16-modda. Kelishuv komissiyasi
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Qonunchilik palatasida kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi tashabbus Qonunchilik palatasi Spikeridan, shuningdek fraksiyalardan chiqishi mumkin.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan ko‘rsatilgan tarkibi uning majlisida tasdiqlanadi. Bunda kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan ko‘rsatilgan tarkibiga o‘zini muxolifat deb e’lon qilgan fraksiyalarning vakillari kiritilishi shart.
Kelishuv komissiyasining har bir palatadan saylangan a’zolari o‘z tarkibidan ko‘pchilik ovoz bilan komissiyaning hamraislarini saylaydilar.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir e’tirozini alohida-alohida ko‘rib chiqadi.
Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Qaror, agar komissiyaning har bir palatadan saylangan a’zolarining ko‘pchiligi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi.
Kelishuv komissiyasi o‘z ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Xulosaga qonunga doir o‘zgartishlar va qo‘shimchalar loyihasining matni ilova qilinadi.
Xulosa Qonunchilik palatasi va Senatdan saylangan kelishuv komissiyasining hamraislari tomonidan imzolanib, tegishincha Qonunchilik palatasi va Senatga topshiriladi.
Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Qonunni qayta ko‘rib chiqishda kelishuv komissiyasining bayonnomasida mavjud bo‘lgan takliflargina muhokama qilinadi.
Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun palata tomonidan ma’qullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi qonunni kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilsa, u ma’qullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar kelishuv komissiyasining qonun bo‘yicha ishlari yakunlariga ko‘ra kelishuvga erishilmasa, qonun Senat tomonidan rad etilgan qonun sifatida qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYAVIY QONUNI
Do'stlaringiz bilan baham: |