2.2. Oʻzbekiston hududi ibtidoiy jamoa tuzumi davrida
Ibtidoiy jamiyat odamlarning yashash tarzi, jismoniy va aqliy tuzilishi, ular tomonidan yasalgan mehnat qurollarining turi va materialiga koʻra bir qancha davrlarga boʻlinadi. Kishilik tarixining ilk bosqichi hisoblangan bu uzoq oʻtmish bir necha million- yillar davom etgan. Bu davrda ming- yilliklar osha ibtidoiy odam nihoyatda sekinlik bilan kamol topib, hozirgi zamon odami qiyofasiga kirgan. Uning mehnat qurollari, asosan, toshdan yasalgani bois odamzod oʻtmishining bu ilk bosqichi fanda "tosh davri" yoki "ibtidoiy toʻda" davri deb yuritildi.
Paleolit. Bu bosqich oʻz navbatida 3 pogʻonaga boʻlinadi. Ilk paleolit, oʻrta paleolit, quyi paleolit.
Ilk paleolit (Ibtidoiy toʻda davrining boshlanish). Bu davr mil. avv. 1- million yildan to 100- mingyilliklarni oʻz ichiga oladi. Hozirgi Oʻzbekiston yerlarining tabiati kishilik tarixini ilk bosqichlaridayoq bu yerlarda ibtidoiy odamzod toʻdalarining yashashi uchun qulay boʻlgan O‘rta Osiyo hududlarida bundan qariyib 1 million yil muqaddam ibtidoiy odamlar yashagan.
Kishilikning ibtidoiy toʻda bosqichida odamlar tabiiy sharoit taqozosi bilan yirtqich hayvonlar xavfi tufayli toʻda-toʻda boʻlib yashashga majbur edi. Ov vaqtida yolgʻiz hayvonga koʻpchilik boʻlib ov qilganlar. Ibtidoiy toʻda davrida odamlar oʻrtasida oilaviy aloqalar hali aniq tartibga tushmagan. Markaziy Osiyoda yashagan ibtidoiy odamlar fanda sinantron nomi bilan ataladi. Ilk paleolit odamlari ov qilish, terib-termachlab ozuqa topish uchun toshdan, sulkdan, daraxt shoxlaridan turli mehnat qurollari yasaganlar. Shu tufayli ular “Homohobilis” – “bilagʻon odam” deyiladi.
Oʻzbekiston hududida ilk paleolit davri odamlari yashagan manzilgohlar Fargʻona vodiysining Soʻx tumanidagi Selungʻur gʻoridan va Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinidagi Koʻlbuloq makonidan topilgan va oʻrganilgan. Bu davr ibtidoiy odamlarining suyak qoldiqlari (bosh suyagining bir boʻlagi, yelka suyagi va oʻndan ortiq tishlari) arxeolog Oʻ. Aslonov tomonidan Selungʻur gʻoridan topilgan. Fanda unga “Fergantron” (“Fargʻona odami”) shartli nom berilgan. Selungʻurdagi topilmalar va ularni oʻrganish yer yuzida odamzodning paydo boʻlish muammosi yechimiga qoʻshilgan ulkan hissa boʻldi. Endilikda Markaziy Osiyo ibtidoiy odamzod ilk paydo boʻlgan joylar qatoriga kiritildi.
Arxeolog M. Qosimov rahbarligida Koʻlbuloq makoni tadqiq etilib, uning ashel davriga oid 22 ta, mustye davriga oid 24 ta qatlam oʻrganildi. Koʻlbuloq topilmalari (tosh qurollar, hayvon va parranda suyaklari, oʻsimlik qoldiqlari va x.k.) ibtidoiy odam toʻdalarining mashaqqatli hayoti, tosh qurollar yasash texnikasi bu yerlarning tabiati hamda ibtidoiy ovchi va termogilarning turmushda sodir boʻlgan tadrijiy siljishlarni aniqlash imkonini berdi.
Shunday qilib, qadimgi odamlarning mashgʻulotlari terib ozuqa topish, hayvonlarni ovlash, tosh qurollar yasash va ularni mukammallashtirishdan iborat boʻlgan. Mana shundan mehnat jarayonida odamlarning oʻzlari ham oʻzgarib, takomillashib borgan.
Oʻrta paleolit (m.av. 100- mingyillik – 40- mingyilliklar) Ibtidoiy toʻda davrining soʻngi bosqichi arxeologiya fani davriy tizimida Mustye madaniyati deb yuritiladi. Bu davrda yashagan ajdodlar esa ibtidoiy odam shajarasida neandertal nomi bilan fanga kiritilgan. Hozirgi vaqtda Oʻrta Osiyoda neandertal zamondoshlari yashagan makonlar 90 dan ortiq joyda uchratilgan. Toshkent viloyatida Obirahmat gʻori, Xoʻjakent, Poltov, Koʻlbuloq makoni, Samarqand viloyatida Omonqoʻton gʻori, Qoʻtirbuloq, Zirabuloq, Novoiy viloyatida Uchtutda topilgan va tadqiq qilingan.
Teshiktosh gʻoridan topilgan neandertal odamning suyak qoldiqlari fan olamida jiddiy kashfiyot boʻldi. Odam suyaklari atrofiga terib chiqilgan arxar va Buxoro bugʻusi shoxlarining topilishi odamni dafn qilish marosimining ibtidoiy koʻrinishlari bilan bogʻliq.
Xullas, Oʻrta paleolit davrida odamlar olov chiqarishni, gulxanlar yoqib, sovuqdan va xavf-xatardan saqlanishni, goʻshtni oʻtda pishirib iste'mol qilishni bilib olganlar. Dastlabki diniy e'tiqod paydo boʻlgan.
Soʻnggi paleolit. Mil.avv. 40- mingyildan to 12- mingyilliklargacha davom etgan. Bu davrda hozirgi zamon odami (kromanyon) shakllandi. Oʻsha davr odamlari fanda “Homo-sapines” – idrokli odam deb nomlangan. Mehnat qurollari takomillashdi, tosh bilan birga suyak va yogʻochdan ham foydalanildi. Odamlar bu davrda faqat gʻorlarda emas, balki tekisliklarda ham makon qura boshlaganlar.
Ona tomonidan urugʻdoshlik mustahkamlanib matrearxat paydo boʻldi. Tasviriy va amaliy san'atning ibtidosi ham oʻsha davrdan boshlandi. Hozirgi kunda Oʻrta Osiyoda bu davrga mansub 30dan ortiq yodgorliklar topib oʻrganilgan. Ular orasida ayniqsa Samarqand makoni, Toshkent viloyatida Oqtosh makoni va Koʻlbuloq topilmalari muhim.
Soʻnggi paleolit bosqichida muzlik davri tugab, iqlim issiqlash boshladi. Oʻsimlik va hayvonot dunyosi ham asta-sekin hozirgi qiyofaga kirdi.
Mezolit – oʻrta tosh davr (mil.av. 12-7- mingyilliklar) ham deyiladi. Mezolitda oʻq-yoy kashf etilgan va bu oʻsha davr odamlari hayotida buyuk burilish boʻldi, chunki ovdan keladigan oziq-ovqat hajmi ortdi. Tosh qurollar va ularni yasash takomillashdi, hayvonlarni qoʻlga oʻrgatish boshlandi. Mezolit davrida g`orlar devoriga oʻyib chizilgan yoki rangli boʻyoqlar bilan tasvirlangan ibtidoiy san'at paydo boʻldi.
Oʻzbekistonda shu davr manzilgohlari ichida Obishir gʻori xilma-xil mayda tosh qurollari bilan ajralib turadi. Bu davrga oid bir qancha yodgorliklar Toshkent atrofida Qoʻshilish (Boʻzsuv yoqasida), Surxandaryoda Machay gʻorida oʻrganildi.
Neolit – yangi tosh davri (mil.avv. 6-4- mingyillik)dir. Neolit odamlari tosh qurollarni yasashda yangi usullar – silliqlash, parmalash, arralash usullarini ixtiro etadilar. Bu davrda mikrolit qurollar yasash takomillashdi. Ovchi jamoalar endilikda yertoʻla, chayla yoki kapalar qurib ba’zan guvalalardan kulbalar bino qilib, oʻtroq hayot kechirishga oʻtadilar. Bu joylarda neolit davrining ilk qishloqlari qad koʻtargan. Oʻtroq turmush tarzining qaror topishi bilan dehqonchilik va chorvachilik vujudga keldi. Kulolchilik kashf qilindi. Jundan ip yigirish, mato toʻqish va tikuvchilik ixtiro qilindi.
Mil. av. 4-3- mingyillikda hozirgi Oʻzbekiston hududida (Xorazm va Buxoro vohasi) Kaltaminor madaniyatiga mansub ovchi va baliqchilar yashagan. Bu madaniyatning eng nodir va muhim yodgorligi Jonbosqal’a IV makoni va Tolstov manzilgohlaridir.
Eneolit – mil.avv. 4-3 mingyilliklarda tosh davri tugab, eneolit (mis tosh) davri boshlandi. Bu davrda tosh bilan birga, metaldan, ya’ni dastavval misdan qurol yasashga oʻtildi. Biroq mis tarkiban yumshoq va moʻrt metall boʻlgani sababli mehnat va ov qurollarining aksariyati hamon toshdan ishlanar edi. Bu davr arxeologik yodgorliklari Zarafshon quyi oqimida “Kaptarning qumi", shuningdek, Nomozgohtepa (Turkmaniston) kabilarda oʻrganilgan.
Bronza davri. Bu davr Oʻzbekiston yerlarida mil.av. 3- mingyillik oxiri – 2- mingyillikka toʻgʻri keladi. Mis, qalay va qoʻrgʻoshin qorishmasidan bronza (jez) kashf etildi. Natijada mehnat qurollarining turi koʻpaydi, Bronzadan keskin tigʻli qurol yarogʻlar, roʻzgʻor va kosmetika (pardoz) buyumlari, ma’budalar, naqshdor muhrlar yasala boshlandi. Ot, eshak, tuya va xoʻkizdan transport vositasi sifatida foydalanildi, hayvonlarga qoʻshiladigan aravalar vujudga keldi va gʻildirak kashf etildi. Birinchi mehnat taqsimoti dehqonchilikdan chorvachilik ajralib chiqdi. Bronza davri manzilgohlari Sopolitepa, Sarazm, Zomonbobo kabilardir.
Temir davri. Temir davri yodgorliklari Oʻzbekiston yerlarida mil.avv. IX-VI asrlar va undan keyingi davrlarga oid. Ular Xorazm, Baqtriya, Sugʻd, Choch yerlarida va Fargʻona vodiysida oʻrganilgan. Temirdan xoʻjalik hamda qurol yarogʻlar yasashda keng koʻlamda foydalanila boshlandi. Dehqonchilik maydonlari kengaydi va sugʻorish inshootlari qurish rivojlandi. Chorvachilik ham oʻsdi. Bu davrga kelib hunarmandchilik dehqonchilikdan ajralib chiqdi. Mehnat unumdorligi oʻsishi bilan qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarila boshlandi. Bu esa ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishiga olib keldi. Temir va poʻlatdan yasalgan buyumlardan keng miqyosda foydalanish qishloqlar taraqqiyotiga ham samarali ta’sir koʻrsatdi.
Qishloqlar murakkab mudofaa inshootli qal'alarga aylantirib mustahkamlandi. Bindixontepa, Kuchuktepa, Qiziltepa, Talashqontepa va boshqa yodgorliklar shular jumlasidandir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston qadimgi shahar sivilizatsiyasi ilk bor shakllangan hududga kiradi. Bunga Sopolitepa va Jarqoʻton topilmalari misol boʻla oladi.
Dastlabki sivilizatsiya ma’lum darajada til va yozuvlar bilan bogʻliq. Yozuv madaniyatining eng qadimgi oʻchoqlari Misr, Mesopotamiya, Old Osiyodir. Markaziy Osiyoda ham yozuv mil.avv. I-mingyilliklarda paydo boʻlgan. Yozuv yaratish harakatlarining dastlabki qadamlarini xalqamizdagi qoyatoshlarga ishlangan ajoyib suratlarda koʻramiz. Bundan 2,5 mingyil avval yurtimiz xalqlari ilk bor chizma belgilarda nutq tovushini ifodalovchi (fonetik) yozuv tajribasini yarata boshlagan. Bu harakat axmoniylar davrida ma’lum bir yozuvga aylangan. Mutaxassis olimlar mil. av. V-III asrlarda oramiy yozuvlari tajribasi asosida Soʻgʻd, Xorazm, Baxtar, Parfiya kabi oʻlkalarda mahalliy tillarni ifodalashga moʻljallangan yangi yozuvlar yaratildi, deb ta’kidlaydilar. Bular fonetik ifoda jihatdan oromiydan farq qiluvchi mustaqil yozuv tizimlari boʻlgan. Mil. avv. IV-III asrlarda, shuningdek, Yunon imlosi ham ishlatilgan. Ajdodlarimiz turkiy-run (Urxun-Enasoy), uygʻur, soʻgʻd yozuvlarini qoʻllaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |