Musiqasi.
Musiqasi qadimiy anʼanalarga boy boʻlib, oʻz taraqqiyoti
jarayonida xitoy va koreys, hind va Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari
xalqlari musiqa madaniyati taʼsirida boyigan; u mehnat, turmush, diniy
marosimlar bilan bogʻlangan. Qoʻshiqlar bir ovozli, qoʻsh metrlar ustun.
Musiqiy cholgʻu asboblari xilmaxil: chertib chalinadigan - syamisen (lyutnya),
koto (13 torli sitra); puflama - nokan, syakuxati (fleytalar), soo (lab organi),
xitiriki (goboy turi); zarbli - tayko, kotsudzumi, otsulzumi (barabanlar), syoko
(gong). Professional musiqa diniy harakatlar va teatr bilan bogʻliq boʻlgan;
uning sarchashmalari 6-7-asrlarga borib taqaladi. 14-asrda teatrning noo sanʼati
(qoʻshiq, raqs, cholgʻu asboblar joʻrligida ijro etiladigan deklamatsiya), 16-17-
asrlarda dzyoruri qoʻgʻirchoq teatri musiqasi va kabuki (mumtoz yapon teatri
turlaridan biri) musiqasi shakllandi. Yaponiyada musiqa sanʼatini
rivojlantirishda Musiqa tadqiqotlari instituti (1879 yil tashkil etilgan, 1886
yildan Tokio musiqa maktabi) muhim rol oʻynadi. 1897 yil yapon simfonik
orkestrining birinchi konserti boʻlib oʻtdi. Yevropada musiqa taʼlimini olgan
Yamada Kosaku, Nobutoki Kiyosi, Kiyose Yasudzi, Matsudayra Yoritsune
kabi kompozitorlar kompozitorlarning yangi federatsiyasi (1930 yildan
Yaponiya zamonaviy musiqa uyushmasi)ni tuzdilar. Oʻz ijodlarida milliy
anʼanalarga suyangan holda,Yevropaning kompozitsion usullariga ham
murojaat etdilar. 1960—80 yillarda Mamiya Mitio va Akutagava Yasusi kabi
kompozitorlar folklor va yapon mumtoz musiqasidan keng foydatandilar.
1940-y.larning oxiridan Seki Akiko rahbarligida antiimperialistik xarakterdagi
"Yaponiyaning kuylovchi ovozlari" ommaviy xor harakati keng yoyildi. 1950-
y.larning oxiridan avangardizm taʼsiri koʻzga tashlana boshladi, eksperimental
musiqa turlari tarqaddi. Hoz. davrda ommaviy va mumtoz musiqa bilan birga
milliy musiqa turlari yoyilgan. Folklor musiqasini yigʻish, oʻrganish va
tarqatishga alohida eʼtibor beriladi. 1970-y.larda karaoke (boʻsh orkestr)
havaskorlar ijrochiligi paydo boʻlib, u aholi orasida juda ommalashdi.
Kompozitorlardan Noda Teruyaki, Xachimura Yoshio, Ikebe Shinitiro, ijrochi
dirijyorlardan Abe Komei, Masasi Ueda, Vatanabe Akeo, Ivaki Hiroyuki, Moro
Takashi, pianinochi Tanaka Keyko, skripkachi Kubo Yoko mashhur.
Yaponiyada 20 dan ortiq simfonik orkestr, kamer cholgʻu ansambli, xor
jamoalari va boshqalar bor. Tokioda Davlat musiqa akademiyasi (1887 yildan),
20-asr musiqasi instituti (1957 yildan), Milliy nafis sanʼat va musiqa unti, Toxo
oliy musiqa maktabi faoliyat koʻrsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |