39-§. BUYUK IPAK YO‘LI — TARAQQIYOT YO‘LI
Aytish mumkinki, ayni shu uchrashuv Buyuk Ipak yo‘lini tiklash borasidagi dastlabki amaliy qadam bo‘ldi. Darvoqe, tarixda Mashriqdan Mag‘ribga, Mag‘ribdan Mashriqqa o‘tgan yo‘llar ko‘p bo‘lgan. Ular muayyan sabablarga ko‘ra turlicha nomlangan. Jumladan, «Lazurit yo‘li», keyinroq «Shoh yo‘li», «Buyuk Ipak yo‘li»... Bugun esa — TRASEKA deb atalmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov 1998-yil 8-sentabr kuni Ozarbayjon poytaxtida ish boshlagan Buyuk Ipak yo‘lini tiklashga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
1996-yili Seraxsda Markaziy Osiyo bilan Eron temir yo‘l tarmoqlarning tutashtirilgani TRASEKA loyihasini amalga oshirishda dastlabki katta ishlardan biri bo‘lgan edi. Xuddi o‘sha, 1996-yil 13-may kuni O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro erkin tranzit to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Buyog‘i Yaponiyadan to Adriatika dengiziga qadar cho‘zilgan ushbu qadim karvon yo‘lining muhim bo‘lagidan foydalanishni boshlagan respublikalarning sarf-xarajati kamayadi.
Birgina O‘zbekiston uchun mazkur shartnoma kuchga kirganidan so‘ng paxta tashishga ketadigan harajatning 12 million dollari iqtisod qilinadi. Chunki, TRASEKA shimoliy yo‘nalishga nisbatan 2 ming kilometr qisqadir. Qolaversa, mintaqa iqlimi undan yil davomida to‘xtovsiz foydalanish imkonini beradi. Masalan, O‘zbekiston o‘z paxtasini, Qozog‘iston va Rossiya orqali Ukraina portlariga yetkazish uchun tonnasiga 100 dollardan ziyod mablag‘ sarflaydi. TRASEKA orqali tashilganda esa ushbu ko‘rsatkich 55 dollarni tashkil etadi, xolos.
TRASEKA loyihasining amalga oshishi O‘zbekistonni Yevropa va Osiyo transport tarmoqlariga tutashtiribgina qolmasdan, uning eksport imkoniyatlarini oshiradi, loyihada ishtirok etuvchi mamlakatlar bilan savdo aloqalarini yanada kengaytiradi. 1996-yil Trans—Kavkaz yo‘lagi bo‘yicha O‘zbekistonga keltirilgan va olib chiqib ketilgan mahsulot hajmi salkam 140 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 1997-yili bu ko‘rsatkich 285 ming tonnaga yetdi.
Boku konferensiyasida TRASEKA loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hukumatlararo komissiyani tashkil etish, uning doimiy kotibiyatini ta’sis qilish va bosh qarorgohini Bokuda joylashtirish bo‘yicha o‘rtaga tashlangan taklif ishtirokchilar tomonidan ma’qullandi. TRASEKA loyihasini amalga oshirishda uni mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ham ishtirokchilar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi va TRASEKA banki tashkil etish takliflari bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Anjuman nihoyasida Yevropa—Kavkaz—Osiyo yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro transport to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama Bitim imzolandi. Mazkur hujjat xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishni rivojlantirsh va boshqarish transport sohasidagi huquqiy mezonlarni o‘zaro muvofiqlashtirishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, anjumanda Boku Deklaratsiyasi hamda Buyuk Ipak yo‘lini tiklashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘yicha yakuniy Kommyunike qabul qilindi.
Gruziya Respublikasi Prezidentining 1999-yil 9-martdagi Toshkentga qilgan amaliy tashrifida TRASEKA dasturini amalga oshirish bo‘yicha qator masalalar muhokama qilindi.
Birgina 1998-yili Gruziyaning Poti porti orqali qariyb 725 ming tonna yukning mamlakatimizga tashib keltirilganligining o‘ziyoq uning beqiyos ahamiyatga ega ekanidan dalolatdir. Zero, Yevropa Ittifoqi tarkibidagi deyarli barcha davlatlar mazkur loyihada bajonidil ishtirok etish istagini bildirayotgani ham bejiz emas.
1999-yil 15-mart kuni Turkiya Prezidenti Sulaymon Demirel Toshkentga keldi.
Ikki mamlakat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1992-yilda 75 million AQSH dollarini tashkil etgan edi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 275 millionga yetdi. Samarqanddagi «Sam-Kochavto» qo‘shma korxonasi iqtisodiy hamkorlik yuqori pog‘onada ekanini yana bir tasdiqlaydi. Umuman, Turkiya O‘zbekistonga eng ko‘p sarmoya kiritgan mamlakat hisoblanadi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ko‘proq e’tibor qaratadigan ayrim jihatlar ham mavjud. Masalan, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning faoliyati so‘nggi paytlarda susaydi. Muzokaralarda bunday masalalarni hal etish yuzasidan ham fikr almashildi.
1999-yil may oyida Bolgariya Prezidenti Petar Stoyanov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1999-yil 6-aprel kuni Do‘rmon qarorgohida Yaponiyaning «Kezzay Doyukay» korporativ rahbarlar uyushmasi prezidenti Koichi Minaguchi rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor berdi. 1995-yildan buyon Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi bir milliard AQSH dollaridan oshib ketdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi esa 1998-yilda 117 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 1997-yildagiga nisbatan 27 foiz ko‘p.
O‘zbekiston—Yaponiya iqtisodiy hamkorligi ulkan loyihalarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, Ko‘kdumaloq va Sho‘rtandagi neftgaz sanoati inshootlarini shular jumlasiga qo‘shish mumkin. Yaponiyaning O‘zbekistonga imtiyozli kreditlar berayotgani ham diqqatga sazovor. Ayni paytda Yaponiyaning o‘nlab firma va kompaniyalari O‘zbekistonda ana shunday turdagi kreditlar bo‘yicha ishlamoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston—Yaponiya iqtisodiy munosabatlarining rivojlanishida «Keyzay Doyukay» muhim o‘rin tutadi. Masalan, mamlakatdagi eng yirik kompaniya va korporatsiyalarning rahbar xodimlaridan tashkil topgan bu uyushma tashabbusi bilan O‘zbekiston Yaponiya hukumati imtiyozli kreditlar ajratishni ko‘zda tutadigan davlatlar sarasiga kiritilgan. Uyushmaning o‘ziga xosligi va mamlakatdagi boshqa ishbilarmonlar tashkilotlardan farqi shuki, uning a’zolari garchi yirik firma va kompaniyalar rahbari bo‘lishiga qaramay, oddiy tahlilchi-iqtisodchi sifatida ishlaydi. Ular faqat iqtidoriga qarab qabul qilinadi.
Uchrashuvda Prezident Islom Karimov mamlakatimizda chet ellik ishbilarmonlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit, O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, xorijdagi moliyaviy muassasalar bilan hamkorligi borasida so‘zladi.
«Keyzay Doyukay» delegatsiyasi rahbari 1997-yilda O‘zbekistonni ziyorat etganidan so‘ng bu yerda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. «Dunyoning ko‘plab mamlakatlari iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiy yutuqlarga erishayotgani amalga oshirayotgan islohotlaringizga ishonchimizni yanada oshiradi»,— dedi mehmon.
Yaponiya delegatsiyasi tarkibida ushbu mamlakatning sobiq davlat iqtisodiy rejalashtirish vaziri, ayni paytda parlament a’zosi Taro Aso ham bor edi. Prezidentimiz bilan uchrashuvda u Yaponiya hukumatining yangi imtiyozli kreditlari haqida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatimiz viloyatlarida telekommunikatsiya sohasini zamonaviylashtirish uchun 12,7 milliard, onalar va bolalar sog‘ligini muhofaza qilish uchun 670 million iyen miqdorida kredit ajratiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Yaponiya korporativ rahbarlar uyushmasi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan boshqa ko‘plab masalalar ham muhokama qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |