O`zbekiston tarixi Davlat muzeyi o`tmishi haqida bir necha so`z.
O`zbekiston tarixi Davlat muzeyi Turkistonning mashhur olimlari va jamoat arboblarining xarakati bilan va bevosita rahbarligi hamda yordamida 1876 yilda tashkil etilgan. O`zbekiston va umuman butun Turkiston yodgorliklari ko`pdan buyon olimlarning diqqatini o`ziga jalb qilib kelardi. X1X asr davomida osori atiqalar ustida arxeologik kuzatishlar, qidiruv ishlari olib borildi. Bu sohada P.I.Lerx, N.I. Veselovskiy, V.A. Jukovskiy, E.T.Smirnovlar to`plagan materiallar O`zbekistonning qadimiy yodgorliklarini isobga olish, ta’riflash va tekshirish ilmiy muassasalari: rus arxeologiya jamiyati Sharq bo`limi, shuningdek, 1903 yil aprelda tashkil qilingan O`rta va Sharqiy Osiyo tarixiy, arxeologiya, lingvistika va etnografiya jamiyatlarining qimmatbaho materiallari hamda rus havaskor kolleksiyachilari: Barshchevskiy, Vyatkin, Dobrosmqslov, Kalstalskiy, Komarov, Petrov-Borzna, Paslovskiy, Stolyarov, Terentev, Trofimov va boshqalar to`plagan ko`pdan ko`p ajoyib materiallar bu muzeyning asosiy fondlarini tashkil etadi.
Muzeyni tashkil qilishda A.P.Fedchenko faol ishtirok etgan. U tabiiyot antrapologiya va etnografiyaga oid bo`lgan ko`pgina materiallarni to`plagan. Bu materiallar dastlabki eksponat sifatida muzeyga qo`yilgan. Fedchenko vafotidan so`ng bu ishga N.A.Seversov, I.V.Mushketov, V.F.Oshanin kabi mashhur rus olimlari katta hissa qo`shdilar. Bu borada birinchi mahalliy arxeologlardan Akrom polvon Asqarovning xizmatlari ham kattadir. Akrom polvon o`zi to`plagan juda ko`p yodgorliklar - faqat tanga-chaqalardan iborat 15 mingdan ortiqroq bo`lgan miqdordagi kolleksiyani mana shu muzeyga topshirgan va uning fondlarini ancha boyitgan.
Umuman bu muzeyning ochilishi va uning faoliyati o`lkaning madaniy hayotida muhim voqea bo`ldi. Muzey eksponatlari xalqaro ko`rgazmalarda namoyish qilindi, unda tuzilgan kataloglar esa hozircha o`z ahamiyatini yo`qotgan emas. Asrimizning boshlarida, ya’ni 20-yillardan keyin bu muzey haqiqiy ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasa bo`lib qoldi. Muzey jamoasi O`zbekiston xalqlarining qadim zamonlardan buyongi tarixini o`rganish yuzasidan ilmiy tekshirish ishlarini olib borilmoqda. Muzey fondlari etnografik ilmiy safarlarning materiallari bilan doimiy ravishda boyitilmoqda.
Hozirgi vaqtda muzeyda 40 mingdan ortiq arxeologiyaga oid eksponatlar, 44 ming qadimgi pul nusxalari, 10 mingdan ortiq turli-tuman etnografiyaga oid buyumlar, 2000 dan ortiq noyob yodgorlik buyumlari mavjud. Muzey fondidagi materiallar orasida Turkmaniston, Tojikiston va Qirg`iston tarixiga taalluqli ma’lumotlar ham ko`plab uchraydi. Muzeyga asosan materiallarning asl nusxalari, shuningdek, maketlar, badiiy va grafik tasvirlar, chizmalar, diagrammalar, rasmlar qo`yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |