Yunon-Baqtriya podsholigi - qadimgi quldorlik davlati (mil. avv. 250-248 yillar orasi-mil. avv. 140-130 yillar). Asoschisi salavkiylariiig Baqtriyadagi satrapi Diodot hisoblanadi. Mil. avv. 250 yilda u o’zini Baqtriyaning mustaqil hukmdori deb e’lon qiladi. Davlat hududiga hozirgi Janubiy Tojikiston, Janubiy O’zbekiston va Afg’oniston kirgan. Yunon-Baqtriya podsholigi kuchaygan paytlarda unga Pokiston, SHimoliy-G’arbiy Hindiston hamda Sug’diyona ham bo’ysungan. Poytaxti Baqtra (o’rta asrlardaga Balx) shahri bo’lib, uning xarobalari Shimoliy Afg’onistonda, Mozori Sharif shahri yaqinida joylashgan. Davlat bir qancha satrapliklar (viloyatlar)ga bo’linib boshqarilgan. Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlar natijalari iqtisodiy hayot, badiiy hunarmandchilik, haykaltaroshlik, madaniyat, shaharsozlik yunon an’analari asosida yuksak rivojlanganligidan dalolat beradi. Yunon-Baqtriya davriga mansub eng mashhur yodgorlik Shimoliy Afg’onistondagi Oyxonum va Janubiy Tojikistondagi Taxti Sangin yodgorliklari hisoblanadi. Amudaryoning o’ng qirg’og’ida, Vaxsh va Panj daryolari quyilishida joylashgan Taxti Sangindagi ibodatxona tuzilishi va topilmalari ellinizm dunyosiga xos diniy e’tiqodlar keng tarqalganligini ko’rsatib turibdi.
Yunon-Baqtriya podsholigi Hindiston va O’rta Osiyo hududlarini o’zaro bog’lovchi hamda Xitoydan Badaxshon orqali Fors ko’rfaziga olib chiquvchi savdo yo’llarini nazorat qilib, xalqaro iqtisodiy-savdo aloqalarida faol ishtirok etgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan ko’plab tangalar tovar-pul munosabatlari rivojlanganligini ko’rsatadi. Tangalar yunon standartlari asosida kumush va jezdan quyilgan. Tangalarda (tetradraxma, draxma, obol va b.) hukmdorlar qiyofasi yuksak did va aniqlik bilan tasvirlangan. Diodot (mil. avv. 250-230), Yevtidem (mil. avv. 230-200), Demetriy (mil. avv. 200-185), Yevkradit (mil. avv. 185-171), Geliokl (mil. avv. 171-155) va boshqa hukmdorlari ma’lum. Bitta nom bilan davlatni boshqargan hukmdorlar (mas, Diodot I-II, Yevkradit I-II) ham bo’lgan.
Mil. avv. III asr oxiri - II asrning 1-yarmi davlatning eng rivojlangan davri hisoblanadi. Mil. avv. II asr o’rtalaridan boshlab ichki nizolar kuchayib, inqiroz davri boshlanadi. Mamlakat alohida viloyatlarga bo’linib, mahalliy hokimlar (Antimax, Menandr, Appolodot va b.) o’z nomidan tangalar zarb qilishgan. Yunon-Baqtriya podsholigi mil. avv. 140-135 yillarda sak va yuechji qabilalari tomonidan butunlay tugatilgan.
Davan (xitoycha Da-yuandan olingan) - Farg’ona vodiysidagi qadimgi davlat. Mil. avv. II-I asrlardagi Xitoy manbalarida keng, obod, boy mamlakat - Davan haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Davan shahar va voha hokimlarining erkin ittifoqidan iborat davlat edi. Ulug’ hukmdor qarorgohi Gushan (hoz. O’zgan shahar deb taxmin etiladi)da bo’lgan. Podsho hokimiyati qabila zodagonlaridan iborat oqsoqollar kengashi tomonidan cheklab qo’yilgan. Oliy kengash hukmdorni podsholikdan tushirishi, hatto o’lim jazosiga hukm qilishi mumkin bo’lgan. Davan atamasi tarixiy adabiyotlarda mil. III asrgacha uchraydi. So’ngra Davan o’rniga «Boxan» va «Polona» (mil. V asr) atamalari uchrab muarrixlar ushbu atamalar qadimgi Davanga mos keladi deb qayd etib o’tganlar. Ammo arxeolog olim akademik A. Asqarovning xulosasiga ko’ra, Davan davlati mil. avv. II asrda emas, balki ancha ilgari-mil. avv. IV yoki III asrlarda ham bo’lgan. U davrda bu davlatning nomi Parkana bo’lgan. Davan nomini xitoylar berganlar. Xitoyshunos N. Ya. Bichurinning fikricha, Davan-Qo’qondir, ham shahar va o’lkadir. Xitoyliklar Davan deb nomi toxarlar bilan bog’liq bo’lgan mamlakatni atashgan degan fikr bor.
Mil. avv. II asr Xitoy manbalari ma’lumotlarida ta’kidlanishicha, Davanda 300 ming aholi yashagan. Vohada 70 ta katta-kichik shahar bo’lgan, poytaxti Ershi (hozirgi Marhamat) shahri edi. Davanliklar ko’zlari kirtaygan, qalin soqolli xalq bo’lib, savdo-sotiq ishlarida mohirliklari bilan nom chiqarishgan. Davanda xotin-qizlar izzat-ikrom qilingan. Davanda yetishtirilgan «samoviy tulporlari» - arg’umoqlar (zotli chopqir otlarga Sharq xalqlari bergan umumiy nom) Sharqda mashhur bo’lgan. Mil. avv. 104-101 yillarda Xitoy askarlari Davanga ikki bor hujum qilganlar. Birinchi-hujum Xitoy askarlarining mag’lubiyati bilan tamom bo’lgan, chunki ular istehkomga aylantirilgan qishloqlarning qarshiligini sindirish uchun ojizlik qilganlar. Xitoyliklar 60 ming kishilik katta qo’shin bilan ikkinchi marta hujum qilib, 101 yilda Ershi shahrini qamal etishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |