O‘zbekiston mustaqil davlat. SSSR tanazzulga uchragach,
O‘zbekiston rahbariyati davlat mustaqilligini to‘la o‘z qo‘liga olishga
kirishdi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Oliy Kengash Rayosatiga
juda qisqa muddatda Respublikaning Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi qonun
loyihasini tayyorlash va uni Oliy Kengashning navbatdan tashqari sessiyasi
muhokamasiga taqdim etishni taklif qildi. Oliy Kengash 1991-yil 26-avgust
kuni «O‘zbekistonning Davlat mustaqilligi to‘g‘risida» qonun loyihasini
tayyorlash haqida va 31-avgustda Oliy Kengashning navbatdan tashqari VI
sessiyasini chaqirishga qaror qildi.
1991-yil 28-avgust kuni O‘zbekiston Kompartiyasi MQ va Markaziy Nazorat
komissiyasining qo‘shma plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda Prezident I.Karimovning
SSSRda 19–21-avgust kunlari sodir bo‘lgan fojiali voqealar va respublika partiya
tashkilotlarining vazifalari to‘g‘risidagi axboroti tinglandi va muhokama qilindi.
Plenum Respublika Kompartiyasining KPSS MQ bilan har qanday aloqalarni
to‘xtatishga, KPSSning barcha tuzilmalaridan chiqishga, uning markaziy
organlaridagi o‘z vakillarini chaqirib olishga qaror qildi.
1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan
tashqari tarixiy VI sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov
nutq so‘zlab, sobiq Ittifoqda so‘nggi paytlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy
voqealarni, davlat to‘ntarishiga urinish oqibatlarini tahlil qilib, ular O‘zbekiston
taqdiriga, xalqimiz tarixiga bevosita daxldor ekanligini har tomonlama asoslab berdi.
Vaziyatdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini
e’lon qildi va uni mustaqillik to‘g‘risidagi qonun bilan mustahkamlashni taklif etdi.
Sessiyada «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Oliy
Kengash Bayonoti» qabul qilindi. Bayonotda bunday deyilgan edi:
«Mustaqillik Deklaratsiyasini amalga oshira borib, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik
Respublikasi Oliy Kengashi O‘zbekistonning Davlat mustaqilligini va ozod suveren
davlat – O‘zbekiston Respublikasi tashkil etilganligini tantanali ravishda e’lon
qiladi».
Oliy Kengash sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini
e’lon qilish to‘g‘risida» qaror qabul qilindi. Mazkur qarorda:
1) Respublikaning davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Oliy Kengash Bayonoti
tasdiqlansin va respublika bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi deb atalsin;
2) 1-sentyabr O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilansin va
1991-yildan boshlab bu kun bayram va dam olish kuni deb e’lon qilinsin, deb qat’iy
belgilab qo‘yildi.
Oliy Kengash sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi
asoslari to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi. Bu qonun 17 moddadan iborat bo‘lib,
O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini huquqiy jihatdan mustahkamlab
berdi. Qonunda:
• O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan
birga, mustaqil, demokratik davlatdir;
• O‘zbekiston Respublikasining xalqi suverendir va respublikada davlat
hokimiyatining birdan bir sohibidir. U o‘z hokimiyatini ham bevosita, ham vakillik
idoralari tizimi orqali amalga oshiradi;
• O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy davlat
va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil
belgilaydi, davlat chegaralari, hududi daxlsiz va bo‘linmas bo‘lib, uning xalqi o‘z
xohish-irodasini, erkini bildirmasdan turib o‘zgartirilishi mumkin emas;
• Respublika hududidagi er, er osti boyliklari, suv va o‘rmonlar, o‘simlik va
hayvonot dunyosi, tabiiy va boshqa resurslar, respublikaning ma’naviy boyliklari
O‘zbekiston Respublikasining milliy boyligi, mulki hisoblanadi, deb
qonunlashtirilib, belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini mustahkamlashda Prezident I.A.
Karimovning 1991-yil 6-sentabrda e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasining
Mudofaa ishlari vazirligi tuzish to‘g‘risida»gi Farmoni alohida ahamiyatga ega
bo‘ldi. Farmonga binoan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi va
Milliy gvardiya tuzildi. O‘zbekiston hududidagi harbiy kommisiyalar, barcha harbiy
garnizon va qismlar, chegara qo‘shinlari bo‘linmalari, havo hujumiga qarshi harbiy
qisimlar, harbiy transport aviatsiyasi, razvedka qo‘shinlari va boshqa turdagi
qo‘shinlar respublikamiz tasarrufiga olindi. O‘zbekiston hududidan tashqarida
xizmat qilayotgan harbiy zobit va askarlarimiz Vatanimizga qaytarildi.
O‘zbekistonlik yigitlarimizning Ittifoqda xizmat qilishlariga chek qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VII sessiyasida 1991-yil 30-sentabr
kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi
qonunga Konstitutsiyaviy qonun maqomini berishga qaror qilindi. Qarorda
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi konstitutsiyasi moddalari «O‘zbekiston
Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonunning moddalariga
zid kelgan hollarda mazkur qonunga amal qilinsin, deb belgilab qo‘yildi.
SHunday qilib, xalqimizning asriy orzusi, umidlari ushaldi, ro‘yobga chiqdi.
Mamlakatimiz, xalqimiz siyosiy mutelikdan, asoratdan qutildi. Dunyo xaritasida
yana bitta mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. O‘zbek xalqi
tarixida, mamlakatimizda yashaydigan barcha xalqlar tarixida chinakam tarixiy
ahamiyatga molik bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining aholisi mustaqillik e’lon qilingan paytda 21,5 mln
kishini tashkil etgan. 2014-yilda aholi soni 31 milliondan ortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil noyabrda bo‘lgan VIII
sessiyasi Davlat mustaqilligi masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi
masalani ko‘rib chiqdi. Oliy Kengashning mazkur sessiyasida 1991-yil 29-dekabr,
yakshanba kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida»
referendum hamda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish
to‘g‘risida» qarorlar qabul qilindi.
Referendumda ovoz berish bulleteniga masala quyidagicha kiritildi: «O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasining
Davlat mustaqilligini ma’qullaysizmi?» SHuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti saylovi to‘g‘risida» qonun qabul qilindi.
1991-yil 29-dekabr kuni umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Referendumda 9
898 707 kishi yoki saylov ro‘yxatiga kiritilganlarning 94,1 foizi qatnashdi. Ovoz
berishda qatnashganlarning 98,2 foizi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini
ma’qullaymiz, deb ovoz berdi. O‘zbekiston Davlat mustaqilligining e’lon qilinishi,
uning butun tarixiy taraqqiyoti natijalaridan kelib chiqadigan obektiv va qonuniy
hodisadir.
Respublika xalqi va rahbariyatining donishmandligi, sabotli va qat’iyatliligi,
uzoqni ko‘ra bilishi natijasida uning davlat mustaqilligiga erishuvi tinch, demokratik,
parlament yo‘li bilan ijtimoiy larzalarsiz, qurbonlar va vayronagarchiliksiz amalga
oshdi.
Islom Karimov O‘zbekistonning birinchi Prezidenti. 1991-yil 29-dekabr kuni
muqobillik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlikka nomzod Islom Abdug‘anievich Karimov uchun 8 514 136 kishi yoki
ovoz berishda qatnashganlarning 86 foizi ovoz berdi. Markaziy Saylov Komissiyasi
saylov yakunlarini ko‘rib chiqib, I.A. Karimovni 1991-yil 29-dekabrdan O‘zbekiston
Respublikasining Prezidenti lavozimiga saylangan, deb hisoblashga qaror qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil yanvarda bo‘lgan navbatdan
tashqari IX sessiyasida Prezident Islom Karimov qasamyod qildi: «O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti lavozimini bajarishga kirishar ekanman, respublikamiz
xalqlariga sadoqat bilan xizmat qilishga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga
kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qat’iy rioya etishga,
zimmamga yuklangan yuksak vazifalarni vijdonan bajarishga qasamyod qilaman!»
2000-yil 9-yanvarda, 2007-yil 30-dekabrda, 2015-yil 29-martda muqobillik
asosida to‘g‘ridan to‘gri umumxalq Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Bu saylovlar
natijasida Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
lavozimiga saylandi. Islom Karimov O‘zbekiston Respub likasining umumxalq
tomonidan saylangan birinchi Prezidentidir.
Vatanimiz tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yoziladigan o‘sha kunlarga nazar
tashlaydigan bo‘lsak, ayni o‘sha paytda yosh, mustaqil O‘zbekiston hukumati
mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy taraqqiyoti uchun hal qiluvchi
ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab muhim hujjatlar qabul qilganining guvohi bo‘lamiz.
Misol uchun, 5-sentabrda imzolangan Toshkent shahridagi Lenin nomidagi
maydonni Mustaqillik maydoni deb nomlash to‘g‘risidagi, 6-sentabr kuni imzolangan
“O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish to‘g‘risida”gi Prezident
farmonlari va boshqa muhim siyosiy hujjatlar shular jumlasidandir.
Davlat ramzlari va Konstitutsiya. O‘zbekiston o‘zining davlat mustaqilligini
mustahkamlashga dadillik bilan kirishdi. Birinchi bo‘lib, davlat ramzlari belgilab
olindi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i o‘n ikkinchi chaqiriq
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida 1991-yil 18-noyabrda
tasdiqlandi. Davlat bayrog‘i mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat
qudratli saltanatlar bayrog‘iga xos bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan
holda, respublikaning tabiatiga xos bo‘lgan xususiyatlarni, xalqimizning milliy va
madaniy sohalardagi o‘zligini ham aks ettiradi.
O‘zbekistonning Davlat gerbi o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Kengashining X sessiyasida 1992-yil 2-iyulda qabul qilindi. Gerbning
markazida qanotlarini keng yozib turgan Humo qushi tasvirlangan. Bu baxt-saodat va
erksevarlik ramzidir. Qadim-qadim zamonlardan buyon Humo qushi o‘zbek xalqi
orasida odamlarni baxt-saodatga etaklovchi kuch ramzi sifatida e’zozlab kelingan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi o‘n ikkinchi chaqiriq
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida 1992-yil 10-dekabrda
qabul qilindi. Davlat madhiyasining matni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov,
musiqasi O‘zbekiston xalq bastakori Mutal Burhonov tomonidan tayyorlangan.
Mustaqillik qo‘lga kiritilgach, milliy huquqiy davlat qurish, demokratik jamiyat
barpo etish, bozor munosabatlarini shakllantirish kabi dolzarb vazifalar mustaqil
O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishni taqozo etdi. O‘zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi «Mustaqillik Deklaratsiyasi» qabul qilingan
O‘zbekiston Oliy Kengashining 1990 yil 20 iyunda bo‘lgan II sessiyasidayoq yangi
Konstitutsiya ishlab chiqish lozim, degan xulosaga kelingan edi. Sessiyada
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshchiligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya
loyihasini tayyorlash bo‘yicha komissiya tuziladi. Konstitutsiyaviy komissiya
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini ishlab chiqish ustida 2,5 yil ishladi.
Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda konstitutsiyaviy rivojlanishning jahon
tajribasi o‘rganildi, inson huquqlari, demokratiya va qonunchilik sohasida jahonda
qo‘lga kiritilgan yutuqlar hisobga olindi. Milliy davlatchiligimizning tajribasi, Amir
Temur va boshqa allomalarimizning davlatni idora qilish sohasidagi g‘oyalari yangi
Konstitutsiyaga asos qilib olindi.
1992-yil 26-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasi
umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi. Muhokama 2 oycha davom
etdi. Muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida tuzatishlar kiritilgan loyiha
1992-yil 26-noyabrda matbuotda ikkinchi marta e’lon qilindi. Umumxalq
muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi, ular inobatga
olindi. Konstitutsiyamiz xalqimizning siyosiy daholigi va tafakkurining mahsuli
bo‘ldi. Prezident I.A. Karimov O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishga
rahbarlik qildi va o‘zining katta hissasini qo‘shdi.
Oliy Kengashning 1992-yil dekabrda bo‘lib o‘tgan XI sessiyasi O‘zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish masalasini muhokama qildi.
Sessiyada deputatlar loyihaga 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimcha va aniqliklar
kiritdilar. SHunday qilib, 1992-yil 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi qabul qilindi. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
qabul qilinganligini nishonlash maqsadida Konstitutsiya qabul qilingan kun – 8-
dekabr umumxalq bayrami – «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni»,
deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 6 bo‘lim, 128 moddadan iborat. U
«Mustaqillik Deklaratsiyasi», «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi
asoslari to‘g‘risida»gi qonunda mustahkamlangan tamoyillar va g‘oyalarni o‘zida
to‘la mujassamlashtirdi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ijodkor
xalqimizning xohish irodasi va dono fikr-mulohazalari asosida va jahonda to‘plangan
eng ilg‘or konstitutsiyaviy rivojlanish tajribasini va milliy davlatchiligimiz
xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil ishlab chiqildi. Ilgarigi konstitutsiyalar
esa markaziy hokimiyat tomonidan tayyorlangan Ittifoq Konstitutsiyasi nusxalaridan
ko‘chirib olinar edi. SHuning uchun ham yangi Asosiy qonunimiz mustaqil
O‘zbekistonning I Konstitutsiyasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o‘rganish jarayonida uning
mohiyatini ochib beruvchi asosiy tamoyillarni bilib olishga ahamiyat berish zarur.
• O‘zbekiston Konstitutsiyasining muhim tamoyili davlat suverenitetidir.
Davlatimizning «O‘zbekiston Respublikasi» va «O‘zbekiston» degan nomlari bir
ma’noni anglatadi.
• Konstitutsiyamizning tamoyillaridan yana biri xalq hokimiyatchiligidir.
• YAna bir konstitutsiyaviy tamoyil – davlat hokimiyatining uch mustaqil
tarmoqqa bo‘linishidir. O‘zbekiston davlat hokimiyati tizimi hokimiyatning qonun
chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linishi qonunlashtirildi.
• Asosiy Konstitutsiyaviy tamoyillardan biri demokratiyaga sodiqlikdir.
Kontitutsiyada umuminsoniy demokratik tamoyillarning, xalqaro huquq sohasida
umum e’tirof etilgan qoidalarning ustunligi tan olingan.
• O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson hayoti, erkinligi, or-nomusi, qadr-qimmati
va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
• YAna bir Konstitutsiyaviy tamoyil – Konstitutsiya va qonunlarning
ustuvorligidir. Konstitutsiyaning 15-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan
olinadi», – deb belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaning 21-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining butun
hududida yagona fuqarolik o‘rnatilgan. O‘zbekiston Respublikasining millati,
elatidan qat’iy nazar barcha fuqarolari O‘zbekiston xalqini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining
huquqiy maqomi, O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlarning huquqiy asoslari
belgilab berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi
mamlakatimiz hayotida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. U mamlakatimizda
qonunchilikning rivojlanishi uchun huquqiy islohotlar uchun asos bo‘lib qoldi.
YUzlab qonunlar, kodekslar, milliy dasturlar ishlab chiqildi, umumxalq
muhokamasidan o‘tdi, qabul qilindi va hayotimizning barcha jabhalarida amal
qilinmoqda.
Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartiishlar va qo‘shimchalar. 2003-yil 24–25-aprel
kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XI
sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar va
qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi qonun loyihasi muhokama qilindi va qabul
qilindi. Mazkur qonunga binoan Konstitutsiyaga O‘zbekison Respublikasi Oliy
Majlisi ikki palatadan: Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senat dan (yuqori palata)
iborat bo‘lishi haqida o‘zgartirishlar kiritildi. Prezidentlik muddati 7 yil ga uzaytirildi.
Prezidentning vakolat muddati tugasa, umrbod Senat a’zosi lavozimini egallashi
belgilandi.
2007-yil 11-aprelda qabul qilingan qonunga binoan Konstitutsiyaning 89-
moddasidan Prezident ijro etuvchi hokimyat boshlig‘i – Vazirlar Mahkamasining
Raisi ekani to‘g‘risidagi norma chiqarib tashlandi. 89-moddada «O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining
kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorlikni ta’minlaydi», deb belgilab
qo‘yildi. Konstitutsiyaning 93-moddasi 15-bandi va 102-moddasining ikkinchi qismi
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar
hokimini qonuniga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi», deb
o‘zgartirildi.
2011-yil 18-aprelda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim
moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» qonun qabul qilindi.
Mazkur qonunga binoan Konstitutsiyaning 98-moddasiga «O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Qonunchilik
palatasining saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rinini olgan siyosiy partiya yoki teng
miqdordagi deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiyalar tomonidan taklif etiladi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari umumiy sonining
yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazir taqdimiga
binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi...», degan
o‘zgartirishlar kiritildi. SHuningdek, Oliy Majlis Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik
votumi berilishi mumkinligi ham Konstitutsiyada belgilab qo‘yildi.
2011-yil 12-dekabrda qabul qilingan qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi 90-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 5 yil muddatga
saylanadi, degan o‘zgartirish kiritildi.
Muxtasar qilib aytganda, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari
o‘rtasidagi vakolatlar yanada demokratik ravishda qayta taqsimlanadi. Kiritilgan
o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining,
hukumatning mas’uliyatini kuchaytirishga, jamiyat siyosiy hayotining faollashuviga,
saylov tizimining yanada takomillashuviga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |