1987 – 1990 yillar esa qayta qurishning ikkinchi bosqichi bo‘lib, enlikda jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Jumldan, bu davrda sovet jamiyatini demokratlashtirish masalasi asosiy vazifa, deb ta’kidlandi. Demokratlashtirish jarayoni jamiyatni ma’lum darajada uyg‘otdi, ijtimoiy faollik ortdi. Saylovlarning muqobil nomzodlar ishtirokida, alternativ asosda olib borilishi ijobiy holat edi, bundan tashqari SSSRda saylov tizimini o‘zgartirish to‘g‘risidagi Qonun (1988 yil dekabri) ning qabul qilinishi ham jamiyat a’zolari ijtimoiy faolligini oshirishda ma’lum ahamiyat kasb etdi. Biroq Ittifoqda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazish mumkin bo‘lmadi. Bu ikki sabab bilan izohlanadi. Birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan dasturi yo‘q edi. Ikkinchidan, partiya rahbarlari bundan manfaatdor emasdilar.
Xullas, M.S. Gorbachev boshchiligida KPSS rahbariyatining bir qismi tomonidan boshlangan qayta qurish siyosati mamlakat hayoti va umuman jahonda ma’lum o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga olib keldi (oshkoralik, siyosiy plyuralizm, «sovuq urush»ning tugashi va h.k.). Qayta qurishni amalga oshirishdagi qarama – qarshilik va noizchilliklar natijasida 80 – yillarning oxiri – 90 – yillarning boshidan mamlakat hayotining barcha sohalarida bo‘hronlar kuchayib ketdi. Qayta qurish sobiq SSSRda to‘planib qolgan muammolarni to‘la hal etishga xizmat qilmadi. Mustaqillik, demokratiya va erkinlik g‘oyalariga to‘g‘ri kelmaganligi tufayli ham amaliy samara bermadi. Oxir oqibatda KPSS ning haloqati va SSSR ning tugashiga muayyan turtki bo‘ldi.
«Пахта иши» ва унинг оқибатлари
XX asrning 80 – 90 – yillarda sovet hokimiyati tomonidan mavjud turg‘unlik holatidan chiqish, shuningdek, sobiq ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik yo‘lidagi harakatlarini bartaraf etish, sobiq SSSRda yuzaga kelgan inqirozli harakatlar sabablarini ittifoqdosh respublikalardan qidirish, ularni ayblash uchun turli nayranglar, «siyosiy o‘yinlar» o‘ylab chiqdilar.
1983 yilning oxirida O‘zbekistonda juda og‘ir vaziyat vujudga kelgan edi. Respublikada jinoyatchilikka qarshi kurashish niqobi ostida SSSR Bosh prokurori xuzurida alohida muhim ishlar bo‘yicha maxsus 12 kishilik tergovchilar guruhi tuzilib, O‘zSSRga yuboriladi. Ular O‘zSSRda paxta tayyorlash va uni qayta ishlash bilan bog‘liq jarayonlardagi «qo‘shib yozish», «o‘g‘irlik», «ko‘zbo‘yamachilik», «poraxo‘rlik»ni (aslida bunday moliyaviy jinoyatlar va qing‘irliklar butun SSSR hududidagi iqtisodiyotda chuqur ildiz otib kelgan edi) tergov qilish bilan shug‘ullandilar. Buning natijasida «paxta ishi» paydo bo‘ldi. Tergovlar jarayonida Moskvadan yuborilgan T.X. Gdlyan va N.V. Ivanov guruhining faoliyati natijasida respublikadagi jamoa xo‘jaliklari raislari va sovxoz direktorlarining 60%, qishloq xo‘jaligi yetakchi mutaxassislarining 45%, paxtachilik brigada boshliqlarining 35%, shuningdek, ko‘plab rahbarlar, viloyatlar va tumanlar partiya komiteti kotiblari, respublika miqyosidagi partiya, sovet va xo‘jalik rahbarlari o‘z vazifalaridan olib tashlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
O‘zSSRning ijtimoiy – siyosiy hayotida 1984 yil 23 iyunda bo‘lgan O‘zbekiston Kompartiyasi MK XVI – plenumi mash’um rol o‘ynagan. Moskva tashabbusi va ko‘rsatmasi bilan tashkil qilingan bu plenumda qabul qilingan hujjatlar O‘zSSRda o‘zbek xalqini asossiz badnom etish kompaniyasini boshlab berdi. Markazning tazyiqi ostida 1984 yildan O‘zbekistondagi rahbarlik lavozimlariga sobiq ittifoqning har xil joylaridan «kadrlar desanti» kela boshladi. Birgina 1984 – 1987 yillarda Moskva, Leningrad va Rossiyaning boshqa shaharlaridan 400 dan ortiq kishi O‘zbekistonning partiya, sovet, ma’muriy – xo‘jalik organlariga ishga yuborilgan. Kadrlarni almashtirish siyosati ayanchli tus oldi. Markaziy matbuotda e’lon qilingan maqolalarda o‘zbek xalqi badnom etilib, «paxta ishi»ga ataylab siyosiy tus berildi va u keyinroq atay «o‘zbek ishi»ga aylantirilib, xalqimizning nafsoniyatini toptash yo‘liga o‘tildi. 1983 – 1990 yillarda O‘zSSRda «paxta ishi» degan uydirma bo‘yicha jami 40 ming kishi tergov qilindi, ularning aksariyati tergov izolyatorlarida prokuror sanksiyasisiz o‘tirdi, 5 ming kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.
B u davrda Markaz tomonidan totalitar tuzumning barcha kirdikorlari vafot etib ketgan partiya va davlat arboblariga yuklanib, 80 – yillar qatag‘onida nohaq qoralandi. Eng avvalo qatag‘on qilichi Sharof Rashidovga qarshi ko‘tarilib, uning nomi ham badnom qilindi. 1959 – 1983 yillarda Sh.R. Rashidov O‘zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi bo‘lib ishlagan va rahbarlik yillarda qator bunyodkorlik ishlari bilan birga qishloq xo‘jaligi yerlaridan ekstensiv foydalanish oqibatida ekologik vaziyatning buzilishi, paxta yakkahokimligining qaror topishi kabi noxush holatlar ham yuz berdi. Albatta, bunday holatlarni uning faoliyati natijasida yuzaga kelgan deb bo‘lmaydi, balki sovet hokimiyatining ijtimoiy – siyosiy tuzumi keltirib chiqargan edi.
«Paxta ishi» oqibatda butun mamlakatimizda parokandalik, loqaydlik, umidsizlik va ishonchsizlik kayfiyati chuqurlashdi. O‘zbekiston fuqarolari o‘z xaq – huquqlarini himoya qilishlarini so‘rab tuman, viloyat va respublika partiya va sovet organlariga murojaat qildilar. 1986 – 1987 yillarda faqat O‘zbekiston Kompartiyasi MQga fuqarolardan 50 mingdan ortiq xat va shikoyatlar tushdi. 20 mingdan ortiq kishi Markazqo‘m kotiblari va bo‘lim boshliqlari qabulida bo‘lib, o‘zlarining talablarini bildirdilar.
Norozilik ayniqsa xotin – qizlar orasida ko‘paydi. 1986 – 1987 yillarda respublikada 270 ayol o‘zini – o‘zi yondirib yubordi. Bu holat ularning sha’ni, qadr –qiymatining toptalashi, haq – huquqlarining buzilishiga nisbatan ko‘rsatilgan norozilik edi. Haqiqat, adolat Islom Karimov O‘zbekiston rahbari bo‘lgach ro‘yobga chiqdi. Islom Karimov tashabbusi bilan «Paxta ishi»ni ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzildi. 3,5 mingdan ko‘proq kishi oqlandi. Qolganlarning jazo muddatlari kamaytirilib, bir qismi avf etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |