O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi. Deputatlar O’zbekiston Respublikasining 2018 yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalarining byudjetlari, shuningdek soliq va byudjet siyosatining asosiy yo’nalishlarini ko’rib chiqdilar.
Deputatlar ta’kidladilarki, joriy yilda belgilangan chora-tadbirlarni o’z vaqtida va to’liq moliyalashtirishni ta’minlashga qaratilgan kuch-g’ayratni safarbar etish yuzasidan talay tizimli ishlar amalga oshirildi. Bunda mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish, daromadlar tushumlarining qo’shimcha manbalarini aniqlash, shuningdek ularni jalb etish hisobiga byudjetning daromad qismini shakllantirish borasida sifat jihatidan yangicha yondashuvlardan foydalanildi. Bularning barchasi pirovard natijada belgilangan makroiqtisodiy ko’rsatkichlarga erishish imkonini berdi. Joriy yil byudjeti barcha nazarda tutilgan xarajatlar bajarilgan va tasdiqlangan dasturlar moliyalashtirilgan holda YAIMga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan ijro etilishi kutilmoqda.
Davlat byudjeti birinchi marta jahon moliya institutlari tomonidan e’tirof etilgan makroiqtisodiy ko’rsatkichlar, baholash indekslari asosida tuzilganligi ko’rsatib o’tildi. 2018 yilda YAIM 290,6 trln. so’m miqdorida bo’lishi prognoz qilinmoqda, deflyator 14,1 foizni, iste’mol narxlari indeksi 12-13 foizni tashkil etadi. Davlat byudjetini YAIMga nisbatan 0,02 foiz profitsit bilan tasdiqlash taklif etildi.
SHu bilan birga, 2018 yilgi soliq siyosatining xo’jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi daromadlariga soliq yukini yanada kamaytirishni, mahalliy byudjetlar daromadini oshirishni nazarda tutuvchi asosiy yo’nalishlari belgilanganligi alohida e’tirof etildi. Jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yuki darajasini fuqarolarning shaxsiy jamg’arib boriladigan hisobraqamlariga ajratmalar miqdorini 1 foizdan 2 foizgacha oshirish hisobiga kamaytirish, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasini pasaytirish taklif etildi. SHuningdek bir xildagi soliq solinadigan bazaga ega bo’lgan soliqlar va to’lovlarni birlashtirish yo’li bilan soliqlar hamda boshqa majburiy to’lovlar sonini qisqartirish taklif etilmoqda.
Prognoz ko’rsatkichlar 2018 yilda ijtimoiy sohani qo’llab-quvvatlash bo’yicha ishlar davom ettirilishidan dalolat bermoqda. Xususan, ijtimoiy soha xarajatlari 34,7 trln. so’mni tashkil etadi.
Deputatlar tibbiy xizmatning avtomobil’ parkini yangilash, respublika va hududiy muvofiqlashtirish-dispetcherlik xizmatlarining ma’lumotlarini yagona uzatish tarmog’iga birlashtirish bo’yicha ishlarni davom ettirishga taalluqli takliflarni qo’llab-quvvatladilar. Ana shu maqsadlar uchun 141 mlrd. so’m ajratish rejalashtirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |