lgan. Bu jarayon Kushon davri qishloqlaridan topilgan tanga pullar, shaharlik kulol ustalar yasagan sifatli sopol idishlar va boshqa moddiy madaniyat turlarida kuzatiladi. Jumladan, Oqqo‘rgon qishlog‘ini o‘rganish davomida 150 dan ortiq tanga pul uchragan. Oks daryosi bo‘yida joylashgan Xo‘ja Gulsuvar sangtaroshlar qishlog‘i bo‘lib, atrofda mavjud ohak giltoshni Tarmita va uning atrofidagi bunyod etilayotgan me’morchilik inshootlari qurilishiga tayyorlab bergan. Mirzaqultepa va Oqqo‘rg‘on kabi qishloqlar shaharlarni doimiy ravishda don va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlab turgan. Qishloq jamoasi ijtimoiy hayotida oqsoqollar katta nufuzga ega bo‘lganlar. Sug‘orish inshootlarini tartibga solish, davlat miqyosidagi soliqlar to‘plash va boshqa ishlar bevosita jamoa oqsoqoli boshchiligida amalga oshirilgan. Qishloq aholisi orasida mahalliy ma’bud va ma’budalarga topinish keng tarqalgan.
Savdo va madaniy aloqalar. Kushon podsholigi hukmronligining ilk bosqichidayoq ko‘hna dunyo malakatlari va xalqlari tarixida muhim ahamiyat kasb etgan qit’alararo savdo yo‘li "Buyuk ipak yo‘li" to‘liq shakllangan.
Bu davrda Surxondaryoda ham asosiy savdo yo‘li va uning ko‘plab shahobchalari betinim faoliyat ko‘rsatgan. Balxdan shimolga qarab yo‘l olgan karvon Amudaryodagi kechuv joylari orqali Tarmitaga kirib kelgan. Undan so‘ng karvonlar Angor, Sherobod vohalari va Sheroboddaryo havzasi yoqalab "Temir darvoza"ga yo‘l olgan. Viloyatda Kushon podsholigi davrida mavjud savdo yo‘lining yana bir bo‘g‘ini shimolda Chag‘oniyon -"Temir darvoza" yo‘nalishi hisoblangan.
Kushonlar hukmronligi davrida voha aholisi So‘g‘d, Xorazm va Parfiya bilan bir qatorda Xitoy, Shimoliy Hindiston va O‘rta Yer dengizi mamlakatlari bilan yaqin savdo aloqalarini olib borganlar. Rim bilan bo‘lgan savdo aloqalaridan Xayrabodtepadan topilgan Rim imperatori Neron tangasi, Shahrig‘ulg‘uladan topilgan marmardan yasalgan masxaraboz niqobi, shisha idishlar dalolat bersa, buddaviylik dini va u bilan bog‘liq san’atning Shimoliy Baqtriya yerlarida paydo bo‘lishi Hindiston bilan amalga oshirilgan aloqalar tufayli sodir bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |