M.a. 4 minginchi yillarda odamlar misdan qurollar yasashni o’rgandilar. Miss metall sifatida yumshoq bo’lganligi tufayli, undan yasalgan qurollar mo’rt, yumshoq va tez egiluvchi bo’lgan. Shu sababdan toshdan mehnat qurollari yasash ham davom etgan. Odamlar dastlab misni yer yuzasidan sof holda uchratib, undan mehnat qurollarini yasaganlar. Keyinchalik uning olovda erishini bilganlar va undan turli xil shakldagi qurollar va buyumlar tayyorlaganlar.
Eneolit davriga oid ashyolar O’rta Osiyoning Janubiy Turkmaniston hududlari (Joytun madaniyati), Amudaryo va Zarafshon qo’yi oqimlarida (Kaltaminor madaniyati), Tojikistonda (Sarazm madaniyati), Buxoro viloyatida (Zamonbobo madaniyati) topilgan.
Eneolit davrida O’rta Osiyo aholisining madaniyati bir bosqich yuqoriga ko’tariladi. Lekin bu hududlardagi qabilalarning madaniy va ijtimoiy taraqqiyoti bir xil darajada emas edi. Qadimgi qabilalar miss-tosh davriga o’tgach, madaniy, xo’jalik va ishlab chiqarish taraqqiyotining yangi bosqichi boshlanadi. Yangi xo’jalik turlari – dehqonchilik va chorvachilik avvalgidek, Turkmanistonning janubi g’arbidagi qulay geografik sharoitda rivojlanadi. Bu paytda quyi Zarafshon va Amudaryo havzalarida yashovchi qabilalar hali madaniy o’simliklar o’stirishga o’tmagan edilar. O’rta Osiyoning sharqiy qismidagi tog’li hududlar aholisi xo’jaligida esa ovchilik ustun edi. Demak, ilk va rivojlangan miss-tosh davrida O’rta Osiyo qabilalarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishida katta farqlar va notekisliklar saqlanib qoladi.
5) BRONZA DAVRI – m.a. 3-2 ming yilliklar. Bronza – miss, qalay va qo’rg’oshin qorishmasidir. Bronzaning vatani Kichik Osiyo va Mesopotamiya bo’lgan. M.a. 3 ming yillikka kelib O’rta Osiyo hududlarida bronza qurollar keng tarqaladi. O’zbekiston hududlarida bronza davri yodgorliklari ko’plab uchraydi. Bu davrga mansub madaniyat izlari Xorazm, Zarafshon, Qashqadaryo va Farg’ona vodiylaridan topilgan. Ulardan eng yiriklari Sopollitepa, Jarqo’ton, Tozabog’yob, Zamonbobo, Chust, Amirobod yodgorliklaridir.
Bronza davrining xo’jalik sohasida erishgan eng katta yutuqlaridan biri qadimgi dehqonchilikning keng yoyilishi va m.a. 2 ming yillikda dehqonchilikdan chorvachilikning ajralib chiqishidir. Bu tarixiy jarayon kishilik jamiyati taraqqiyotidagi birinchi yirik mehnat taqsimoti edi.
Bu davrda ishlab chiqarishda hukmronlik qilish erkaklar qo’liga o’tadi va ona urug’i tizimi o’rnini m.a. 3 ming yillik o’rtalariga kelib ota urug’i – patriarxat davri boshlanadi. Patriarxat – insoniyat rivojining shunday bosqichidirki, unda erkak kishi jamiyat hayotida yetakchi mavqyega ega bo’lib, qarindoshlik munosabatlari ham ota tomonga qarab belgilangan.
Bronza davriga kelib, odamlar kulolchilik charxi va g’ildirakni kashf etdi. Shu tariqa harakatlanish vositalari ham vujudga keldi. Bu davrda jamiyat hayotidagi sodir bo’lgan turli taraqqiyot jarayonlari – kishilik tarixida muhim bosqich bo’lgan davlatchilikning paydo bo’lishi va rivojlanishi uchun ulkan ahamiyat kasb etdi.
6) TEMIR DAVRI – m.a. 1-ming yillikning avvalidan boshlanadi.
Temirdan birinchi bo’lib Kichik Osiyodagi xettlar foydalana boshlaganlar (m.a. XIV-XIII asrlar), keyinroq ularga qo’shni bo’lgan ikki daryo oralig’i, Eron, Kavkazorti mamlakatlarining aholisi ham foydalanganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |