2-mavzu. O'zbekistob elektr energetika sohasining rivojlanish istiqbollari.
Energetika sohasini isloh etish. Bugungi kunda energetika sohasi istalgan mamlakat taraqqiyotining tagzaminidir. Iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining qulay hayot kechirishi, taʼlim, tibbiy xizmat, ijtimoiy taʼminot, kommunal xo‘jalikning moʻtadil faoliyati uchun imkoniyatlar aynan shu sohada yaratiladi. Ammo bugun sohani bozor iqtisodiyoti yo‘liga o‘tkazmay turib, ulkan energetika infratuzilmasini ishchan holatda saqlab turish, boz ustiga, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlarini oshirish mushkul. Faqatgina elektr stansiyalar, elektr tarmoqlari va energetika infratuzilmasining o‘zga muqobillarini qurish va ishlatish borasida eng zamonaviy yutuqlarni qo‘llabgina qo‘yilgan maqsadlarga erishish mumkin. Bozor qonunlari asosida energetikani rivojlantirish raqobat uchun shart-sharoit yaratadi, bu esa nafaqat vositalar, balki zamonaviy tajriba va texnologiyalar sohibi bo‘lmish eng malakali muhandislarni loyihalarni amalga oshirishga jalb etishga imkon beradi. Shu asnoda yana o‘n yillarcha dolzarb ahamiyat kasb etuvchi uskuna va uslubiyatlarni O‘zbekiston energetikasiga olib kirish mumkin.
Energetika vazirligi 2 yildan oshiqroq vaqt muqaddam tashkil qilingan edi. O‘sha vaqtda OAVda ham, turli uchrashuvlaru majlislarda ham shu to‘g‘rida so‘z borar edi. Yangilanishlarning bosh sababi – ilgarigi tuzilmalarning moslashmaganligi va besamarligidir. Ulardan baʼzi birlari yonilg‘i-energetika majmuasini rivojlantirishga muvofiqlashgan yondashuv; innovatsion boshqaruv tamoyillarini joriy etish; mamlakatimizda sog‘lom raqobat muhitini va qulay investitsiya iqlimini yaratish singari zamonaviy vazifalarga javob bermasdi. Hozir Energetika vazirligi O‘zbekistonning butun yonilg‘i-energetika majmuasi rivojlanishini muvofiqlashtirmoqda. Vazirlik o‘z tarkibidagi tashkilotlar bilan birgalikda elektr va issiqlik energiyasini, ko‘mir ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va isteʼmol qilish, shuningdek, neft, gazni qazib olish, qayta ishlash va ulardan olingan mahsulotlarni tashish, taqsimlash, sotish va ishlatish jarayonlarini davlat tomonidan boshqarishni amalga oshirmoqda.
Yonilg‘i-energetika majmuasidagi ushbu o‘zgarishlar butun asosiy tuzilmani tubdan isloh etishni talab qildi. Xususan, energetika sohasida 2019 yil boshida “O‘zbekenergo” AJ tubdan qayta tashkil qilinib, uning negizida uchta: “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari yaratildi. Bunday qayta tashkil qilishdan maqsad – elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishning zamonaviy usullariga o‘tishdir. Shu tariqa neft-gaz sohasini isloh etish jarayoni boshlanib, buning natijasida bir shakldan boshqa shaklga o‘tkazish bosqichi yakunlandi – “O‘zbekneftgaz” AJ yangi tashkiliy tuzilmasi yaratildi, jamiyat boshqaruv tizimida ortiqcha oraliq bo‘g‘inlar qisqartirildi. “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidan “O‘ztransgaz” AJ chiqarilib, u gaz qazib oluvchi tashkilotlardan kelgusida tashish, shu jumladan, eksport va importni amalga oshirish hamda magistral gaz quvurlariga ulangan isteʼmolchilarga sotish uchun tabiiy gazni xarid qilish bo‘yicha yagona operator etib tayinlandi.
“O‘ztransgaz” AJ gaz taʼminoti hududiy bo‘limlari negizida gaz taqsimlash tarmoqlarini ishlatish, aholiga va ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi “Hududgaztaʼminot” AJ tashkil qilindi. Bundan tashqari ilgari respublika Vazirlar Mahkamasi tizimidan o‘rin olgan baʼzi davlat boshqaruvi organlari Energetika vazirligi tarkibiga o‘tkazildi: “O‘zatom” atom energetikasini rivojlantirish agentligi; Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (muqaddam – Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi) hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (muqaddam – Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi) shular jumlasidandir.
Energetika vazirligi tashkil qilingan kundan buyon o‘tgan davrda qator tub o‘zgarishlar kuzatildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) asosida energiya ishlab chiqarishni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berildi. 2019 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani, shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning 2019–2023 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi” ishlab chiqilgani buning tasdig‘idir. 2020 yil aprel oyi oxirida hukumatimiz tomonidan “2020–2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjat Energetika vazirligi va aloqador vazirliklar, idoralar hamda xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Buning zamiridagi bosh maqsad mamlakatni energiya bilan taʼminlash, yaʼni shunday sharoitlarni yaratishdan iboratki, bunda aholi ham, butun iqtisodiyot ham elektr va yonilg‘i bilan uzluksiz taʼminlanadi. Bu esa energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash, isteʼmol hisobi va nazoratini takomillashtirish deganidir. Bu murakkab, lekin amalga oshirsa bo‘ladigan vazifalar sirasiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |