[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.03.00 Davlat qo‘mitalari;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy masalalar / 11.01.02.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasida davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari]
[
TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik
boshqaruvi organlari;
2.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida
Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi;
atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida obyektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog‘lomlashtirilishini ta’minlash;
Oldingi tahrirga qarang.
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizimni tashkil etish;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
er, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirishga oid amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash pitomniklarini, zoologiya va botanikaga oid kolleksiyalarni davlat tomonidan ro‘yxatga olish;
ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarkibida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tashkil etilsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi va rais o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisobot beradilar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy xaraktyerga ega bo‘lgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’iy nazar, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun, shu jumladan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlar sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun aybdor shaxslarni o‘rnatilgan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish huquqiga egadir.
6. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi markaziy apparati tarkibida Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi,
qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining apparatlarida Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va shaharlarda hamda respublika tumanlarida tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni tashib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchastkalari negizida ularning filiallari tashkil etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish respublika inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etilsin, uning hududiy inspeksiyalari tuzilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida tabiatni muhofaza qilish respublika va hududiy jamg‘armalari negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasini tashkil etish, uning mablag‘larini, birinchi navbatda, atrof-muhitni muhofaza qilish, shu jumladan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, bioresurslarni saqlash va qayta tiklash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va uning monitoringi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, targ‘ibot va ta’lim ishlarini tashkil etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, shuningdek, Davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan aloqador boshqa maqsadlarga yo‘naltirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “2017 — 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari loyihasini kiritsin, Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish va muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi tuzilishini nazarda tutsin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonun loyihalarini ikki hafta muddatda kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80 va 93-moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”;
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorlarini oshirishni nazarda tutib, fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”;
keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan “O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
LexUZ sharhi
Ushbu Farmon “Xalq so‘zi” gazetasining 2017-yil 22-apreldagi 80 (6774)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 21-aprel,
PF-5024-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-aprelda imzolangan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5024-sonli Farmoniga
ShARH
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim huquqiy, tashkiliy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi 15 dan ziyod qonun, tabiiy resurslarning ayrim turlaridan foydalanish mexanizmlari va shartlari, shuningdek, davlat ekologik ekspertizasini amalga oshirish, turli toifadagi qo‘riqlanadigan hududlarni tashkil qilish va ularda alohida foydalanish rejimini o‘rnatish tartib-taomillari va boshqa masalalarni belgilab bergan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va amal qilmoqda.
Qabul qilingan hujjatlar atrof-muhit obyektlarining ifloslanish darajasini ma’lum darajada kamaytirish, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, xalqaro tashkilotlarni milliy ekologik muammolarni hal etishga jalb qilish imkonini berdi.
Shu bilan birga, atrof-muhit muhofazasi sohasida amaldagi davlat boshqaruvi tizimi va nazorati bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil bir qator kamchilik va muammolar borligini ko‘rsatdi, xususan:
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida jismoniy va yuridik shaxslar, maxsus vakolatli davlat organlari, tashkilot va korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi yagona davlat organining mavjud emasligi;
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunish tartibining huquqiy asoslari yo‘qligi tufayli atrof-muhit muhofazasi sohasida idoralararo to‘laqonli hamkorlik qilish va bu boradagi vazifalarni amaliy jihatdan hal etish imkoni yo‘qligi;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi ekologik, sanitariya me’yor va talablarini buzganlik uchun qonunchilikda nazarda tutilgan ma’muriy jazo choralarining yetarli emasligi va samarasi pastligi;
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining chiqindilar bilan ishlash sohasidagi vakolatlari faqat ishlab chiqarish chiqindilarini nazorat qilish bilan cheklangan edi. Qo‘mitaning amaldagi tashkiliy tuzilishi va shtatlar birligi unga yuklatilgan vazifalarni sifatli va to‘liq hajmda amalga oshirish imkonini bermayapti.
Shu munosabat bilan, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, bu yo‘nalishdagi davlat boshqaruvi va nazorat tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek, “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ko‘zda tutilgan boshqa vazifalarni hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunuvchi va hisobot beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga aylantirish (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologiya qo‘mitasi) nazarda tutilmoqda.
Farmon bilan Davlat ekologiya qo‘mitasiga quyidagi vazifalar yuklandi:
ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;
maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va ko‘mish ishlarining samarali tizimini tashkil etish;
atrof-muhitning ekologik holati maqbul tarzda saqlanishini, ekologiya tizimlari, tabiiy komplekslar va alohida obyektlarni qo‘riqlashni, ekologik vaziyat sog‘lomlashtirilishini ta’minlash;
er, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera
havosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya qilish borasida davlat ekologik nazoratini amalga oshirish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlar, yovvoyi o‘simliklar ko‘paytiriladigan va saqlanadigan pitomniklar, zoologiya va botanika kolleksiyalarining davlat hisobini yuritish;
ekologik tarbiya, targ‘ibot va ma’rifiy ishlarni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
Farmonga muvofiq quyidagi tuzilmalar tashkil etiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining markaziy apparatlarida Chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni to‘plash, saqlash, tashib ketish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizatsiya qilish bo‘yicha nazorat inspeksiyalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida “Toza hudud” davlat unitar korxonalari
va mamlakatimiz shaharlarida, shuningdek, tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining chiqindilarni olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan uchastkalari negizida ularning filiallari;
tabiatni muhofaza qilish respublika va mahalliy jamg‘armalari negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etiladi, jamg‘ar�a mablag‘lari birinchi navbatda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlariga, jumladan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarga va bioresurslarni saqlash va qayta tiklashga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza va monitoring qilish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazishga, targ‘ibot va ma’rifiy ishlarni tashkil etishga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashga yo‘naltiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish respublika inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tuziladi va uning hududiy inspeksiyalari tashkil qilinadi.
Xorijiy mamlakatlarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari faoliyatini tashkil qilishga oid tajribasidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz qonunchiligiga Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida hisobot berib borishi yuzasidan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish, bu borada chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlariga ko‘p joyda uchraydigan foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan o‘zgartish kiritiladi.
Mazkur farmonning amalga oshirilishi juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:
birinchidan — atrof-muhitni muhofaza qili� va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat nazorati va boshqaruvi organlarining tizimli ish olib borish samaradorligini oshiradi;
ikkinchidan — ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi idoralararo samarali hamkorlikni ta’minlaydi;
uchinchidan — atrof-muhitning
ekologik holati, ekologik tizim, tabiiy komplekslar va alohida obyektlarni qo‘riqlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 17-son, 287-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)