Mahalliy sanoat. 1997 yil 15 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalliy sanoatni boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida» gi №-1828-Farmoni bilan mahalliy sanoatni boshqarishni yanada takomillashtirish, xususiylashtirishni chuqurlashtirish va raqobatchilik muhitini vujudga keltirish, bozorning xalq iste’moli mollari bilan to‘ldirilishi uchun mahalliy hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida «Mahalliy sanoat» Davlat korporatsiyasi tugatilib, mavjud «Mahalliy sanoat» hududiy sanoat-savdo konsirnlari negizida respublika (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), viloyatlar va Toshkent shahar «Mahalliy sanoat» ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari tashkil etildi.
"Mahalliy sanoat" hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari shaklida ta’sis etilib, o‘z faoliyatida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradilar hamda o‘z faoliyatini qatnashchilarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadigan hududiy kompaniya Ustaviga muvofiq amalga oshiradilar.
"Mahalliy sanoat" hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklangan:
kompaniya tarkibiga kirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va marketing faoliyati, moddiy-xom ashyo resurslarini sotib olish, ishlab chiqariladigan mahsulotni eksport qilish, korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiyalash, shu jumladan xorijiy sarmoyani jalb etish asosida qaytadan jihozlash hamda rekonstruksiyalash masalalarida ularga yordam ko‘rsatish;
xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishda mahalliy xom ashyo va ikqilamchi resurslardan juda to‘liq foydalanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash;
tegishli mintaqalar hududida, birinchi navbatda qishloq joylarda aholining ish bilan bandligini kengaytirish uchun kichik va o‘rta korxonalarni barpo qilish hamda rivojlantirish.
Sanoat sohasida davlat nazorati. 2004 yil 9 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan sanoatda, gaz ta’minoti hamda kon nazorati sohasida boshqaruv tuzilmasini yanada takomillashtirish va ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish samaradorligini ta’minlash maqsadida Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ("Sanoatkontexnazorat" davlat inspeksiyasi)ga aylantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ("Sanoatkontexnazorat" davlat inspeksiyasi) respublika hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarning sanoatda ishlarni bexatar olib borish, yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga rioya qilishlari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va u o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
Davlat inspeksiyasi, uning mintaqaviy inspeksiyalari va unga idoraviy mansub tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasining sanoatda xavfsizlik sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining yagona tizimini tashkil etadi. Mintaqaviy inspeksiyalar mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil hisoblanadi va bevosita Davlat inspeksiyasiga bo‘ysunadi. Davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi hamda xalqaro bitimlar asosida boshqa davlatlarning davlat nazorat organlari bilan o‘zaro aloqa va hamkorlik qiladi.
Quyidagilar Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yuridik va jismoniy shaxslarning sanoatda va gaz ta’minotida ishlarni bexatar olib borishga, yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga, mineral xom ashyoni qayta ishlash va metallurgiya jihatidan saralashga, shuningdek kon ishlarini geologiya-marksheyderlik xizmati bilan ta’minlashga oid qonun hujjatlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga rioya qilishlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini ta’minlash sohasida oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish; gaz xo‘jaligi tizimida va ko‘p kvartirali turar joylar va respublikaning kommunal-maishiy ob’yektlarining gaz ta’minotida xavfsizlik ta’minlanishini nazorat qilish; texnik xavfsizlik va yer osti boyliklarini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish; iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ishlarning bexatar olib borilishini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash; O‘zbekiston Respublikasi harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlariga tezkor va metodik rahbarlik qilish; o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy va texnik hujjatlarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda qabul qilish.
Neft va gaz sohasida davlat nazorati. O‘zbekiston Respublikasida neft mahsulotlari va gaz sotish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi neft mahsulotlari va gazdan foydalanish, ularni sotish, shuningdek neft, gaz va gaz kondensati qazib olish, ularni qayta ishlash, uzatish, saqlash ob’yektlarini (qurilmalarini) montaj qilish va ulardan foydalanishda texnologiya talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 13 iyulda qabul qilingan qarori bilan neft mahsulotlari va gazni qazib olish, ishlab chiqarish, sotish va ulardan foydalanishda belgilangan tartibga va texnologiya talablariga rioya etilishini nazorat qilish darajasini oshirish maqsadida quyidagilar "O‘zdavneftgazinspeksiya"ning asosiy vazifalari etib belgilandi:
neft mahsulotlari va gaz sotish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishini nazorat qilish;
energiyani tejovchi davlat dasturlarini, neft, gaz, gaz kondensati va ularni qayta ishlash mahsulotlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish;
neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash, uzatish, saqlash ob’yektlarini (qurilmalarini) montaj qilish va ulardan foydalanishda texnologiya talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
neft mahsulotlari va gazdan foydalanish, ularni sotish, shuningdek neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash, uzatish, saqlash ob’yektlarini (qurilmalarini) montaj qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish.
"O‘zdavneftgazinspeksiya" o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi. Inspeksiya tizimiga yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘limlar, shuningdek Toshkent nazorat-kimyo laboratoriyasi kiradi.
"O‘zdavneftgazinspeksiya"ning qarorlari, shuningdek "O‘zdavneftgazinspeksiya"ga berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Inspeksiya, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
"O‘zdavneftgazinspeksiya"ga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq boshchilik qiladi. Boshliqning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar o‘rinbosari bo‘ladi. "O‘zdavneftgazinspeksiya" boshlig‘i maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi vazirining birinchi o‘rinbosariga, boshliq o‘rinbosarlari - O‘zbekiston Respublikasi vaziri o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
"O‘zdavneftgazinspeksiya" xodimlari maqomiga ko‘ra "O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi xodimlarining tegishli toifalariga tenglashtiriladi.
Elektr energetikada davlat nazorati. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1 martdagi 96-sonli qarori bilan Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat agentligi Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ("O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasi)ga aylantirildi. Inspeksiya elektr energiyasi, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, iste’mol qilish va ko‘mirdan foydalanish sohasida normalar va qoidalarga rioya etilishini nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Yuqoridagi qaror bilan quyidagilar inspeksiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
elektr energiyasi, issiqlik energiyasi oqilona va samarali ishlab chiqarilishi, uzatilishi, iste’mol qilinishi va ko‘mirdan foydalanishni nazorat qilish;
elektr energiyasi, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, iste’mol qilishda va ko‘mirdan foydalanishda xavfsizlik ta’minlanishiga yo‘naltirilgan oldini olish chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazorat qilish;
elektr energiyasi, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, iste’mol qilish va ko‘mirdan foydalanish sohasida zarur normativ hujjatlar va qoidalarni ishlab chiqish;
energetika tekshiruvlari va ekspertizalari o‘tkazish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash.
Inspeksiya tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, O‘zbekiston Respublikasining Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlaridagi hududiy bo‘limlar va Toshkent shahar bo‘limi kiradi. Hududiy bo‘limlar mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir va bevosita "O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasiga hisobot beradi.
"O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasining elektr, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, uzatish, sotish va iste’mol qilish hamda ko‘mirdan foydalanish masalalari bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Inspeksiya zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
"O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
"O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq boshchilik qiladi.
Boshliq maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi vazirining birinchi o‘rinbosariga, boshliqning o‘rinbosarlari vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Boshliq lavozimiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha bosh davlat inspektori, uning o‘rinbosarlari esa - Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha bosh davlat inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadi. "O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasi hududiy bo‘limlarining bosh inspektorlari elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish ustidan nazorat qilish bo‘yicha katta davlat inspektorlari hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |