179. Hamza, Fitrat faoliyati va milliy pedagogik merosi
XX asr boshidagi o‘zbek milliy uyg‘onish davri adabiyotining yetakchi siymolaridan biri Abdurauf Fitrat ko‘hna ilm-fan markazlaridan bo‘lmish Buxoro shahrida 1886-yilda tavallud topgan.
Mir Arab madrasasida o'qidi. Turkiyaning Istambul dorilfununidagi to‘rt yillik (1909—1913) tahsil Abdurauf dunyoqarashining shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
“Yosh buxoroliklar”ning siyosiy kurashlaridagi faol ishtirok, maorifni isloh etish, jadidchilik harakatlaridagi jiddiy izlanishlar tufayli tug'ilgan savollarga bu mamlakatning zamonaviy kechmishlaridan javoblar qidirdi.
Fitrat 1917-yil fevral inqilobidan keyin siyosiy harakatlarga yana-da faolroq aralasha boshlaydi. Buxoro jadidlarining «Yosh buxoroliklar» firqasiga sarkotib bo‘lib saylanadi. Samarqandda chop etiladigan «Hurriyat» gazetasida o‘zining o‘tkir maqolalari bilan ketma-ket chiqishlar qiladi. Fitrat 1917-1918-yillar oralig‘ida bu gazetaga bosh muharrir ham bo‘ladi.
Fitrat 1918-yilda Toshkentda «Chig‘atoy gurungi» deb nomlangan ilmiy-ma’rifiy jamiyatni tashkil etadi.
1920-yil oxirlarida Fitrat o‘zining sadoqatli do‘sti Fayzulla Xo‘jayevning taklifi bilan Buxoroga qaytadi. Unga F.Xo‘jayev boshchiligidagi Buxoro hukumatining yirik lavozimlari ishonib topshiriladi.
Fayzulla Xo‘jayevning ko‘magi bilan adib Moskvaga ketadi va 1923-1924-yillarda Sharq tillari institutida mehnat qiladi. Shuningdek, hozirgi Sankt-Peterburg universitetining Sharq fakultetida sharq xalqlari tili, adabiyoti, madaniyatidan ma’ruzalar o‘qiydi, professorlik unvoniga ega bo‘ladi.
Vaqtli matbuotda, ketma-ket uyushtirilgan turli majlislarda Fitrat «millatchi», «turkparast», «islomparast», hatto «g‘arbning josusi» sifatida qoralandi, unga kurakda turmaydigan ayblovlar taqaldi.
1937-yilning 24-aprelida u qamoqqa olindi.
Tergovning biror bir qonuniy talablariga amal qilinmay o‘tkazilgan so‘roq-savollardan so‘ng, Abdurauf Fitrat «xalq dushmani» sifatida ayblanib, 1938-yilning 4-oktabrida Toshkentda otib o‘ldirildi.
Fitrat 1909-yilda dastlabki yirik asarini e’lon qiladi. Bu Istanbulda chop etilgan «Munozara» kitobi edi.
Mazkur asarning to‘liq nomi «Hindistonda bir farangi ila buxorolik mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘an munozarasi» bo‘lib, u fors tilida yaratilgan.
Shundan so‘ng 1911-1912-yillarda birin-ketin uning forsiy tilda yozilgan she’rlari to‘plami - «Sayha» («Na’ra»), nasriy asari -«Hind sayyohi qissasi» («Bayonoti sayyohi hindi») bosilib chiqadi.
O‘sha yillari Turkiya yoshlari orasida avj olgan hurfikrlilik Fitratga ham kuchli ta’sir etgani, u uzoqda turib, ona yurti Buxoroning ayanchli ahvoliga qanchalar achingani mazkur asarlarda o‘zifodasini topdi.
1912-yil “Hind sayyohi bayonoti”
1915-yil “Rahbari najot” darslik
1916-yil “Oila” darslik
1916-yil “Begijon”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim”
1917-yil “O’qu” darslik
1918-yil “Temur sag’anasi”
1920-yil “O’g’uzxon” drama
1920-yil “Chin sevish” drama
1923-yil “Hind ixtilolchilari” drama
1924-yil “Abulfayzxon” 1-o’zbek tragediyasi.Moskvada chop etilgan
1924-yil – “Shaytonning tangriga isyoni” drama
1926-yil “Arslon” drama
1926-yil “Adabiyot qoidalari” qo’llanma
1927-yil “Vose’ qo’zg’oloni” drama
1928-yil “O’zbek adabiyoti namunalari”
1936-yil “Aruz haqida”
“Amir Olimxon” risola
“O’zbek tili qoidalari to’g’risida bir tajriba: Sarf (1-kitob), Nahv (2-kitob)”
Ma’naviyat» nashriyoti tomonidan 2000-yilda Fitratning 2 jildlik «Tanlangan asarlar» to‘plami chop etildi.
Bugun Fitrat nomida Respublikamizning barcha viloyatlarida ko‘chalar bor. Buxoroda uning yodgorlik muzeyi ochilgan, xiyobon barpo etilgan.
Abdurauf Fitratga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti va «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berilgan.
1920-yilda yozilgan.
Mirrix — Mars sayyorasi Shamsiy (Quyosh) yil hisobida Hamal (Mart) oyining homiy sayyorasi hisoblanadi. Bu oyning unsuri -xos belgisi — olovdir.
Shoir o‘z o‘lkasida bo‘lib o‘tayotgan xunrezliklar ko‘lamini urg‘ulab ifodalamoq uchun uni jang-u jadallar makoni - Mirrix (qonday qizil sayyora!) bag‘ridagi hodisalarga qiyoslaydi.
Fitrat «Mirrix yulduziga» she’rida o‘zimizdan chiqqan sotqinlar -yurtfurushlarni ham dadil fosh qiladi. Kelgindi hukumat qutqusiga – va’dalariga uchib, o‘z millati va xalqini bosqinchilarga ipsiz bog‘lab berishdan toymagan, «qorin-qursoq yo‘lida elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar» shoirning o‘tli nafratiga duchor bo‘ladilar. Ular el-u yurtni o‘zgalarga sotish bilan «borin-yo‘g‘in» - imonin, vijdonin, millatin sotdilar.
180. O’zbekiston Respublikasida mustaqillikning e’lon qilinishi va ta’lim tizimidagi islohotlar
SSSR tanazzulga uchragach, O'zbekiston rahbariyati davlat mustaqilligini to'la o'z qo'liga olishga kirishdi.1991— yil 25-avgustda O'zbekiston Prezidentining farmoni e'lon qilindi. Farmonga binoan, Respublika ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi Qo'mitasi O'zbekiston SSRning qonuniy tasarmfiga olindi. Respublika hududida joylashgan SSSR ichki ishlar vazirligining ichki qo'shinlari bevosita O'zbekiston Prezidentiga bo'ysundirildi. Respublika ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik Qo'mitasi, prokuraturasi va adliya organlari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo'sbinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qo'shilmalari partiyadan butunlay xalos qilindi.
O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov Oliy Kengash Rayosa-tiga juda qisqa muddatda respublikaning davlat mustaqilligi to'g'risidagi qonun loyihasini tayyorlash va uni Oliy Kengashning navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etishni taklif qildi. Oliy Kengash 1991— yil 26-avgust kuni O'zbekistonning davlat mustaqilligi to'g'risida qonun loyihasini tayyorlash haqida va 31-avgustda Oliy Kengashning navbatdan tashqari VI sessiyasini cha-qirishga qaror qildi.
1991— yil 28-avgust kuni O'zbekiston Kompartiyasi MQ va Markaziy nazorat komissiyasining qo'shma plenumi bo'lib o'tdi. Plenumda Prezident I.Karimovning SSSRda 19-21-avgust kunlari sodir bo'lgan fojiali voqealar va respublika partiya tashkilotlarining vazifalari to'g'risidagi axboroti tinglandi va muhokama qilindi. Plenum Respublika Kompartiyasining KPSS MQ bilan har qanday aloqalarni to'xtatishga, KPSSning barcha tuzilmalaridan chiqishga, uning markaziy organlaridagi o'z vakillarini chaqirib olishga qaror qildi.
1991— yil 31-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari tarixiy oltinchi sessiyasi bo'lib o'tdi. Sessiyada O'zbekiston Prezidenti I.Karimov nutq so'zlab, sobiq Ittifoqda so'ngi paytlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealarni, davlat to'ntarishiga urinish oqibatlarini tahlil qilib, ular O'zbekiston taqdiriga, xalqimiz tarixiga bevosita daxldor ekanligini har tomonlama asoslab berdi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda, O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qildi va uni mustaqillik to'g'risidagi qonun bilan mustahkamlashni taklif qildi.
Sessiyada "O'zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to'g'risidagi Oliy Kengash Bayonoti" qabul qilindi. Bayonotda bunday deyilgan edi:
"Mustaqillik deklaratsiyasini amalga oshira borib, O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi O'zbekistonning Davlat mustaqilligini va ozod suveren davlat - O'zbekiston Respublikasi tashkil etilganligini tantanali ravishda e'lon qiladi".
Oliy Kengash sessiyasida "O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qilish to'g'risida" qaror qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |