XALQIMIZ FAROVONLIGINI YUKSALTIRISH YO‘LIDAGI ISLOHOTLAR IZCHIL DAVOM ETTIRILADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifining ikkinchi kuni Shimoli-G‘arbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonida bo‘ldi. Bu erda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi bilan tanishdi, harbiylar bilan muloqot qildi.
Milliy armiyamiz jangovar qudratini oshirish, harbiy xizmatchilarga munosib sharoitlar yaratish doimiy e’tiborda. Keyingi yillarda bu boradagi islohotlar yangi bosqichda davom ettirilmoqda.
Xususan, harbiy salohiyatni oshirish maqsadida qo‘shinlarni zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslaha bilan ta’minlash yangi bosqichga ko‘tarildi. Nazariy bilimlarni amaliyotda sinovdan o‘tkazishga e’tibor kuchaytirildi. Joriy yilning o‘zida dala poligonlarida jangovar holatlarga yaqin sharoitda amaliy mashg‘ulot o‘tkazish sezilarli darajada oshdi. Bu harbiy xizmatchilarning psixologik va ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash, milliy armiyamiz salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nukus garnizoni hududidagi harbiy qism yotoqxonasi, o‘quv korpuslari, harbiy savdo majmuasi, oshxona, shuningdek, harbiy shaharchadagi bog‘cha, maktab va yashash uylari ta’mirlandi. Kichik o‘quv poligoni va chavandozlik tayyorgarligi maydoni kapital rekonstruksiya qilindi. Tennis, futbol, voleybol maydonchasi yangidan qurildi.
Kapital rekonstruksiya qilingan o‘quv korpusining birida muddatli harbiy xizmatchilar kompyuter savodxonligi, tadbirkorlik kurslari, xorijiy tillar, matematika va fizika bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Qisqacha aytganda, bu erda muddatli harbiy xizmatchilar kelajakda o‘zlari uchun zarur bilimga ega bo‘ladi.
Ikkinchi o‘quv korpusida merganlik, artilleriya, havo hujumidan mudofaa, harbiy topografiya, harbiy taktik maxsus tayyorgarlik va aloqa bo‘yicha nazariy bilimini oshiradi. Bundan tashqari, boy kitob fondiga ega va zamonaviy axborot vositalari bilan ta’minlangan kutubxona askarlar xizmatida. Bu erda harbiy xizmatchilar videomuloqot orqali taniqli shoir-yozuvchilar bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega.
Prezidentimiz o‘quv korpuslarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi.
Harbiylarimizning ham jismonan, ham ma’nan barkamol bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratayapmiz. SHuning uchun sizlar vaqtingizni behuda o‘tkazmay, kitob o‘qishingiz, chuqur bilim olishingiz, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni puxta o‘rganib, yoshlarga o‘rnak bo‘lishingiz kerak. CHunki yoshlar bizning tayanchimiz, umidimiz, dedi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni.
Uchrashuvda harbiy xizmatchilarning yashash sharoitini yanada yaxshilash, buning uchun joylarda tashkil etilgan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini takomillashtirish lozimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Nukus shahrining “Qumbuz ovul” mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilgan ko‘p qavatli uylar va ularning birinchi qavatida joylashgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi hamda oilaviy poliklinika bilan tanishdi.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasiga avvalgi tashrifi chog‘ida Nukus shahrida ijtimoiy ob’ektlar, uy-joylar qurilishi loyihalari bilan tanishib, bolalar bog‘chasi, oilaviy poliklinikani ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. SHaharning Abdambetov ko‘chasida ana shunday loyihadagi 5 qavatli 10 ta arzon uy qurildi. Ushbu uylardan ikkitasining birinchi qavatida “Navshe” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan “Navshe” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi 50 o‘ringa mo‘ljallangan. Muassasa bolalar ongini o‘stirishga ko‘maklashuvchi turli o‘yinchoqlar, metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. Ingliz tili, rus tili, shaxmat-shashka to‘garaklari tashkil etilgan.
Prezidentimiz maktabgacha ta’lim muassasasidagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bog‘chalar ko‘p qavatli uyning shundoq o‘zida joylashgani odamlarga farzandi ko‘zi oldida, xotirjam bo‘lishini, bundan maqsad, avvalo, aholiga qulaylik yaratish ekanini alohida ta’kidladi.
8-oilaviy poliklinika avval Nukus shahrining 26-kichik tumanidagi moslashtirilmagan binoda joylashgan bo‘lib, sharoiti og‘ir, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun etarli imkoniyat yo‘q edi. Aholi tor doiradagi mutaxassislarga ko‘rinish uchun ko‘p tarmoqli poliklinikalarga borishga majbur edi.
10-uyning birinchi qavatida barpo etilgan 8-oilaviy poliklinika hududdagi 8 ta mahallaning 46 ming aholisiga xizmat ko‘rsatadi. 250 qatnovga mo‘ljallangan muassasada sifatli tibbiy xizmat uchun barcha sharoit yaratilgan, raqamli rentgen apparati, UTT, EKG, biokimyo analizatori kabi zarur tibbiy anjomlar bilan jihozlangan.
Poliklinikaning o‘zida ijtimoiy dorixona mavjud. U 500 dan ortiq, jumladan, 55 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmonlar bilan ta’minlangan. Dorilar o‘zgarmaydigan narxlarda, arzon sotiladi. Muassasada mijozlarning shifokor qabuliga elektron navbatga yozilish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Odamlar uyda o‘tirib, onlayn tarzda navbatga yozilishi va belgilangan vaqtda shifokor qabuliga kelishi mumkin.
Prezidentimiz shifokorlar bilan suhbatda tibbiyotga munosabat o‘zgarganini, soha vakillari patronaj xizmatini manzilli yo‘lga qo‘yishi kerakligini ta’kidladi.
Orolbo‘yida ekologik vaziyat og‘ir. Biz Qoraqalpog‘istonni tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha namunaga aylantirmoqchimiz. Bizning ishimizdan, avvalo, odamlar rozi bo‘lishi kerak. Qachon rozi bo‘ladi? Sog‘lig‘i mustahkam bo‘lsa! SHunda kayfiyati yaxshi bo‘ladi, umri uzayadi. Endi hisobot, statistika bilan emas, odamlarning kayfiyati bilan yashash kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari shu erda Abdambetov ko‘chasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, “Nukus city” shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi a’zolari, shahar va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirok etgan videoselektor yig‘ilishini shahar va tumanlarda keng jamoatchilik vakillari kuzatib bordi.
Investitsiya muhiti yaxshilangani, zarur shart-sharoitlar yaratilgani natijasida keyingi ikki yilda Qoraqalpog‘iston yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi 36 foizdan 41 foizga oshgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ko‘proq ish o‘rinlari yaratish, buning uchun yangi korxonalar tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishni o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak. Ana shunday yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablarini tashkil etishni rejalashtirganmiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bu ishni Qoraqalpog‘istondan, Nukus shahridan boshlashni taklif qildi. Taklifni barcha qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Prezidentimiz soha mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berdi.
Kelasi yili Qoraqalpog‘istonda 2 ming 400 o‘rinli 7 ta maktab qurilishi, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlaridagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus xalqaro aeroportida nuroniylar, ziyolilar, jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi. Ochiq va samimiy muloqotda mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatidagi islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Yig‘ilganlar hamma joyda va barcha sohalarda o‘zgarishlar bo‘layotgani, buni odamlar o‘z hayoti, mahallasi, tumani misolida his qilayotganini ta’kidladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |