Mavhumlashtirish va umumlashtirish usuli
Nazariy tadqiqotning vazifalaridan biri izlanish ob’ekti xossalari va qonuniyatlarini aks ettiradigan tushuncha, tamoyil va kategoriyalarni (eng umumiy tushunchalar) ishlab chiqishdir. Bular tadqiqotning konseptual vositalaridan, yanada kengroq ma’noda aytadigan bo‘lsak –ilmiy bilish shakllaridir.
Tadqiqot uchun zarur bo‘lgan tushunchalarni xosil qilishda, ularning mazmunini boyitishida mavhumlashtirish va umumlashtirish usullari katta rol o‘ynaydi.
Tadqiqot ob’ekti, unga oid xossalarini o‘rganish kerak bo‘lsa, biz xossalarini namoyon etadigan xolatlar va belgilarni tahlil qilamiz, ularni mazmunini o‘zida mujassamlantiradigan tushunchalar hosil qilamiz. Bu bilan biz ob’ektning o‘rganilgan xossalarini fikrda ajratib olamiz, tushunchalarda ifodalaymiz, keyin empirik materiallarni tahlil qilishda shu tushunchalardan foydalanamiz.
Mavhumlashtirish amali tufayli «faoliyat» tushunchasini xosil bo‘lishini ko‘rib chiqaylik. Hayovonlarda hatti-xarakat mavjud. Inson faolligi shunchaki hatti-harakat emas. Nima uchun? Psixologlar inson faolligini o‘rganishlar ekan, uni hayvonning hatti-hakarakatidan farq qiladigan belgi va xislatlarga e’tibor beradilar; a) muhitga bo‘lgan munosabat: b) moddiy va ma’naviy ehtiyojni paydo bo‘lishi; v) predmetga bo‘lgan munosabatni ifodalaydigan manfaatni mavjudligi; g) faollikni anglatilgan yoki rejalashtirilgan maqsadga qaratilganligi; d) maqsadga muvofiq ravishda narsani, predmetni o‘zgartirish; ye) ehtiyoj va manfaatni qondirishga qaratilgan sun’iy predmetlarni yaratish va boshqalar. Psixolog faollikning mana shu ajratib olingan qirralari haqida tasavvurlar hosil qiladi, tasavvurlarni ongida, tafakkurida bir-biriga bog‘lab «faoliyat» tushunchasini hosil qiladi, ta’riflaydi.
Shunday qilib, psixologik inson hayoti asosida turgan faollikning belgi va xislatlarini fikrda ajratib oldi, tadqiqot jarayonida ular haqida tasavvurlar shakllanadi, tasavvurlarni umumlashtirish esa «faoliyat» tushunchasini hosil bo‘lishiga olib keldi.
Mavhumlashtirish usulidan ikki yo‘nalishda foydalanish mumkin:
1. O‘rganilayotgan ob’ekt xossalarini fikrda ajratib olish, tahlil qilish, tushunchalarda ifodalash. Bu yerda ob’ekt empirik tavsiflashga qaraganda chuqurroq tadqiq qilinadi, sababiy asos, tamoyil, qonuniyat ochiladi. Adabiyotshunoslikda – g‘oyaviylik, ijodiyot erkinligi, vorislik, realizm, fizikada – kuch, massa, energiya, inersiya tushunchalari shu tarzda shakllangan.
2. Idealizatsiyalashtirish. Bu amalni bajarishda ob’ektning biron-bir tomonini o‘rganishga yordam beradigan, namuna rolini o‘ynaydigan tushuncha ishlab chiqiladi. Hosil bo‘lgan tushuncha, ob’ektni aniq aks ettirishi shart emas, uni real hossani tushunishga tatbiq qiladilar, qimmatli ma’lumot oladilar. Ma’naviyatshunoslikda komil inson, muruvvat, metin iroda, adabiyotshunoslikda garmoniya, badiiy obraz estetik ideal, ideal qahramon (Farhod obrazi), fizikada moddiy nuqta, Karno sikli, ideal gaz, mashinani ideal foydasi kabi tushunchalarni xosil qilish, tadqiqotda ulardan foydalanish shundan dalolat beradi.
Umumlashtirish. Umumlashtirish mavhumlashtirishning yuqoriroq pog‘onasiga o‘tishni bildirib, unda narsa va hodisalardagi o‘xshash, ular uchun umumiy bo‘lgan belgi va tomonlar haqida obraz va tasavvurlar hosil qilinadi, tafakkurda ular birlashtirilib, umumiy mazmunga ega bo‘lgan tushuncha ishlab chiqiladi. Shu bois tushunchani ma’lum belgilar guruhini o‘zining mazmunida umumlashtirgan ilmiy bilish shakli deb izohlash mumkin.
Ob’ektlardagi xossa va tomonlarni oldin tahlil qilib, keyinchalik tasavvurlar, to‘plangan faktlar va materiallarni umumlashtirish jarayonida tushunchalardan tashqari tamoyillar, g‘oyalar va nazariyalar ishlab chiqiladi.
Kimyoviy izlanishlarda bir xil mikrozarrachalarning atomidan tashkil topgan, mustaqil mavjudligi, tarkibida ma’lum miqdorda atom yadrosi va elektronlarni bo‘lishi kabi xolatlarni tahlil qilinishi va umumlashtirilishi molekula tushunchasini shakllanishiga olib keldi.
Adabiyotshunoslikda turli janrga ta’luqli asoslarda keltirilgan obrazlarni tahlil qilish, ularni yaratish usullarini o‘rganish, olingan bilimlarni umumlashtirish badiiy obraz tushunchasini vujudga keltirdi.
Xulosa qilib aytganda umumlashtira bilishda ijodiy samara beradigan nazariy tafakkur darajasi va usulidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |