Nazariya: mohiyati va funksiyalari
Ishlab chiqilgan nazariya ilmiy tadqiqotning eng samarali natijasi va yakunidir. Uning samaradorligi shundan iboratki, nazariya ob’ekt doirasiga kirgan barcha faktlarni tushuntiradi, o‘rganilayotgan xossa, aloqadorlik va qonuniyatlar xususida bir-butun tasavvur beradi, o‘zini tarkibidagi konseptual unsurlar (tavsif, tushunchalar, tamoyillar) tizim xarakteriga ega, amaliyot va texnologiyaga tatbiq qilish imkoniyati mavjud. Nazariya tushunchasi keng va tor ma’nolarda ishlatiladi.
Keng ma’noda nazariya predmet yoki voqelikning biron-bir tomonini tushuntiradigan qarash, g‘oya va ta’limotlarni birlashtirgan bilish shaklidir. Bu tipdagi nazariyani tarkibiy qismlari turli darajada asoslangan faktlar tasavvurlar va tamoyillardan tashkil topgan.
Konseptual yadro rolini o‘ynagan bir nechta tamoyil, rahbar g‘oya qolgan tushunchalar, qarashlar, umumlashmalar va gipotetik xislatga ega bo‘lgan tasavvurlarni birlashtiradi, hosil bo‘lgan bilim nazariya ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Koinot evolyusiyasi nazariyasi, biologik evilyusiya nazariyasi, jamiyat va tabiat koevolyusiyasi nazariyasi, postindustrial jamiyat nazariyasi keng ma’noga ega bo‘lgan nazariyalar turkumiga kiradi.
Tor va qat’iy ma’noda nazariya-tadqiqot ob’ekti doirasiga kirgan barcha faktlarni tushuntiradigan konseptual yadrosi (boshlang‘ich aksiomalar, qoidalar, tamoyillar) atrofida tushunchalar, g‘oyalar va gipotetik tasavvurlarni birlashtirgan, tizim ko‘rinishiga ega bo‘lgan ilmiy bilish shaklidir.
Nazariya ma’lum strukturaga ega bo‘lib, uning tarkibiga boshlang‘ich tushunchalar va tamoyillar, faktlarni tushuntiradigan g‘oyalar va tasavvurlar, qonunlar, ilmiy farazlar kiradi. Shunday unsurlarga ega bo‘lgan nazariya yetuk nazariya darajasiga ko‘tariladi. Magnetizm nazariya, Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, Bertalanfining umumiy tizim nazariyasi shular jumlasidandir.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda tadqiqot ob’ekti xususiyatiga qarab bilimlar nazariya va ta’limot shaklida ishlab chiqiladi.
Nazariyadan farqliroq ta’limot qat’iy bilim shakllari va tamoyillar strukturasiga, har bir mulohaza fakt va eksperiment natijalari bilan tasdiqlangan bilim tizimi ko‘rinishiga ega bo‘lmasdan, asosan voqelikning biron-bir sohasi xususida bildirilgan nazariy g‘oyalar va tasavvurlar majmuasidir.
Izlanish ob’ekti nisbatan aniq struktura va funksiyalarga ega bo‘lgan taqdirda tadqiqot nazariyani ishlab chiqish bilan yakunlanadi. Shunday holatni tilshunoslik, psixologiya, pedagogika, iqtisodiy menedjment fanlarida kuzatish mumkin. Psixologiyada bu ijtimoiy rollar nazariyasi, shaxs fazilatlari nazariyasi va boshqalar. Ayrim ishlab chiqilgan ilmiy-psixologik g‘oyalar ham nazariya, ham ta’limot sifatida belgilanadi. Masalan, ijtimoiy o‘rganish nazariyasi inson tomonidan ijtimoiy jarayonlar ta’sirida amalga oshadigan tajriba va bilim orttirishni tavsiflaydigan ta’limot hisoblanadi.
Bilish va amaliyotda ilmiy nazariya uchta-tavsiflash, tushuntirish va bashorat qilish funksiyalarini bajaradi.
Tavsiflash funksiyasi kuzatish va eksperimentdan olingan ma’lumotlarni shu mavjud nazariya tilida bayon qilish va ularni birlamchi qayta ishlashdan iborat amalni (bajariladigan ishni) bildiradi. Tavsiflash hodisa, voqea va jarayonlarni tushuntirish yo‘lidagi dastlabki talab va ilmiy faoliyatdir.
Nazariyaning tushuntirish funksiyasi nihoyatda muhim funksiya hisoblanib, bunda ob’ekt xossalari va qonuniyatlarining sababi, amalga oshish mexanizmllari tushuntiraladi, shu asosda amaliyot va texnologiyada tadbiq qilinishi mumkin bo‘lgan qoidalar, tavsiflar va modellar ishlab chiqiladi.
Bashorat qilish funksiyasiga ega bo‘lgan nazariyada ishlab chiqilgan qat’iy qoidalar, dalillar va xulosalar asosida ob’ektni qanday bo‘lishini, undagi jarayonlar qanday kechishi va oqibatni oldindan aytib berish imkoniyati mavjuddir. Tabiiy-ki bunday nazariyada rivojlantirilgan tadqiqot apparati, takomil uslubiy vositalar bo‘lishi kerak. Aytaylik, demografiya (aholishunoslik) o‘zini nazariyasi, tadqiqot metodi va statistikaga tayanib yaqin va uzoq vaqtga mo‘ljallangan aholini o‘sish dinamikasini bashorat qiladi, prognizlashtirish modelini ishlab chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |