2-§. Bozor ijara haqi
62. Bozor ijara haqi qiymati yetarli marketing o‘tkazilgandan keyin tuzilgan tijorat bitimi natijasida manfaatdor sotuvchi va xaridor o‘rtasida tegishli ijara shartlarida baholash sanasida mulk huquqini ijaraga berish mumkin bo‘lgan hisoblab chiqilgan-baholangan pul miqdori bo‘lib, bunda har bir taraf yetarlicha axborotga ega bo‘lgan holda, oqilona va majburlovsiz harakat qilgan deb tushuniladi.
63. Bozor ijara haqidan ijaraga berish munosabati bilan yuzaga kelgan ijara shartnomasini yoki huquqini baholashda baholash bazasi sifatida foydalanish mumkin. Bunday hollarda shartnomaviy ijara haqini va bozor ijara haqini (agar u shartnomaviy ijara haqidan farq qilsa) e’tiborga olinishi kerak.
64. Shartnomaviy ijara haqi haqiqiy ijara shartnomasi shartlariga muvofiq to‘lanadigan ijara haqi hisoblanadi. U ijara muddatiga qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Ijara haqining hisoblab chiqiladigan o‘zgarishlari ijara shartnomasida bayon etiladi hamda ijaraga beruvchi oladigan naflarning umumiy hajmini hamda ijaraga oluvchining majburiyatlarini aniqlash uchun baholovchi tomonidan belgilanishi va unga tushunarli bo‘lishi lozim.
65. Ba’zi bir hollarda bozor ijara haqi mavjud shartnoma shartlari asosida hisoblab chiqilishi mumkin.
4-bob. Bozor qiymatidan farqlanuvchi baholash bazalari
1-§. Adolatli qiymat
66. Adolatli qiymat deganda aktiv, aniq belgilangan va barcha zarur axborotga ega bo‘lgan manfaatdor taraflar o‘rtasida ayriboshlanganda (mulk sotilganda yoki qarzdorlik hisobdan chiqarilganda) ushbu taraflarning manfaatlarini aks ettiradigan, hisoblab chiqiladigan-baholanadigan pul miqdori tushuniladi.
67. Adolatli qiymatni aniqlash qat’iy belgilangan taraflar o‘rtasida ushbu taraflarning har biri bitimdan ko‘radigan afzalliklari yoki salbiy tomonlarini hisobga olganda adolatli bo‘ladigan xuddi shunday pul miqdorini baholashni talab qiladi.
Bunda, bozor qiymatini aniqlashda, qoida tariqasida, umumiy hisobda bozor ishtirokchilariga xos bo‘lmaydigan yoki ular foydalana olmaydigan barcha afzalliklar yoxud salbiy holatlar hisobga olinmaydi.
Adolatli qiymat bozor qiymatiga qaraganda ancha kengroq tushuncha bo‘lib, garchi taraflar o‘rtasidagi bitimda adolatli bo‘lgan baho bozorda olish mumkin bo‘lgan bahoga teng bo‘lsa-da, shunga qaramay, shunday vaziyatlar yuzaga kelishi mumkinki, adolatli qiymatni aniqlashda bozor qiymatini aniqlashda e’tiborga olinmaydigan jihatlar, masalan, moddiy manfaatdorlikni uyg‘unlashtirganda yuzaga keladigan sinergetik qiymatning ba’zi bir jihatlari e’tiborga olinishi zarur bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |