2-amaliy mashg`ulot yuzasidan mashqlar
1-mashq. Matnni o‘qing. Undagi gaplarning ifoda maqsadiga ko‘ra turini
aniqlang, farqini ayting.
Bobom bir kuni katta ko‘k eshagimizni yetaklab chiqib: – Qani, orqamga
mingash-chi, – deb qoldilar. – Qayoqqa boramiz? – deb so‘rayman sevinib. –
Qashqar qishloqdan o‘rik ko‘chati olib kelamiz. – O‘rik ko‘chati o‘zimizda bor-
ku? – U boshqasi, o‘g‘lim. – Qanaqasi? – Bas endi, jim ket. – Yo‘q,
oldin qanaqaligini ayting, keyin jim ketaman. Bo‘lmasa eshakning junidan
tortaman. – Qoy, bolam, junidan torta ko‘rma, yana yiqitsa, ishimiz bitmay
qoladi... Qashqarda qoraqandak degan o‘rik bor, faqat o‘sha yerda o‘sadi u. Quruq,
suvsiz yerni xohlaydi, shekilli. Mevasi hay-hay, biram shirin bo‘ladiki,
tog‘alaringnikiga borganda yegansan-ku. – Yeganim yo‘q, – deyman. –
Yegansan, cho‘ntagingni to‘ldirib berishardi-ku! – Bobojon, nega qoraqandak
deyishadi? – Quriganda shirasi ko‘p bo‘lgani sabab rangi qorayib qoladi-da.
Shu yo‘sin Qashqarga borib bir quchoq mayda ko‘chat olib qaytdik. (X.
To‘xtaboyev)
2-mashq. Matnni o‘qing. Moslashuv yo‘li bilan birikkan so‘z birikmalarini
ko‘chiring. Hokim va tobe so‘zning qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganini
izohlang.
Yozning issiq kunlari, quyosh tikka ko‘tarilgan. Bepoyon, ko‘m-ko‘k dala
ko‘ksida yonayotgan quyosh shu’lasi laxcha cho‘g‘ bo‘lib, go‘zalar ustida tovlanib
ko‘rinadi. Murod bilan ikkimiz mayda-chuydani ko‘tarib, katta yo‘lning shimol
tomonidagi yolg‘izoyoq yo‘ldan jo‘nadik. Ertalabki shirchoyni bobom bilan
birga ichdik. O‘rtog‘imni hovli orqasidagi bog‘ga olib chiqdim. Bir tarafi gulzor,
ikkinchi tomoni turli meva daraxtlari bilan to‘lgan so‘lim bog‘dan sira chiqib
ketgimiz kelmas edi. Oq olma, ko‘ksulton rosa pishgan ekan, yeb turgan edik,
birdan allaqanday hayvonning qichqirgani eshitildi. Murod taajjublanib atrofiga
qaradi. Shu chog‘ bobomning bo‘rsig‘i esimga tushdi. – Nimaning ovozi? –
dedi o‘rtog‘im. – Bobomning bo‘rsig‘i-ku! – Rostdanmi? Qayerda? – dedi
hayron bo‘lib Murod. – Yur, ko‘rsataman, – dedim-da, do‘stimni boshlab bog‘
etagidagi qafasda turgan bo‘rsiq oldiga olib bordim. (G‘ayratiy)
3-mashq. O‘qing. Matndagi gaplarni tuzilish jihatdan (sodda va qo‘shma gap)
tahlil qiling. Sodda gaplarni ko‘chirib yozing. Sodda gapning qo‘shma gapdan
farqini ayting.
Urush vaqti edi. Biz Turkiston tizma tog‘ining etagida, shahardan yigirma besh
chaqirim naridagi kichkina qishloqda turar edik. Harbiy xizmatdagi akamning
xotini qish kunlarida qattiq betob bo‘lib qoldi-yu, shahardan oyimni chaqirib
keling, deb iltimos qildi. U vaqtlarda mashina juda kam, ot-ulov xo‘jalik ishi
bilan band edi. Men piyoda yo‘lga chiqdim. Yog‘ib turgan qor pardasi ostida uch-
to‘rt g‘amgin chordevorlar ko‘rindi. Ulardan narida qurib qolgan bir hovuz ham
bor. Shunga yetsam, yo‘lning yarmi qoladi. Atrof biyday dala. Bir vaqt yo‘lning
chap tomonida qandaydir sharpa sezganday bo‘ldim. Durustroq qarasam, mendan
yuz qadamcha narida ikkita kulrang jonivor turibdi. Men avval ularni it deb
o‘yladim. Shu atrofda yoyilib yurgan qo‘y qo‘rasi bordir deb, yon-verimga
alangladim. Lekin ko‘z ilg‘aydigan joyda bironta qo‘y yoki poda ko‘rinmas edi.
Biri cho‘nqayib olgan, ikkinchisi tikka turgan va meni sergaklanib kuzatayotgan
haligi kulrang jonivorlar it emas edi. Men ularning bo‘ri ekanligini tushundim-u,
etim junjikib ketdi. Bir lahza o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Keyin sal hushimni
yig‘ishtirib qarasam, oyoqlarim go‘yo o‘zo‘zidan yurib ketyapti. To‘xtashga ham,
jadallashga ham, avzoyimni o‘zgartirishga ham jur’at yo‘q. To‘g‘riga qarab
avvalgiday yurib ketyapman-u, butun vujudim bilan bo‘rilar tomonga quloq
solaman. Menga qarab kelishsa, shitiri eshitiladi-ku, deyman. Kishining
qo‘rqqanini sezsa, jur’atsiz kuchuk ham hujum qiladi, men buni yaxshi bilardim.
Shuning uchun yuragim vahimadan uvushib ketayotgan bo‘lsa ham, boyagiday
shoshilmay, bo‘rilarni ko‘rmaganday bir maromda yurib borardim. (P. Qodirov)
Mashqlarni to`liq bajaring va javobini uzating.